17:45 / 09.10.2024
110

Amir Gʻalenoi: "Biz dastlabki ikki uchrashuvda gol oʻtkazib yubormagan yagona jamoamiz"

Амир Ғаленои: "Биз дастлабки икки учрашувда гол ўтказиб юбормаган ягона жамоамиз"
Oʻzbekiston – Eron uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Amir Gʻalenoi ishtirok etdi. Murabbiyga futbolchi Serdar Azmun hamrohlik qildi.

"Birinchi navbatda Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanetsga salomatlik tilayman. Yana bir bor Oʻzbekistonga tashrif buyurganimdan juda mamnunman. Ertangi uchrashuv ikki jamoa uchun ham juda qiyin boʻlishi aniq. Oʻzbekiston ham, biz ham dastlabki ikki uchrashuvda yuz foizlik natija qayd etdik. Ertangi uchrashuvdagi ochkolar juda muhim boʻladi. Oʻzbekiston juda yaxshi shakllangan jamoa, ammo biz ham etarlicha tayyorgarlik koʻrganmiz va hozir yaxshi sport holatidamiz. Ertangi uchrashuvda barcha imkoniyatlarimizdan foydalanishimiz kerak, avvalgi uchrashuvlarda koʻpgina imkoniyatlarga ega boʻlgandik, lekin ularni golga aylantira olmagandik. Oʻzbekiston esa bunchalik koʻp imkoniyatlar yaratishga imkoniyat bermasligi aniq. Ertangi uchrashuvda bor imkoniyatlarimizdan foydalanamiz", – dedi Amir Gʻalenoi.

- 15 oktyabr kuniga moʻljallangan Qatarga qarshi ucharshuvning qaerda oʻtkazilishi siz uchun eng qulay variant boʻlar edi?

- Hozir faqat Oʻzbekiston haqida oʻylamoqdamiz. Bu savolga keyinroq toʻxtalib oʻtamiz. Shuningdek, Eron dunyodagi eng yaxshi va eng tinch mamlakatlardan biri ekanligini ta'kidlab oʻtmoqchiman. Oʻtgan hafta biz OChL Elit va OChL-2 musobaqalarining bir nechta uchrashuvlarini oʻz mamlakatimizda oʻtkazdik. Kecha biz Tehrondan Toshkentga etib keldik va hech qanday muammo boʻlmadi. Bu masala koʻproq OFK va FIFA tomonidan hal etilishi mumkin.

- Oʻzbekiston terma jamoasi safida Eldor Shomurodovdek tezkor hujumchi bor. Eron terma jamoasi himoya chizigʻida esa muammolar etarlicha. Rizoyan Osiyo Kubogidan keyin terma jamoaga chaqirilmayapti. Bu yigʻinga Kononiy chaqirilmadi, yagona tajribali himoyachi Shoja Holilzoda esa juda sekin. U Osiyo Kubogidagi Qatarga qarshi uchrashuvda qatarlik hujumchiga eta olmagani sababli qoida buzgani va shu sababli qizil kartochka olganini barcha koʻrgandi. Terma jamoaga chaqirilayotgan yosh himoyachilar Hazbavi va Yusufiyga koʻproq tajriba kerak. Eron himoya chizigʻi sizni tashvishga solmayaptimi? Eldor Shomurodovdek tezkor futbolchi jamoangizga qanchalik muammo tugʻdirishi mumkin?

- Albatta, Oʻzbekiston terma jamoasining hujum chizigʻi ancha kuchli futbolchilar bilan toʻla, biroq Eron terma jamoasi shu saralash bosqichida gol oʻtkazib yubormagan yagona jamoa ekanligini unutmang. Biz dastlabki ikki uchrashuvda oʻz darvozamizdan birorta gol oʻtkazib yubormadik. Iyun oyidagi oʻzaro uchrashuvda ham darvozamiz daxlsizligini saqlab qolgandik. Srechko Katanets oʻsha uchrashuvdan soʻng "Biz ikkinchi boʻlimda juda yaxshi oʻyin namoyish etdik", deb aytib oʻtgandi. Oʻzbekistonga qarshi soʻnggi uchrashuvdan oldin biz Gonkongga safar qilgandik va uzoq safardan tiklanib olish uchun vaqt talab etilgandi. Biz ertangi uchrashuvga tayyormiz va oʻz uyimizga uch ochko bilan qaytishni niyat qilganmiz.

Men 50 yildan beri futboldaman. Shuncha yillik tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, biz har doim eng yaxshi oʻyinimizni va muxlislarni xursand qilishga harakat qilishimiz kerak. Bunday ortiqcha gaplarga e'tibor bermaymiz.

- Eron CAFA Kubogi finalida Oʻzbekistonni magʻlub etgandi. Oʻzbekiston terma jamoasini Toshkentda magʻlub etish qanday boʻlgandi?

- Biz CAFA musobaqasidagi ishtirokimizdan xursandmiz. Oʻzbekiston terma jamoasini oʻz muxlislari oldida magʻlub eta olgandik. Oʻsha uchrashuvda ham biz darvozamiz daxlsizligini saqlab qolgandik.

"Ertangi oʻyin qanchalik qiyin ekanligini bilamiz. Uch ochko juda katta ahamiyatga ega va biz Oʻzbekistonga qarshi qanday oʻynashni bilamiz. Oʻzimizning eng yaxshi oʻyinimizni namoyish etishga harakat qilamiz", – deya aytib oʻtdi Serdar Azmun.

- Serdar Azmunga savol. Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi uchrashuvlar har doim juda tomoshabop boʻlib kelgan. Ertangi oʻyin oldidan ham Oʻzbekiston futbolchilari Eron terma jamoasi haqida iliq fikrlar bildirishdi...

- Ikki jamoa oʻrtasidagi suhbatlarni yoqtiraman. Biz har doim raqibni hurmat qilamiz. Bizning madaniyatimiz shunday, lekin Oʻzbekiston terma jamoasi soʻnggi marotaba bizga jiddiy muammo tugʻdirganiga 12 yil vaqt boʻldi. Biz ertaga uch ochkoni qoʻlga kiritishni maqsad qilganmiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport