
Yevropaning aksariyat ligalarida mavsum yakunlanib, mutaxassislar o‘yinlar natijalari, futbolchilar ishtirokini tahlil qilishni boshlab yuborgan.
Fransiya futbolini yortib kelayotgan le11hdf.fr sayti Liga 1 debyutanti Abduqodir Husanovning o‘yiniga baho berdi.
O‘zbek futbolchisi o‘tgan yili yozda Belarus oliy ligasi ishtirokchisi “Energetik-BGU”dan Fransiya vitse-chempioni “Lans” safiga ko‘chib o‘tdi. 100 ming yevroga baholangan bu transfer Belarus futboli tarixida haqiqiy sensatsiya bo‘ldi.
19 yoshidayoq Liga 1 musobaqasida debyut qilgan Abduqodir Fransiya chempionatida maydonga tushgan birinchi o‘zbekistonlik o‘yinchi sifatida o‘zbek va fransuz futboli tarixiga o‘z nomini muhrladi.
Legionerimizning mavsumdagi o‘yinlarini tahlil qilgan le11hdf.fr sayti quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi:
Eng katta kamchiligi:
“Lans”ning yetakchi markaziy himoyachisi Kevin Dansoga asosiy o‘rinbosar sifatida Abduqodir Husanovga ayrim uchrashuvlarda tajriba yetishmagani yaqqol sezilib qoldi.
Yevropa Ligasi pley-offida “Frayburg”ga boy berilgan (2:3) javob o‘yinida Kevin Danso safdan chiqqani bois uning o‘rnini egallagan Husanovning eng katta kamchiligi ko‘rinib qoldi. Toshkentlik futbolchi ikkinchi qavatda muvaffaqiyatli o‘ynay olmadi. Buning oqibatida uchrashuvda dublga erishgan Ronald Sholloi Bris Samba darvozasi oldida o‘tkir vaziyatlarga ega bo‘ldi. Bu uchrashuvdan keyin Husanov Dansoning o‘rnini to‘liq yopa olmasligi bilinib qoldi.
Yutuqlari:
“Lans”ga kelganida barchaga notanish bo‘lgan yosh futbolchiga muxlislar e’tirofi va e’tiborini qozonish uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lgani yo‘q. Husanov raqibga qarshi shiddat bilan o‘ynashi, charchoq bilmasligi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi orqali muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi.
O‘zbek futbolchisi o‘z o‘yinlari bilan yaxshi tanlov bo‘lganini isbotlagan vaziyatlar ko‘p bo‘ldi. Abduqodir Husanov asosiy himoya uchligi Fakundo Medina – Kevin Danso – Jonatan Graditdan qay biri o‘yinda ishtirok eta olmasa, ularning o‘rniga maydonga tushdi.
Husanov mavsum davomida bir necha o‘yinlarda istiqboli porloq himoyachi ekanini namoyon qildi va yuqori saviyada o‘ynadi.
Abduqodir Husanovning mavsumdagi statistikasi quyidagicha ko‘rinish oldi:
1. Liga 1: 11 ta uchrashuv, 4 ta sariq kartochka
2. UYEFA Chempionlar ligasi: 2 ta uchrashuv, 1 ta sariq kartochka
3. UYEFA Yevropa ligasi: 2 ta uchrashuv.
Abduqodir Husanovning “Lans” bilan shartnomasi 2027 yilning 30 iyuniga qadar tuzilgan. Bugungi kunda 20 yoshli himoyachimizning transfer summasi 2 million yevroni tashkil qilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar