08:31 / 31.07.2024
1 020

Parijda o‘ynagan futbolchimiz Yevropaning mashhur klubiga o‘tishi kutilyapti

Parijda o‘ynagan futbolchimiz Yevropaning mashhur klubiga o‘tishi kutilyapti
O‘zbek futboli tarbiyalanuvchilari bugungi kunda dunyoning bir necha ligalarida to‘p tepmoqda va bu geografiya tobora kengayib bormoqda.

Xususan, us.soccerway.com saytining qayd etishicha, o‘zbekistonlik charm to‘p ustalaridan 70 nafardan ortig‘i Yevropa va Osiyo mamlakatlarida legioner sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, Italiya, Germaniya, Fransiya, Bangladesh, Belarus, Gruziya, Gretsiya, Gonkong, Hindiston, Indoneziya, Eron, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Laos, Latviya, Makao, Malayziya, Maldiv orollari, Mo‘g‘uliston, Rossiya, Serbiya, Singapur, Slovakiya, Tojikiston, Tailand, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Vetnam chempionatlari turli ligalarida ishtirok etmoqda ekan.

Parij shahri mezbonlik qilgan Olimpiya o‘yinlaridan keyin yana bir necha futbolchimizga xorij klublaridan xaridor chiqishi ehtimoli katta. Garchi Timur Kapadze shogirdlari guruhdan chiqa olmagan bo‘lsa-da, uchrashuvlarda ancha mazmunli o‘yin namoyish qildi, yosh o‘yinchilarimiz o‘z salohiyatini ko‘rsata oldi.

Futbolga ixtisoslashgan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan xabarlarga ko‘ra, Olimpiya o‘yinlarida uchala bahsda ham ishtirok etgan Diyor Xolmatov ham legionerga aylanish arafasida turibdi.

“Paxtakor” futbolchisiga Italiyaning “Empoli” klubi va Niderlandiyaning “Feyenoord” jamoasi qiziqish bildirayotgani aytilmoqda.

“Empoli” o‘tgan mavsumda Eldor Shomurodovning “Kalyari”si kabi A Seriyadagi joyini bazo‘r saqlab qoldi. Endi klub mutasaddilari tarkibni kuchaytirishni rejalashtirgan. Italiyaliklar avval ham Xolmatovga bir qiziqish bildirgani haqida ma’lumotlar chiqqan edi.

Manbalarning ta’kidlashicha, “Feyenoord” varianti yangi paydo bo‘ldi. O‘tgan mavsumda Niderlandiya chempionatida ikkinchi o‘rinni egallagan bu jamoa yangi mavsumda Yevropa cheipionlar ligasida qatnashishi kerak.

Ayni paytda “Feyenoord”da o‘zgarishlar bo‘lyapti. Bu birinchi navbatda bosh murabbiy Arne Slotning klubdan “Liverpul”ni boshqarishga ketgani bilan bog‘liq. Yangi bosh murabbiy Brian Priske tarkibni o‘ziga moslashtirmoqda.

Jamoani eronlik hujumkor futbolchi Alirizo Jahonbaxsh ham tark etdi. Klub mutasaddilari osiyolik o‘yinchi o‘rniga boshqa ijrochi qidirmoqda.

“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Diyor Xolmatov 2021 yildan beri “sherlar”ning asosiy tarkibida o‘ynab keladi. 22 yoshli futbolchi bugunga kelib, to‘rt karra mamlakat chempioni, O‘zbekiston Superkubogi sohibi bo‘lishga ulgurdi. “Paxtakor” safida Superliga, mamlakat kubogi va Superkubogi, Osiyo Chempionlar ligasi musobaqalarida jami 95 ta uchrashuvda ishtirok etib, beshta gol va o‘nta assist muallifi bo‘ldi.

Diyorning turli yoshdagi terma jamoalarimizdagi o‘yinlari muxlisu mutaxassislar e’tiboriga tushgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasi ustozi Srechko Katanes 2023 yilning dekabridan boshlab, Xolmatov xizmatidan foydalanib kelmoqda.

Bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan iste’dodli futbolchimiz Osiyo kubogi va 2026 yilgi jahon chempionati saralash turnirida hozirgacha beshta uchrashuvda ishtirok etdi.

Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.com portali Xolmatovni 800 ming yevroga baholamoqda. Diyorning “Paxtakor” bilan amaldagi shartnomasi shu yilning 31 dekabr kuni yakunlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Parijda o‘ynagan futbolchimiz Yevropaning mashhur klubiga o‘tishi kutilyapti