17:44 / 15.09.2024
198

Abbosbek Fayzullayev xavotirga sola boshladi...

Abbosbek Fayzullayev xavotirga sola boshladi...
Rossiya Premer-ligasining sakkizinchi turida Abbosbek Fayzullayev o‘ynayotgan SSKA jamoasi o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida amaldagi chempion “Zenit”dan kichik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. Piterliklarga g‘alaba keltirgan yagona gol muallifi argentinalik Lusiano Gondu bo‘ldi.

Yangi mavsumda chempionlik uchun kurashishi kutilgan “armiyachilar” dastlabki sakkiz uchrashuvdan to‘rttasida ochko yo‘qotdi. Yuqori o‘rinlar uchun kurashdagi asosiy raqibatchilari hisoblangan “Krasnodar”, “Lokomotiv” va “Zenit”ga uchtadan ochkoni tortiq qilib yubordi.

“Rostov” moskvaliklardan bir ochko tortib oldi.

Katta umidlar bilan bosh murabbiylikka olib kelingan serbiyalik Marko Nikolich shogirdlarini faqat o‘rtamiyona yoki autsayder jamoalar bilan o‘yinlarda g‘alabaga ilhomlantira oldi xolos.

“Armiyachilar”ning chempionatdagi to‘rtta g‘alabasi ham saviya jihatidan zaifroq baholanadigan “Orenburg”, “Nijniy Novgorod”, “Akron” va “Ximki” bilan o‘zaro bahslarda qo‘lga kiritdi.

Abbosbek Fayzullayevning o‘tgan mavsumda SSKAning hujum chizig‘ini o‘ziga bog‘lab olgani joriy chempionatda legionerimizning tanqid qilinishiga sabab bo‘lmoqda. Debyut mavsumidayoq ajoyib assistlari va muhim gollari bilan e’tibor qozongan 20 yoshli hujumkor futbolchimizning barqarorlikdan uzoqlashdi.

- Abbosbek Fayzullayevga savollar tug‘ilyapti. Unga nima bo‘ldi? O‘zbek legioneri yana samarali harakatlarni amalga oshira olgani yo‘q. Bu hammani xavotirga sola boshladi.

Agar o‘tgan mavsum bilan solishtirsak, pasayish yoqqol namoyon bo‘ladi: chempionat boshlanganidan beri atigi bitta golli pas, goldan esa darak yo‘q.

Abbosbekni endi SSKAning yetakchisi, deb bo‘lmaydi. Nahotki, Yevropaga ketish istagi shu darajada kuchlilik qilib, o‘ynash ishtiyoqini yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsa?
, - deb yozmoqda football24.ru sayti eksperti Yuriy Afanasev SSKAning “Zenit” bilan bo‘lgan o‘yiniga bag‘ishlangan tahliliy sharhida.

Abbosbek Fayzullayevning hozirgi holatiga turli baho berilmoqda. Legionerimizga ishonch bildirayotgan mutaxassislar ham bor. Xususan, SSKA va “Barselona”ning sobiq futbolchisi Igor Korneyev o‘zbek futbolchisining o‘yinida pasayish bo‘layotgani haqidagi fikrlarga qo‘shilmadi.

- Abbosbek Fayzullayev har doim o‘z darajasini ushlab turadi. Agar uning o‘yiniga sinchiklab nazar solsangiz, juda ko‘p funksiyalarni bajarayotgani ma’lum bo‘ladi. Shaxsan menga Abbosbek tavakkal qilishdan qo‘rqmasligi yoqadi, - dedi Igor Korneyev.

Ta’kidlash joizki, SSKA murabbiylari va muxlislari Abbosbek Fayzullayevning har bir o‘yinda raqib darvozasiga xavf solishiga ko‘nikib qolishgan. Haqiqatan ham “armiyachilar”ning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan hamyurtimizning o‘yiniga bog‘liq.

Fayzullayev tez orada yana maydondagi yetakchilik rolini qaytarib olishiga umid qilamiz. SSKA Premer-ligadagi keyingi uchrashuvini 21 sentyabr kuni “Rubin”ga qarshi o‘tkazadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abbosbek Fayzullayev xavotirga sola boshladi...