Foto: Getty Images
26 iyun kuni Yevro-2024 chempionatida guruh bosqichi yakunlanadi. Quyida turnirdagi vaziyat ko‘rib chiqiladi — E va F guruhlarida qaysi jamoalarga qanday natija kerak?
Slovakiya — Ruminiya: «kelishuv» bo‘ladimi? (21:00 / Zo‘rTV - yozib olingan holda)
Bu yerda vaziyat bir vaqtning o‘zida chalkash va oddiy. Ha, shunaqasi ham bo‘lishi mumkin. Slovaklar kutilmaganda 1-turda jasorat ko‘rsatib, guruh favoriti sanalgan Belgiyani mag‘lub etdi (1:0), keyin esa ukrainlarga yutqazdi (1:2). Ruminiya esa birinchi turda Ukrainani yirik hisobda yenggandi (3:0), ammo Belgiya bosimiga bardosh bera olmadi (0:2).
Ayni vaqtda guruhning barcha a’zolarida uchtadan ochko borligi holida Ruminiya birinchi turdagi gollari evaziga birinchi o‘rinda joylashgan.
Slovakiya bosh murabbiyi Franchesko Kalsona o‘z jamoasi so‘nggi turda g‘alaba uchun kurashishini aytgan: «Bizning o‘z futbolimiz, o‘z uslubimiz bor. Qiyin bo‘lishini bilamiz, ammo pley-offga chiqishni xohlaymiz. Biz buning uchun kurashayotganimiz faktining o‘zi — kichik mamlakat uchun katta voqea va men bundan faxrlanaman. Ruminiya bilan o‘yinda uch ochko qo‘lga kiritish uchun imkon doirasidagi barcha ishni qilamiz».
Amalda esa ikki jamoani durang ham qonqtiradi. Shu tufayli o‘yin oldidan barcha bu jamoalar o‘zaro «kelishishi» mumkinligini muhokama qilmoqda. Ukraina Belgiyaga qarshi parallel uchrashuvda yutqazsa yoki durang qayd etsa, Ruminiya va Slovakiya bu jamoani shunchaki bortdan tashqarida qoldirishi mumkin. Bunaqasi 20 yil oldin ham bo‘lgandi: Shvetsiya va Daniya shubhali 2:2 hisobini qayd etib guruhdan chiqishgan, Italiya esa pley-offsiz qolgandi.
Belgiya — Ukraina: Rebrov tavakkachilik qilishiga to‘g‘ri keladi (21:00 / Zo‘rTV )
Ukrainaga 1/8 final yo‘llanmasi faqat g‘alaba evaziga kafolatlanadi va jamoa lageridagilar «skandinavcha durang» qayd etilishi kutilayotgan Ruminiya va Slovakiya o‘yini natijasidan umid qilmasdan, faqat g‘alaba uchun maydonga chiqmoqchi.
Muhim masala: Sergey Rebrov tavakkalchilikka qo‘l urib, top-raqiblar uchun maxsus ishlangan 5-4-1 sxemasiga o‘tishga jazm etadimi? Bunda ko‘p narsa Mikolenko va Sigankovning o‘yinga qanchalik tayyor bo‘lishiga bog‘liq. «Everton» chap qanot himoyachisi hozircha turnirda biror marta maydonga tushmagan, ammo u jarohatidan tuzalib, bir necha kundan buyon umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
Yana bir intriga — Ruminiyaga qarshi juda yomon o‘yin o‘tkazgan Lunin darvozaga qaytish-qaytmasligi bo‘yicha. Trubin Slovakiya bilan o‘yinda o‘zini yaxshi ko‘rsatdi va ko‘pchilik endi uni birinchi raqam sifatida ko‘rmoqda.
Belgiya bu juftlikda so‘zsiz favorit, ammo, oldingi qator o‘yinlar ko‘rsatdiki, bu maqomning o‘zigina muvaffaqiyat garovi bo‘la olmaydi.
Gurjiston — Portugaliya: Mamardashvili uchun yana bir qiyin kecha (00:00 / Zo‘rTV)
Gurjistonliklar Turkiyaga qarshi ham, Chexiyaga qarshi ham ancha dadil o‘yin ko‘rsatdi. Va jamoa bu o‘yinlarda to‘rt ochko olishga yaqin edi. Ammo ikki o‘yinda ham so‘nggi daqiqalarda qulay vaziyatlardan foydalanilmadi: natijada turklar qarshi hujumda gol urib, ustunligini oshirdi — 3:1, chexlar bilan esa tenglik saqlanib qoldi — 1:1. Portugaliyaliklar ham Chexiya bilan o‘yinda qattiq ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi — hal qiluvchi gol faqat qo‘shimcha daqiqalarda urildi — 2:1. Turkiya esa ularga muammo tug‘dira olmadi va yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi — 0:3.
Yorqin, tajovuzkor va maqsadli o‘yini bilan Yevropa chempionatida o‘z izini qoldirayotgan Gurjiston milliy jamoasi uchinchi tur arafasida pley-offga chiqish uchun imkoniyat saqlab qolmoqda.
Bu jamoalar bungacha faqat bir marta o‘zaro o‘yin o‘tkazgan — Yevro-2008 arafasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida. O‘shanda tarkibida Ronaldu va Pepe bo‘lgan Portugaliya 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi.
Guruh masalasini allaqachon hal qilib bo‘lgan Portugaliya bilan o‘yinda ularga qarshi aralash tarkib tushishi ehtimoli yuqori. Ammo bu jamoaning ikkinchi tarkibi ham gurjistonliklarga muammo tug‘dirishi aniq. Katta ehtimol bilan, darvozabon Mamardashvilini yana bir qiyin oqshom kutmoqda.
Chexiya — Turkiya: eski tanishlar uchrashuvi (00:00 / Zo‘rTV - yozib olingan holda)
Bu jamoalar har sakkiz yilda Yevropa chempionati guruh bosqichining uchinchi turida o‘zaro uchrashadi (Yevro-2008 turniridan buyon uchinchi marta) va oldingi ikki to‘qnashuvda ham Turkiyaning qo‘li baland kelgan. Bu safar Chexiyani pley-offsiz qoldirish uchun turklarga durang ham kifoya qiladi.
Chexiyaga bu o‘yinda jamoaning asosiy to‘purari Shik yordam bera olmaydi, ammo jamoa sardori Souchek hamon safda. Uning ulkan tajribasi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
O‘yinni raqibga topshirish va mudofaaga tayanish — hozirgi Turkiya milliy jamoasiga xos emas, shunday ekan, ochiq o‘yin bo‘lishi kutilmoqda. Ochko ko‘proq kerak bo‘lgan Chexiyada imkoniyatlar bo‘lishi aniq. Gap ular taqdir sovg‘alaridan qanchalik foydalanisha olishida.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»