23:30 / 22.09.2024
122

Shomurodov jamoasida yana jiddiy o‘zgarish. Bu gal kim ishdan olindi?

Shomurodov jamoasida yana jiddiy o‘zgarish. Bu gal kim ishdan olindi?
“Roma” bir necha kundan beri futbol jamoatchiligi diqqat markazida turibdi. Klubning amerikalik xo‘jayinlari Den va Rayan Fridkinlar Rimga kelib, jamoa bosh murabbiyi Daniele De Rossini ishdan olib tashladi.

“Roma” afsonasining jamoa boshqaruvidagi o‘rnini hali grand klublarda ishlash tajribasiga ega bo‘lmagan xorvatiyalik mutaxassis Ivan Yurich egalladi.

Endi “Roma” matbuot xizmati bosh direktor lavozimida ishlab kelgan Lina Suluku xonim ham ishdan bo‘shatilganini rasman e’lon qildi.

- Biz Lina xonimdan klub uchun juda murakkab bo‘lgan davrda o‘zini ishga bag‘ishlab samarali faoliyat olib borgani uchun minnatdormiz va keyingi ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Klub xo‘jayinlari “Roma”ning o‘sishi va muvaffaqiyatlarga erishish g‘oyasiga doim sodiq qoladi va bu yo‘lda klubimizning o‘ziga xosligini ta’minlab turgan qadriyatlarni doimo qadrlab keladi
, - deyiladi bayonotda.

Tahlilchilar 2023 yilninga aprelidan beri bosh direktor bo‘lib kelgan yurist Lina Sulukuning boshqaruv tizimidan ketishini bosh murabbiy Daniele De Rossining ishdan olinishida uning hissasi borligi bilan bog‘lamoqda. Chunki “Roma”ning eng ashaddiy muxlislari futbolchilik davrida o‘zlarining yoqimtoylari bo‘lgan De Rossining bosh murabbiylikdan iste’foga chiqarilishini qabul qila olmayapti. Fanatlari xaligacha noroziliklarini bildirib kelmoqda.

Daniele De Rossi ish jarayonida Lina Suluku bilan ziddiyatga borgan edi. Bosh murabbiyning ishdan olinishi sabablari orasida bu epizod ham borligi quyidagi maqolada keltirib o‘tilgandi.

Ashaddiy fanatlar De Rossi ishdan haydalishida Lina Sulukuni ayblab, uni haqoratlash va tahdid qilishgacha o‘tishdi. La Repubblica nashri, Rim politsiyasi bosh direktorni himoya ostiga olishiga to‘g‘ri kelgan.

Asli gretsiyalik bo‘lgan 40 yoshli Lina Suluku ilgari voleybol o‘ynagan. Keyin huquqshunoslikka o‘qigan. U futbol va biznes sohalarida muvaffaqiyatli karyera qilgan mutaxassis hisoblanadi. Xususan, 15 yildan beri futbol ichida turli lavozimlarda ishlab keladi.

Suluku “Olimpiakos” jamoasini juda yaxshi boshqargani ortidan futbol boshqaruvida nom qozondi va qator grand klublar nazariga tushgan. Xususan, “Roma” Lina xonimni olib kelish uchun PSJ va “Fenerbahche” bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari bu mavsum “Roma” ishtirokidagi o‘yinlarni alohida e’tibor bilan kuzatib kelmoqda. Chunki O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov “Roma”da qoladigan bo‘ldi.

To‘g‘ri, legionerimizni jamoada olib qolgan Daniele De Rossi endi klubda emas. Biroq uning bosh murabbiylik kursisini egallagan Ivan Yurich ham Shomurodovning imkoniyatlarini juda yaxshi biladi. Bu mutaxassis “Torino”ni boshqargan davrda bir necha marotaba o‘zbek hujumchisini o‘z jamoasiga qo‘shib olishga harakat qilgan.

Xullas, “Roma”dagi o‘zgarishlar holi oxiriga yetmagan ko‘rinadi. Klub xo‘jayinlari jamoa oldiga kamida Yevropa Chempionlar ligasiga chiqish vazifasini qo‘ygan. Buyog‘iga nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov jamoasida yana jiddiy o‘zgarish. Bu gal kim ishdan olindi?