date
views 231

Oʻzbekistonning jahon chempionatiga chiqish sharti aytildi...

Oʻzbekistonning jahon chempionatiga chiqish sharti aytildi...
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oktyabr oyidagi FIFA kunlari doirasida Toshkent shahridagi "Bunyodkor" stadionida ikkita oʻta muhim uchrashuv oʻtkazadi.

2026 yilgi jahon chempionati Osiyo saralash turnirining uchinchi bosqichida olti ochko bilan peshqadamlik qilayotgan futbolchilarimiz 10 oktyabr kuni Eron va besh kundan keyin Birlashgan Arab Amirliklari vakillariga qarshi saf tortadi.

Ta'kidlash joizki, bu ikki terma jamoa jahon chempionati yoʻlida asosiy raqiblar sanaladi. Eronliklar xuddi Srechko Katanets shogirdlari singari olti ochko toʻplab, futbolchilarimiz bilan birga peshqadamlikni boʻlishib turgan boʻlsa, amirliklar terma jamoasi bu ikki etakchini ta'qib qilmoqda.

“Setanta Sports” telekanalining rossiyalik futbol sharhlovchisi Dmitriy Bajanov Oʻzbekiston milliy terma jamoasining boʻlajak oʻyinlardagi imkoniyati va jahon chempionatiga chiqish shartlari haqida fikr bildirdi.

- Agar mabodo Oʻzbekiston Eronga ikkita uchrashuvda ham yutqazib qoʻysa ham, bu jamoada guruhda ikkinchi oʻrinni egallab, jahon chempionatiga chiqish uchun juda yaxshi imkoniyat saqlanib qoladi.

Oʻzbekiston oʻz uyida oʻynaydi va bu juda katta ustunlik beradi, lekin Eron juda tajribali, Evropa chempionatlarida ishtirok etayotgan kuchli oʻyinchilarga ega jamoa. Shuning uchun ham eronliklarni murakkab safar uchrashuvlari choʻchitmaydi.

Oʻzbekiston va Eron bahsi Osiyo saralash turnirining oktyabr oyidagi eng markaziy uchrashuvi boʻladi.

Agar Oʻzbekiston oʻz maydonida Eronni magʻlub eta olsa, bu Srechko Katanets jamoasining jahon chempionatiga chiqish uchun tashlagan juda katta qadami boʻladi.

Eng muhim jihat – Oʻzbekiston oʻzi ustun boʻlgan guruhdagi boshqa raqiblar, xususan, Birlashgan Arab Amirliklari, Qirgʻiziston va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi kabi jamoalardan imkon qadar koʻproq ochko olishi kerak.

Qatar haqida gapirish biroz mushkul. Chunki Qatar va Oʻzbekiston terma jamoalari darajasidagi farq katta emas. Qatar KXDR bilan oʻynaydi, oʻzbeklar bu terma jamoani magʻlub eta olgan. Musobaqa jadvalida quyida joylashgan jamoalarni engish muhim ahamiyatga ega
, - dedi Dmitriy Bajanov.

Osiyo saralash turnirining uchinchi bosqichida 18 ta mamlakat terma jamoalari uch guruhga boʻlingan holda oʻzaro raqobatlashadi. Har bir guruhdan dastlabki ikki oʻrinni egallagan terma jamoalar toʻgʻridan toʻgʻri jahon chempionatiga yoʻllanma oladi.

Guruhda uchinchi va toʻrtinchi boʻlgan terma jamoalar saralash uchrashuvlarini davom ettiradi. Oxirgi ikki pogʻonadagi termalar saralashdagi yurishini toʻxtatadi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi dastlabki ikki turda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi futbolchilarini 1:0 va Qirgʻiz Respublikasi vakillarini 3:2 hisobida magʻlubiyatga uchratib, yuz foizlik natija qayd etgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oʻzbekistonning jahon chempionatiga chiqish sharti aytildi...