22:18 / 03.08.2024
234

Madrimov Kroufordga qarshi. O‘zbek bokschisi mutlaq jahon chempionini mag‘lub eta oladimi?

Madrimov Kroufordga qarshi. O‘zbek bokschisi mutlaq jahon chempionini mag‘lub eta oladimi?
Foto: Getty images
Parij Olimpiadasida boks bo‘yicha bahslar tobora o‘zining qizg‘in pallasiga kirayotgan bo‘lishiga qaramay, yakshanba tongida butun dunyo boks ishqibozlarining nigohi Los-Anjelesga qaratiladi. Kechaning asosiy to‘qnashuvida super yarim o‘rta vazn toifasida WBA kamari sohibi Isroil Madrimov afsonaviy Terens Krouford bilan bellashadi. 40ta bahsida 40 g‘alabaga erishgan yilning eng yaxshi bokschisiga qarshi jang oldidan Isroil faqat bitta narsani so‘rashini aytib, muhim murojaat bilan chiqdi.

Mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan raqiblar

O‘zbekiston vaqti bilan 4 avgust tongida AQSHning Los-Anjeles shahridagi 22 ming tomoshabin sig‘imiga ega «BMO Stadium» arenasida «Riyadh Season» seriyasidagi katta proffesional boks oqshomi tashkil etiladi. Kechaning markaziy jangida super yarim o‘rta vazn toifasida WBA yo‘nalishi chempioni Isroil Madrimov amerikalik Terens Krouford bilan to‘qnash keladi. Bu jangda o‘zbekistonlik 29 yoshli bokschi o‘ziga tegishli WBA kamarini himoya qiladi. Qolaversa, o‘rtaga WBO Interim kamari ham tikilgan. Shuningdek, jang g‘olibi WBC kamari da’vogariga aylanadi.

Terens Krouford «Pound-for-pound» reytingi yetakchisi hisoblanadi. U prof boksda jami 40ta jangida 40ta g‘alabaga erishgan. E’tiborlisi, 36 yoshli bokschi 31ta jangini nokaut bilan yakunlagan. Yengilmas Krouford taxallusini olgan charm qo‘lqop ustasi mutlaq jahon chempioni, WBC va WBA kamarlari egasi sanaladi.

Isroil Madrimov esa super yarim o‘rta vazn toifasida WBA kamari sohibi sanalib, professional boksdagi 10ta jangidan 9tasida g‘alabaga erishgan, faqat bitta jangda durang qayd etgan. 7ta jangni nokaut bilan yakunlagan.

Jangdan bir kun oldin, 3 avgust kuni har ikki bokschi vazn o‘lchash marosimi qatnashishdi. Unga ko‘ra, Madrimov – 69,85 kg, Krouford – 69,58 kg vaznda ekani qayd etildi.

Usikni ortda qoldirgan va yil bokschisi deb topilgan Krouford

Uchta vazn toifasidagi jahon chempioni va pound-for-pound reytingi peshqadami Terens Krouford iyun oyida ESPY talqiniga ko‘ra, yil bokschisi deb topilgandi.

Ushbu nominatsiyasida Terensdan tashqari Aleksandr Usik, Naoya Inoue va Senesa Estrada ham da’vogarlik qilayotgandi. Amerikalik 36 yoshli bokschi yengil vaznda (61,2 kg) vazn toifasida sobiq chempion sanalsa, o‘rtayarim vaznda (63,5 kg) mutlaq chempion hisoblanadi.

Jangga kim qanday yetib keldi?

Yengilmas Krouford so‘nggi marta 2023 yil iyul oyida hamyurti Errol Spensni muddatidan avval mag‘lub etgandi.

Isroil Madrimov esa shu yilning mart oyida WBA kamarini qo‘lga kiritgan. U Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi «Kingdom Arena» majmuasida o‘tgan professional boks kechasida super yarim o‘rta vaznda WBA kamari uchun rossiyalik chempion Magomed Qurbonovga (25-1-0, 13 KO) qarshi ringga ko‘tarilib, shu vaqtgacha yengilmagan raqibini mag‘lubiyatga uchratgan edi.

«Bu jang yengilmas Krouford uchun eng qiyin sinovlardan biriga aylanadi»

Los-Anjelesda o‘tadigan jang oldidan ushbu bahsni translyatsiya qiladigan DAZN telekanali promo rolik tayyorladi. Unda 29 yoshli o‘zbekistonlik va 36 yoshli amerikalik bokschilarning bu janggacha faoliyati sahnalashtirilgan.

«Krouford va Madrimov afsonaviy jangda to‘qnash kelishadi. Aminmanki, bu jang yengilmas Krouford uchun ham faoliyatidagi eng qiyin sinovlardan biriga aylanadi», - deydi Saudiya Arabistoni ko‘ngilochar ishlar ishlar bo‘yicha departament raisi va jang tashkilotchilaridan biri Turki ash-Shayx.

Usik Krouford – Madrimov jangi oldidan: «Kuchlisi g‘olib bo‘ladi»

WBA, WBO, WBC va IBO superog‘ir vazn bo‘yicha chempion Aleksandr Usik Terens Krouford va Isroil Madrimov jangi oldidan fikrlarini bildirdi.

«Los-Anjelesdagi boks oqshomida davrimizning eng zo‘r jangchilaridan biri chiqish qiladi. Bu bahsda kuchlisi g‘olib bo‘ladi. Omad, yigitlar!», - deya jangdan oldin kimning imkoniyatini yuqori ekanini aytishni istamadi ukrainalik bokschi.

«Faqat bitta narsani so‘rayman...» – Madrimov jang oldidan hakamlarni xolis bo‘lishga chaqirdi

O‘zbekistonlik bokschi faoliyatidagi eng muhim jang oldidan omma orqali hakamlardan adolatli bo‘lishni so‘radi. U AQSHda mezbon sanalmish amerikalik yulduzga qarshi jang qilayotgani, shu kuni mezbon muxlislardan tashqari, hakamlarga ham qarshi turib berishini tushunib turibdi.

«Bu jangda boksdagi eng kuchlilar – Terens Krouford va uning jamoasiga qarshi to‘qnash kelayotganimni bilaman. Shuningdek, men muxlislar va hakamlarga ham qarshi turib berishim kerak. Faqat bitta narsani so‘rayman – xolis va adolatli hakamlik», - dedi Isroil Madrimov jang oldi ommaga qilgan murojaatida.

Jangni qachon va qayerda tomosha qilamiz?

Professional boksda yilning eng muhim janglaridan biri bo‘lmish ushbu to‘qnashuv O‘zbekistonda rasman namoyish etilishi masalasi yaqin vaqtgacha so‘roq ostida qolayotgan edi.

Kuni kecha «Zo‘r TV» telekanali Isroil Madrimov va Terens Krouford o‘rtasidagi markaziy jangni namoyish etish translyatsiya huquqini qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu boks kechasi Toshkent vaqti bilan 4 avgustga o‘tar kechasi soat 01:30 da start oladi. Oqshomda jami 8 ta jang o‘tkaziladi. Madrimov va Kroufordning jangi yakshanba tongida taxminan soat 07:00-08:00 oralig‘ida to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Nafaqat Madrimov uchun, balki o‘zbek boksi uchun ham yilning eng muhim jangida hamyurtimizga omad va zafar tilab qolamiz.

Los-Anjelesdagi boks oqshomidan o‘rin olgan janglar ro‘yxati:

Ziyod Alma’yuf (5-0, 1 KO) – Mixal Bulik (6-7, 2 KO)

Stiven Nelson (19-0, 15 KO) – Markos Vaskes (20-0-1, 10 KO)

Endi Krus (3-0, 1 KO) – Antonio Moran (30-6-1, 21 KO)

David Morrel (10-0, 9 KO) – Radivoye Kalayjich (29-2, 21 KO)

Jared Anderson (17-0, 15 KO) – Martin Bakole (20-1, 15 KO)

Endi Ruis, ml. (35-2, 22 KO) – Jarrell Miller (26-1-1, 22 KO)

Isaak Krus (26-2-1, 18 KO) – Xose Valensuela (13-2, 9 KO)

Terens Krouford (40-0, 31 KO) – Isroil Madrimov (10-0-1, 7 KO).

Usmon Ibodov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Madrimov Kroufordga qarshi. O‘zbek bokschisi mutlaq jahon chempionini mag‘lub eta oladimi?