13:46 / 05.09.2024
100

Shomurodovga Yevropada yana imkoniyat berishga qaror qilishdi

Shomurodovga Yevropada yana imkoniyat berishga qaror qilishdi
Eldor Shomurodov “Roma” tarkibida UYEFA tasnifidagi uch nufuzli musobaqadan biri – Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqqan futbolchilardan hisoblanadi.

Rim klubi 2021-2022 yilgi mavsumda ilk marotaba tashkil etilgan ushbu xalqaro turnirda g‘olib chiqqan ilk jamoa bo‘lgandi. Keyingi mavsumda Joze Mourino shogirdlari Yevropa ligasi finaliga chiqqan bo‘lsa-da, amalda sovrinsiz qolgandi.

Endi “Roma” Yevropa ligasini Daniele De Rossi boshchiligida qo‘lga kiritib, Chempionlar ligasi yo‘llanmasiga ega chiqishga urinib ko‘radi.

Bu mavsumdan e’tiboran, Yevropadagi xalqaro turnirlar yangicha formatda tashkil etilmoqda. Yevropa ligasining umumiy guruh bosqichida 36 ta jamoa nimchorak finalga chiqish uchun kurashadi. Jamoalar uy-safar tizimida to‘rttadan, jami sakkizta uchrashuvda maydonga tushadi.

Umumiy guruhda dastlabki sakkiz pog‘onani egallagan jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘llanma oladi. 9-24-o‘rin sohiblari nimchorak finalga chiqish uchun o‘tish uchrashuvlarida ishtirok etishiga to‘g‘ri keladi. Qolgan jamoalar musobaqani tark etadi.

“Roma” bosh murabbiyi Daniele De Rossi Yevropa ligasi umumiy guruhidagi o‘yinlarda qatnashadigan o‘yinchilar ro‘yxatini UYEFAga taqdim etdi.

Murabbiylar shtabi qaydnomaga yozgi transferlar oynasida eng oxiri bo‘lib jamoaga qo‘shib olingan yangi olingan o‘yinchilar – ispaniyalik Mario Ermoso va germaniyalik Mats Xummelsni ham kiritdi. Yosh o‘yinchi Samuel Dal tarkibga kiritilmagan bo‘lsa, 2007 yilda tug‘ilgan iste’dod egasi Buba Sangarega musobaqa qaydnomasidan joy oldi.

Quvonarli tomoni, yaqingacha Eldor Shomurodov bilan xayrlashish payida bo‘lgan “Roma” legionerimizga Yevropa miqyosidagi musobaqalarda ham imkon berishga qaror qildi. Eldorda Konferensiyalar ligasi va Yevropa ligasida o‘ynash tajribasi bor va hamyurtimiz har ikki musobaqada gollari hisobini ochib bo‘lgan.

UYEFA qoidasiga ko‘ra, qaydnomaga jami 25 nafar o‘yinchi kiritiladi va ulardan kamida ikki nafari darvozabon bo‘lishi kerak.

“Roma”ning qaydnomasi quyidagicha ko‘rinish oldi:

3-raqam: Esmoris Tasende Xose Anjelino

4-raqam: Kristante Brayan

5-raqam: Ndika Evan Obite

7-raqam: Pellegrini Lorenso

11-raqam: Dovbik Artem

12-raqam: Abdulhamid Saud

14-raqam: Shomurodov Eldor

15-raqam: Xummels Mats

16-raqam: Paredes Leandro

17-raqam: Kone Kuadio Emmanuel Boris

18-raqam: Sule Malvano Matias

19-raqam: Chelik Mexmet Zeki

21-raqam: Dibala Paulo Eksekel

22-raqam: Ermoso Kanseko Mario

23-raqam: Janluka Manchini

28-raqam: Le Fe Enso

35-raqam: Baldansi Tommazo

56-raqam: Salemakers Aleksis Jessi

59-raqam: Zalevskiy Nikola

66-raqam: Sangare Traore Abubakar

92-raqam: Stefan El-Shaaravi

98-raqam: Rayan Metyu

99-raqam: Svilar Mila

“Roma” ilk uchrashuvini 26 sentyabr kuni “Olimpiko” arenasida Ispaniya chempionati vakili Bilbaoning “Atletik” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Umumiy guruh bosqichida rimliklar Ukrainaning “Dinamo Kiyev”, Portugaliyaning “Braga”, Germaniyaning “Ayntrax” jamoalarini o‘z maydonida qabul qiladi. Shuningdek, Shvetsiyaning “Elfsborg”, Belgiyaning “Yunion”, Angliyaning “Tottenxem”, Niderlandiyaning “AZ Alkmaar” futbolchilari mehmoni bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovga Yevropada yana imkoniyat berishga qaror qilishdi