07:53 / 11.10.2024
151

Amir Gʻalenoi: "Bir kishi kam boʻlib ham ikkita penalti ishladik, hakamlar VAR orqali ham xatolar qilishmoqda"

Амир Ғаленои: "Бир киши кам бўлиб ҳам иккита пенальти ишладик, ҳакамлар ВАР орқали ҳам хатолар қилишмоқда"
JCh-2026 saralashi doirasida Oʻzbekistonga qarshi oʻyindan keyin Eron termasi bosh murabbiyi Amir Gʻalenoi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Birinchi navbatda ikki jamoani ham chiroyli oʻyin bilan tabriklayman. Jamoam namoyish etgan oʻyindan qoniqdim. Biz bir kishi kam boʻlib oʻynadik. Statistika boʻyicha ham biz raqibdan ustun edik. Darvozaga yoʻllangan zarbalar va aniq zarbalar boʻyicha Oʻzbekistondan yaxshiroq natija qayd etdik. Fikrimcha, bugun biz ikkita penalti ishlab olgandik, ammo hakam bunday fikrda boʻlmadi. Dastlabki uch turdan soʻng bizda 7 ochko bor va birorta gol oʻtkazib yubormadik", - dedi Amir Gʻalenoi.

- Jamoangiz bir kishi kam boʻlib qolganidan soʻng hujumkor futbolchilarni maydonga tushirdingiz va jamoangiz oʻyin soʻngida juda yaxshi harakat qildi. Bir kishi kam boʻlib ham Toshkentda gʻalaba qozonib ketmoqchi edingizmi?

- Oʻzingiz ham ushbu savolga javobni bilasiz deb oʻylayman. Biz bir kishi kam boʻlib qolganimizdan keyin ham hujum qildik va bir nechta burchak zarbalarini ishlab oldik. Oʻzbekiston darvozaboni ham koʻp vaziyatlarda oʻz jamoasini qutqardi. Qizil kartochkadan soʻng ikkita penalti ishlagandik.

- Uchrashuv yakunlanganidan soʻng muxlislar oldiga borib, ular bilan suhbat qurdingizlar. Eron terma jamoasi muxlislari bilan nima haqida gaplashdingiz?

- Men ularga rahmat aytdim. Bu tabiiy holat, ular bizni butun oʻyin davomida qoʻllab-quvvatlashdi.

Eronlik jurnalist savoli: - Bugungi hakamlik haqida fikr bildirib oʻtsangiz. Bizning foydamizga boʻlgan yaqqol penaltilar belgilanmadi. Hatto VAR tizimi ham ushbu vaziyatlarda penalti belgilamadi.

- Bosh hakam bugun oʻyinni yaxshi boshqardi. Hakam oʻyin ritmini buzmadi, lekin avvalroq aytib oʻtganimdek, biz ikkita penalti ishlagandik. Bu mening shahsiy fikrim. Masalan, yaqinda boʻlib oʻtgan Evropa chempionatining chorak final bahsida ham shunday holat roʻy berdi. Germaniya - Ispaniya oʻyini soʻngida Ispaniya darvozasiga 11 metrlik jarima zarbasi belgilanishi kerak edi. UEFA esa bir yarim oydan keyin ushbu holatda penalti belgilanishi kerak boʻlganini tan oldi. Hakamlar VAR tizimi bilan ham xatoga yoʻl qoʻyishi mumkin. Futbol shunisi bilan qiziq.

- Eron terma jamoasi bugun oʻzining eng yaxshi oʻyinini namoyish etmadi. Oʻzbekiston bugun Eronni shunday oʻynashga majbur etdimi?

- Bugun yaxshi oʻyin guvohi boʻldik. Bu guruhdagi eng yaxshi oʻyin boʻldi deb oʻylayman. Biz keyingi uchrashuv haqida oʻylashimiz kerak. Bugun Eron terma jamoasini qoʻllab-quvvatlagan barcha muxlislarga rahmat. Ushbu oʻyinlarni yoritgan barcha OAV vakillariga ham rahmat.

- Siz Eron terma jamoasi foydasiga belgilanmagan penaltilar haqida gapirib oʻtdingiz, ammo Oʻzbekiston terma jamoasiga bir nechta vaziyatda penalti berilishi mumkin edi. Ushbu holat haqida fikr bildirsangiz?

- Biz vaziyatlarni texnik kameramiz orqali takroran koʻrdik. Mening fikrimcha, biz penalti ishlagandik. Bu mening fikrim, holos.

Eronlik jurnalist savoli: - Biz dastlabki uchta uchrashuvda darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldik. Bugun Oʻzbekiston terma jamoasiga vaziyatlar yaratishga deyarli imkoniyat bermadik. Himoya chizigʻimizning mustahkamligining sababi nimada?

- Biz Osiyo Kubogida ham juda yaxshi himoyalanishimizni koʻrsatgandik. Faqatgina individual xatolar sababli gollar oʻtkazib yuborgandik. Bugungi uchrashuvda ham yaxshi himoyalana olishimizni isbotladik. Ali Ne'matini milliy terma jamoa safidagi debyuti bilan tabriklayman. Umid qilamanki, u kelajakda Eron terma jamoasi safida hali koʻp maydonga tushadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport