22:00 / 02.09.2024
61

Srechko Katanes: “Dunyoning har bir mamlakatida futbol rivojlanmoqda”

Srechko Katanes: “Dunyoning har bir mamlakatida futbol rivojlanmoqda”
Foto: “O‘FA”
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes Parijdagi Olimpiadada ishtirok etgan O‘zbekiston jamoasi haqida fikr bildirdi.

Yomon ishtirok etmadik. Nima yetishmagani haqida gapirish noto‘g‘ri. Men kimlargadir baho berishni yoqtirmayman. Fransiyada jamoa qanday holatda bo‘lganidan ham xabarim yo‘q. Ularning holatini bilmay turib, bir nima deyish noto‘g‘ri. O‘zbekiston jamoasi uchrashuvlarda raqibdan yomon o‘ynamadi. O‘yin sifati bo‘yicha baho beryapman. Bunday darajadagi o‘yin davomida ega bo‘linadigan 1-2 ta xavfli vaziyatni golga aylantirish kerak, xolos. Gol urmasangiz, g‘alaba qozonishning iloji yo‘q.

Olimpiada – ancha yuqori darajali musobaqa. Ayniqsa, Ispaniyadek raqib bilan bir guruhdan joy olish. Bu gapim bilan faqatgina Ispaniya kuchli edi, demoqchi emasman. Qolgan ikki jamoa ham raqobatbardosh edi. Meni O‘zbekistonda hayratga soladigan bir jihat bor. Biz o‘zimizni raqibdan ustunroq qo‘yamiz.

Masalan, Dominikan Respublikasi o‘zbeklar uchun qandaydir futboli kuchsiz, oddiy bir mamlakat, lekin Dominikan ham rivojlanmoqda va ular ham futbol o‘ynashni biladi. Biz har doim o‘zimizni ustunroq qo‘yamiz.

Dunyoning har bir mamlakatida futbol rivojlanmoqda. Barcha mamlakatlar terma jamoasini kuchaytirish maqsadida yuribdi. Jamoalar yaxshi murabbiylarni taklif etmoqda va rivojlanish yo‘lida tinmayapti. Biz har bir raqibni hurmat qilishimiz kerak. To‘g‘ri, 10—15 yil muqaddam terma jamoangiz o‘sha raqibni 10:0 yoki 7:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lishi mumkin, ammo hozir zamon o‘zgardi. Ikkinchi saralash bosqichida ham hech kim osonlikcha mag‘lub etilgani yo‘q, shuning uchun 7:0, 8:0 kabi yirik hisoblar qayd etilmadi
”, dedi Srechko Katanes “Championat.asia” saytiga bergan intervyusida.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati 3-saralash bosqichidan o‘rin olgan KXDR va Qirg‘izistonga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

KXDR bilan uchrashuv 5 sentyabr kuni “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Qirg‘izistonga qarshi uchrashuv safarda 10 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Srechko Katanes: “Dunyoning har bir mamlakatida futbol rivojlanmoqda”