14:19 / 09.09.2024
31

Maradona: "Yangi stadion muxlislar bilan to‘lsa kerak. Taxminim 2:0 O‘zbekiston foydasiga"

Maradona: "Yangi stadion muxlislar bilan to‘lsa kerak. Taxminim 2:0 O‘zbekiston foydasiga"
Ertaga “JCH-2026” uchinchi saralash bosqichining 2-turi doirasida Bishkekda Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston milliy terma jamoalari ishtirokida muhim o‘yin o‘tkaziladi. Bu o‘z nomi bilan Markaziy Osiyo derbisi sanaladi.

Bilasiz, Qirg‘iziston chempionatida bir qator o‘zbek futbolchilari to‘p surib kelmoqdalar. Ulardan biri “OshMU Aldiyer” jamoasi sharafini himoya qilayotgan Maradona Safarov.

Ishqibozlarimiz uni yaxshi eslashadi. “Mash’al” klubi tarbiyalanuvchisi o‘tgan yildan beri Qirg‘iziston chempionatida to‘p surmoqda. Sports.uz muxbiri ertangi bahs oldidan Maradonaga ayrim savollar bilan murojaat qildi.

- Maradona, siz faoliyatingizni Qirg‘iziston chempionatida davom ettirib kelyapsiz. Ma’lumki, 10 sentyabr kuni Qirg‘iziston va O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bo‘lib o‘tadi. Qirg‘izistonda ushbu uchrashuvga e’tibor qanday?
- Qirg‘iziston o‘z tarixida birinchi bor hal qiluvchi bosqichga chiqdi. Bo‘lajak uchrashuvga e’tibor anchagina kuchli. Yangi ta’mirlangan stadion muxlislar bilan to‘lsa kerak.

- Ilk turda O‘zbekiston 1:0 hisobida yutdi. Qirg‘iziston esa shu hisobda yutqazdi. Ikkala bahsni ham ko‘rdingizmi? Qanday fikrdasiz?
- Ha, ikkala o‘yinni ham jamoamizdagilar bilan birgalikda ko‘rdik. O‘zbekiston osonroq g‘alaba qozonadi, deb taxmin qilgandik. Lekin qiyin g‘alaba bo‘ldi. Qirg‘iziston bor e’tiborini himoyaga qaratdi. Agar Kojo gol urib ketganida durang ham yaxshi natija bo‘lardi.

- Qirg‘iziston terma jamoasi qanchalik o‘zgargan deb o‘ylaysiz?
- Hozir tarkibda ko‘plab yosh yigitlar harakat qilishyapti. Tartibli himoya va tezkor qarshi hujum taktikasida o‘ynashyapti. Hozirda yaxshi jamoa shakllangan.

- Terma jamoamiz bu o‘yinda favorit. Bizga uchrashuvda nima xalaqit qilishi mumkin deb o‘ylaysiz?
- Qirg‘izlarning tartibli himoyasi. Menimcha, birinchi gol urgan jamoa yutib ketadi. O‘yinda katta hisob qayd etilmasa kerak. Taxminim 2:0 O‘zbekiston foydasiga.

- Ushbu o‘yinni qayerda ko‘rmoqchisiz? Stadiondami yoki TVdami?
- Hozir biz FIFA kunlarida jamoamiz bilan mashg‘ulot lageridamiz. O‘yinni O‘sh shahrida televizor orqali tomosha qilamiz.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maradona: "Yangi stadion muxlislar bilan to‘lsa kerak. Taxminim 2:0 O‘zbekiston foydasiga"