20:55 / 30.09.2024
12

Fransiyaning PSJ klubi Abduqodir Husanovni tarkibiga qo‘shib olishi kutilyapti!

Fransiyaning PSJ klubi Abduqodir Husanovni tarkibiga qo‘shib olishi kutilyapti!
Abduqodir Husanov Yevropada mashhurlik bo‘yicha tez orada Italiyada to‘rt yildan beri o‘ynayotgan tajribali hujumchimiz Eldor Shomurodovdan o‘zib ketadi.

20 yoshli markaziy himoyachi “Lans” tarkibida juda kuchli o‘yin namoyish qilmoqda. Mavsum boshidan beri deyarli har bir uchrashuvida jamoasining eng zo‘r o‘yinchisi sifatida e’tirof etilmoqda.

Legionerimiz boshqarayotgan himoya chizig‘i Fransiya chempionatida eng mustahkami hisoblanadi. Oltinchi turdan so‘ng lansliklar faqat ikkitagina to‘p o‘tkazib yuborgani qayd etilgan. “Lans” oltita o‘yindan to‘rttasida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Bunda hamyurtimizning hissasi katta.

Fransiya matbuoti ishonchli o‘yin namoyish qilib kelayotgan Abduqodir Husanov PSJ klubining nishoniga tushgani haqida yoza boshladi.

Frederik Le Ley, jeunesfooteux.com sayti eksperti:
- Kevin Danso yo‘qligida uning o‘rnini egallagan Abduqodir Husanov “Lans” himoya chizig‘ini yuqori darajada boshqara olishini isbotladi. Ayniqsa, “Nitssa”ga qarshi o‘tkazilgan oxirgi bahsda 20 yoshli futbolchi yoshligiga qaramay, ancha xotirjam o‘yini bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ilgari “Lans” himoyachilaridan faqatgina Rafael Varan shunday taassurot qoldirgandi.

Jamoa darvozaboni Bris Samba Husanov bunaqa o‘yini bilan jamoada uzoq qolmasligini ta’kidlagandi. Shunday bo‘ladiganga o‘xshaydi. Husanov Yevropaning nomdor klublari e’tiborini qozona boshladi.

Abduqodirning mavsum boshidan beri bahosi muntazam ko‘tarilib bormoqda. PSJ bu himoyachini so‘rab, “Lans” eshigini qoqishi mumkinligi haqida xabarlar tarqala boshladi. “Lans” transfer bo‘yicha jek-potni uradimi?

Tibo Morlen, le10sport.com sayti eksperti, sobiq futbolchi:
- Bredli Barkola, Dezire Due va yana kim? PSJ keyingi paytda tarkibini kuchaytirish uchun Liga 1 jamoalaridan iste’dodlarni topishga harakat qilmoqda. Poytaxtliklar Fransiya chempionatida transfer ishlarini davom ettiradi. PSJ o‘zi qidirayotgan markaziy himoyachini aynan “Lans”dan topishi mumkin.

Yozda PSJ 40 million yevro to‘lab markaziy himoyachi Villian Pachoni tarkibga qo‘shib oldi. Ular bu bilan kifoyalanmoqchi emas va bu pozitsiyaga yana bir o‘yinchi olishni mo‘ljallayapti. Chunki, Milan Shkrinyarning jamoadagi kelajagi mavhum. Shu bois, PSJ o‘ziga mos markaziy himoyachini “Lans”dan topadi. Abduqodir Husanov ham faoliyatini PSJda davom ettirishga qarshi bo‘lmasa kerak?

Faben Shorle, butfootballclub.fr jurnalisti:
- 2023 yili Belarusning “Energetik-BGU” jamoasidan “Lans”ga kelgan Abduqodir Husanovni hech kim tanimas edi. Shundan keyin u lansliklar jamoasida sekin-asta nom qozona boshladi va bugunga kelib o‘zini jamoa himoya chizig‘ining haqiqiy yetakchisi sifatida namoyon qilmoqda.

O‘zbek futbolchisi quch-quvvati, tezligi, pozitsiya tanlash qobiliyati va sezgirligi bilan “Lans” himoya chizig‘i markazidan muqim joy oldi.

Abduqodirning yuqori darajadagi o‘yini Yevropaning katta klublari nazaridan chetda qolib ketmasligi aniq. Abduqodir Husanov nimalarga qodirligini ko‘rsatgan “Nitssa” bilan o‘yindan keyin taniqli insayder Muhammad Tubash-Ter ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali o‘zbek futbolchisi yaqin orada PSJda paydo bo‘lishi haqida ma’lumot tarqatdi.

- Abduqodir Husanov PSJda o‘ynashiga aminman, - deb yozdi insayder Muhammad Tubash-Ter.

Eslatib o‘tamiz, “Lans” Abduqodir Husanovni o‘tgan yili yozda 100 ming yevro evaziga transfer qilgan edi. Bugungi kunda legionerimizning transfer summasi 2,5 million yevroni tashkil qilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, asosiy jamoaning boshlang‘ich tarkibida muntazam yuqori darajada o‘ynayotgan markaziy himoyachining transfer summasi tez orada yana ko‘tariladi.

PSJ masalasi qanchalar haqiqatga yaqin ekanini vaqt ko‘rsatadi. Biroq, Abduqodir Husanovning himoya qo‘rg‘oniga aylanib borayotgan grand klublar nazaridan chetda qolmasligi aniq masala. Yangiliklarni kutib qolamiz...

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fransiyaning PSJ klubi Abduqodir Husanovni tarkibiga qo‘shib olishi kutilyapti!
ePN