00:47 / 16.07.2024
356

Jahonning eng zo‘r bokschisi Terens Krouford Isroil Madrimov haqida nimalar dedi?

Jahonning eng zo‘r bokschisi Terens Krouford Isroil Madrimov haqida nimalar dedi?
Joriy yilning 3 avgust kuni Isroil Madrimov faoliyatidagi eng muhim jangni o‘tkazadi. 29 yoshli bokschimiz shu yilnin 8 mart kuni qo‘lga kiritgan WBA jahon chempionligi kamarini yengilmas bokschi Terens Krouforddan himoya qiladi.

Madrimov professional boksdagi jahon chempionligi kamarini rossiyalik Magomed Kurbanov bilan bo‘lgan jangda o‘ziniki qilib olgandi. Tajribali bokschimiz 12 raundga mo‘ljallangan chempionlik jangida ketma-ket 25 ta bahsni o‘z foydasiga hal qilgan Magomed Kurbanovni beshinchi raunddayoq nokautga uchratgan.

3 avgust kuni Los-Ajelesda bo‘ladigan nufuzli boks kechasida Isroil va Terens to‘qnashuvida WBA World Super Welter kamaridan tashqari yana bir sovrin – WBO yo‘nalishi bo‘yicha vaqtinchalik chempionlik uchun ham bahslashadi.

Uch vazn toifasidagi jahon chempioni, pound-for-pound reytingi yetakchisi, ayni paytda jahonning eng zo‘r bokschisi sifatida e’tirof etilayotgan Terens Krouford bo‘lajak raqibi Isroil Madrimov o‘ziga xos charm qo‘lqop ustasi ekanini e’tirof etdi.

- Harakatchanlik, qudrat, gabarit, chidam va nostandart harakatlar Madrimovni o‘ziga xos bokschiga aylantiradi. Mana shu fazilatlarning barchasi birga qo‘shilib, Isroilning men shu paytgacha uchrashgan jangchilardan farqli jihatini ta’minlaydi.

O‘ylashimcha, turg‘unlik hammaga har xil ta’sir qiladi. U jangchi foydasiga ishlab, uning tanasi yetarli darajada tiniqib dam olishiga xizmat qilishi mumkin. Yoki aksincha, uning ziyoniga ishlaydi. Jangchi bu jarayonda ringga chiqmagani uchun vaqt hissini yo‘qotishi mumkin.

Men uchun hammasi qanday bo‘ladi? Albatta, menda hammasi joyida
, - dedi Terens Krouford.

36 yoshli Terens Krouford ayni paytda to‘rtta chempionlik kamariga egalik qiladi va bu ro‘yxatni yanada ko‘paytirmoqchi. 2008 yildan beri professional ringda faoliyati yuritayotgan Terensni yengadigan raqib hali topilganicha yo‘q.

Krouford shu kunga qadar 40 ta jangda ishtirok etib, ularning barchasini o‘z foydasiga hal qilgan. 31 ta to‘qnashuvda raqiblarini muddatidan oldin mag‘lubiyatga uchratgan.

Terens katta ringa bir necha yengilmas charm qo‘lqop ustalarini mag‘lub etgan. Xususan, Brayan Kammings, Andrey Klimov, Yuriorkis Gamboa, Viktor Postol, Julius Indongo, Jeff Xorn, Xose Benevides, Egidijus Kavaliauskas, Errol Spes kabi yengilmas bokschilar ilk mag‘lubiyatini aynan Terens Krouforddan qabul qilib olgan.

Bundan tashqari, ajoyib zarbaga ega amerikalik charm qo‘lqop ustasi faoliyati davomida Shon Porter, Kell Bruk, Amir Xon, Feliks Diaz kabi mashhur raqiblarini ham ringdan bosh egib chiqib ketishga majbur qilgan.

Professional ringdagi faoliyatini 2018 yilda boshlagan Isroil Madrimov hisobida hozirgacha o‘nta g‘alaba (7 nokaut) va bitta durang qayd etgan.

Isroil katta ringda doim kuchli raqiblar bilan jang qilib kelmoqda. Xususan, Frank Roxas, Norberto Gonsales, Alexandro Barrera, Charli Navarro, Erik Uolker, Mishel Soro professional ringda ko‘plab janglarda tajriba to‘plagan bo‘lsa-da, o‘zbek bokschisi ustunligini tan olishga majbur bo‘lgan.

Bir necha janglar davomida yengilmas bokschi, deb hisoblangan Emmani Kalombo va Magomed Kurbanov ilk mag‘lubiyatlarini Isroil Madrimovdan qabul qilib olgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jahonning eng zo‘r bokschisi Terens Krouford Isroil Madrimov haqida nimalar dedi?