12:33 / 29.09.2024
9

Husanov raqibni “bo‘g‘ib” qo‘ydi! Legionerimizning o‘yini qanday baholandi?

Husanov raqibni “bo‘g‘ib” qo‘ydi! Legionerimizning o‘yini qanday baholandi?
Fransiya chempionatining oltinchi turidagi eng keskin va murosasiz bellashuvlardan biri “Lans” hamda “Nitssa” jamoalari o‘rtasida bo‘ldi.

Har ikki jamoa hujumkor o‘yin ko‘rsatishga harakat qilganiga qaramay, o‘yinda hisob ochilmadi. Bu bahsda Abduqodir Husanov boshchilik qilayotgan lansliklar himoya chizig‘i yana bexato o‘ynadi. Legionerimizning sa’y-harakatlari bilan “Lans” Liga 1 jamoalari orasida eng kam – atigi ikkita gol o‘tkazgan jamoa bo‘lib turibdi.

Uchrashuvdan keyin Fransiya futbolini yoritayotgan nufuzli manbalardan biri – le11hdf.fr portali ekspertlari odatga ko‘ra, “Lans”ning eng yaxshi o‘yinchilari va ishonchni oqlamagan futbolchilarini aniqlab, ularning o‘yinini tahlil qilib berdi.

Eng yaxshi o‘yinchilar

Bris Samba

“Lans” chempionatda to‘rtta o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolayotganida darvozabon Bris Sambaning ham xizmatlari katta. Bellashuvning 27-daqiqasida Samba “Nitssa” futbolchilarining xavfli zarbasini bartaraf etdi. 66-daqiqada esa, raqibning bosh bilan bergan zarbasini bartaraf etib, darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.

Bris Samba o‘z darvozasi oldida yuzaga kelgan vaziyatlarda bexato harakat qildi, havodagi to‘plarni egallab oldi. Bundan tashqari, uning uzoq masofaga yetkazib bergan paslaridan keyin “Lans” futbolchilari to‘rtta xavfli hujum uyushtirdi.

Abduqodir Husanov
Abduqodir Husanovning har bir uchrashuvdagi harakatlari maydoni tobora kengayib bormoqda va 20 yoshli legioner “Lans”ning himoya chizig‘ida haqiqiy yetakchi ekanini namoyish qilyapti.

O‘zbek futbolchisi himoyani mustahkam ushlab turibdi. Ayniqsa, raqibning bo‘yi baland hujumchisi Evann Gessand bilan kurashda uni bo‘g‘ib qo‘ydi.

Abduqodir o‘z hududiga yaqinlashgan raqiblar hujumini shiddatli o‘yini bilan bosib tashladi, olti marta yakkakurashga kirishib, to‘rttasida ustun keldi. Himoya markazida murakkab vaziyatlarda qanday harakat qilishda hammaga o‘rnak bo‘ldi.

Uchrashuvning oxirida hujumchilarga yordamga o‘tib, boshi bilan aniq va kuchli zarba berdi. Raqiblar to‘pni darvoza chizig‘idan qaytarib qoldi. Bir so‘z bilan aytganda, Husanov haqiqiy yetakchiga aylanib bo‘ldi.

Mbala Nzola
Ilk bor boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan Mbala Nzola jismoniy quvvati va tezligini ishga solib, raqib darvozasiga hujum uyushtirishda faollik ko‘rsatdi. Uning zarbalaridan biri “Nitssa” darvozasi ustuniga tegib qaytdi. Nzola to‘pni jamoada ushlab turish bo‘yicha ham alohida mahoratga ega ekanini namoyish qildi. Oldingi chiziqda ancha rang-baranglikni ta’minladi.

Ishonchni oqlamagan o‘yinchilar

Pshemislav Frankovski

O‘ng qanotda Ruben Agilar o‘rnini egallagan Frankovski o‘yinda jamoadoshlaridan ancha past saviyada o‘ynagani ko‘rinib qoldi. Uning harakatlari muvaffaqiyatli chiqqani yo‘q. Raqib futbolchisi Jeremi Boga polshalik o‘yinchini bir necha marta ojiz qoldirdi.

Uesli Said
Hujumdagi sherigi Mbala Nzoladan farqli ravishda kutilgan o‘yinni namoyish qila olmadi. Said mavsumni yorqin boshlagan edi. Biroq borgan sari pasayish kuzatilyapti. “Nitssa”ga qarshi bahsda to‘pga 30 marta (“Lans” futbolchilari orasida eng past ko‘rsatkich) tegindi. Jamoasi o‘yini tezligini tushirib yubordi, yaratilgan qulay vaziyatlardan foydalana olmadi.

“Lans” futbolchilariga quyidagi baho berildi: Samba (7) – Gradit (6), Husanov (6), Medina (6) – Frankovski (4), Tomasson (6), Diuf (5), Machado (5) – Fuldjini (5) – Nzola (6), Said (4).

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Husanov raqibni “bo‘g‘ib” qo‘ydi! Legionerimizning o‘yini qanday baholandi?
ePN