23:41 / 29.09.2024
131

Husanov “monstr”, men undan qo‘rqaman!

Husanov “monstr”, men undan qo‘rqaman!
Fransiyada Abduqodir Husanov ishonchli o‘yinlari bilan futbol jamoatchiligi e’tiborini qozondi. Deyarli har bir uchrashuvda “Lans”ning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida e’tirof etilayotgan legionerimiz keyingi paytda juda ko‘p muhokama qilinmoqda.

Xususan, Liga 1 doirasida “Nitssa”ga qarshi o‘tkazilgan bahsda ham Abduqodir Husanov jamoasi himoya chizig‘ini zo‘r boshqardi, raqib hujumchilariga umuman imkon bermadi va “Lans”ning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi.

“Lans” asosiy himoyachi Kevin Dansosiz ham orqa chiziqda juda tartibli o‘ynayapti. Lansliklar chempionatning oltita o‘yinida atigi ikkita to‘p o‘tkazib yubordi. Bu Liga 1 da eng yaxshi natija. Bunga erishish uchun Abduqodir Husanov juda katta miqyosdagi ishlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri kelmoqda.

“Lans”da Kevin Danso o‘rnini hech narsadan qo‘rqmaydigan yosh futbolchi egalladi. Avstriyalik tajribali o‘yinchi yo‘qligidan foydalanib, o‘zbek legioneri himoya chizig‘ida o‘z qoidalarini o‘rnatdi va raqib hujumchilarini ham unga bo‘ysundirmoqda.

“Nitssa” bilan o‘yindan keyin “Lans” bosh murabbiyi Uill Still Abduqodir Husanovning o‘yiniga “U hayratga solyapti”, deb baho berdi.

- Abduqodir xotirjam, baquvvat va juda tezkor. Kam gapiradi, lekin zo‘r ishlaydi. Boshida meni uning kuch-quvvati, jismoniy holati qoyil qoldirgandi. Men klubga kelib, Kevin Dansoning ketishini bilganimda Jan-Lui Leka menga “Xavotir olma, jamoada Abduqodir bor va u tayyor”, degandi. U hayratlanarli darajada salohiyatga ega, - dedi Uill Still.

- Husanov hali juda yosh, u faoliyatida ilk bor yuqori darajadagi o‘yinlarda muntazam ishtirok eta boshladi. Uning o‘yinlaridan hayratga tushmay qo‘ydik. Chunki mashg‘ulotlarda nimalarga qodirligini ko‘raverib, ko‘nikib qoldik.

Men hafta davomida u bilan kurashaman. To‘g‘risini aytsam, keyingi paytda mashg‘ulotlarda Husanov bilan bo‘ladigan duellardan qochib yuribman. Har qanday hujumchi uchun 90 daqiqa davomida u bilan kurashishi ancha qiyin kechadi. Husanov biz uchun muhim o‘yinchiga aylanib qoldi
, - dedi “Lans” futbolchisi Adriyen Tomasson.

- Husanov “monstr”, uni “Nitssa”ga qarshi qanday o‘ynaganini ko‘rdingizmi?... Men undan qo‘rqib qoldim. Uning yoshida bunaqa o‘ynashi odamni hayratga soladi. Bunaqa o‘yini bilan biz uni uzoq vaqt ushlab qololmasak kerak, - dedi “Lans”ga sardorlik qilayotgan darvozabon Bris Samba.

Abduqodir Husanov 2023 yilning yozidan beri “Lans” jamoasida o‘ynab kelmoqda. O‘tgan mavsumda asosan zaxira futbolchisi vazifasini bajargan legionerimiz ayni paytda boshlang‘ich tarkibdan muqim joy oldi.

Yangi mavsumda hamyurtimiz Konferensiyalar ligasida ikkita va Fransiya chempionatida oltita o‘yinda ishtirok etdi. 20 yoshli futbolchimiz bu uchrashuvlarning bir nechtasida jamoasining eng yaxshi o‘yinchisi, deb e’tirof etildi.

Husanovning “Lans” bilan shartnomasi 2027 yilning yarmigacha tuzilgan. Ayni paytda uning transfer summasi 2,5 million yevroni tashkil qilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Husanov “monstr”, men undan qo‘rqaman!