11:09 / 22.08.2024
341

“Lans” ustozi Husanov muxlislariga yoqadigan gap aytdi

“Lans” ustozi Husanov muxlislariga yoqadigan gap aytdi
O‘zbekiston terma jamoasining iqtidorli markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Yevropaning top-ligasiga borib, “Lans” jamoasi safiga qo‘shilganiga bir yil bo‘ldi.

Husanov transfer qilingan davrda “Lans” Fransiyaning vitse-chempioni maqomiga ega edi. Ligada faqat qudratli PSJdan ortda qolgan lansliklar Belarus chempionatidan hali hech kim tanimaydigan o‘zbek futbolchisini olib kelgani katta shov-shuv bo‘lgandi.

Abduqodir o‘ziga berilgan imkoniyatdan unumli foydalana oldi, deyish mumkin. Hamyurtimiz top-ligadagi debyut mavsumida asosiy tarkibda muqim o‘ringa ega bo‘lgan tajribali markaziy himoyachilar maydonga tusha olmaganida ularning o‘rinbosari sifatida o‘ynadi. O‘zi ishtirok etgan o‘yinlarning aksariyatida boshlang‘ich tarkibda harakat qildi.

Har holda Abduqodir yoshlik va tajribasizlik kabi juz’iy kamchiliklarni shiddatli o‘yini, hayiqmay harakat qilishi, mehnatkashligi bilan yopa oldi.

Fransiya chempionatidagi birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida tarixga kirgan 20 yoshli futbolchimiz o‘tgan mavsumda Liga 1 o‘yinlarida 11 marotaba maydonga tushdi. Shuningdek, UYEFAning eng nufuzli ikki musobaqasi – Chempionlar ligasi va Yevropa Ligasida ikkitadan bellashuvda qatnashdi.

Yozda “Lans” tarkibida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Birinchi navbatda, bosh murabbiy kursisini Uill Still egallaganini aytish lozim.

Asosiy hujumchi Ele Vaxi tarkibi qayta tuzilgan “Marsel”ga o‘tib ketdi. Nil Al-Eynauining “Monako”ga transferi so‘nggi pallada amalga oshmay qoldi. Ayni paytda “Lans” himoya chizig‘i yetakchisi Kevin Dansoning transferi bo‘yicha ish olib borilmoqda. Avstriya terma jamoasi himoyachisiga “Atalanta” jiddiy xaridor bo‘lyapti.

“Lans” muxlislari va hatto klub mutasaddilarini ham Kevin Danso ketadigan bo‘lsa, uning o‘rnini kim bosishi haqidagi savol qiynayapti.

Jamoa bosh murabbiyi Uill Still bu masalaga oydinlik kiritib, Danso ketgan taqdirda yangi markaziy himoyachi olish shart emasligini ta’kidladi.

- Klub rahbariyati va kadrlar bilan ishlash bo‘limi mutasaddilari xotirjam bo‘lsin. Jamoa tarkibi to‘liq shakllangan. Danso ketadigan bo‘lsa, o‘rnini ichki imkoniyatdan kelib chiqib darrov to‘ldiramiz.

Tarkibimizga “Chelsi”dan Malang Sarr kelib qo‘shildi. O‘zimizda Abduqodir Husanov bor. O‘zbek futbolchisi mavsumga to‘liq tayyor va asosiy tarkibda o‘ynashga qodir.

Bundan tashqari, markaziy himoyachi o‘rnida o‘ynay oladigan tajribali Jonatan Gradit va Fakundo Medina qatoriga Sidi Beyn, Ismaelo Ganiu kabi yoshlar olib kelingan
, - dedi Uill Still.

“Lans”ni yuqori o‘rinlarga qaytarish vazifasini olgan Uill Still jamoa tarkibidan, o‘yinchilarning darajasidan, yaratilgan sharoitlardan ko‘ngli to‘qligini, transferlar oynasi yopilgunicha kimdir boshqa klubga o‘tadigan bo‘lsa, bu jamoaga sezilarli ta’sir o‘tkazmasligini ma’lum qildi.

- Jangovar tarkibni tanlash uchun va o‘yinga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun jamoada darvozabonlardan tashqari yana 22-24 ta o‘yinchi bo‘lsa yetadi. Hozir biz yo‘qotishlar haqida emas, jamoaning hujumkorligini oshirish borasida o‘ylashimiz kerak, - dedi Uill Still.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Lans” ustozi Husanov muxlislariga yoqadigan gap aytdi