18:26 / 11.10.2024
56

Kechagi durangdan qoniqmadim...

Kechagi durangdan qoniqmadim...
Kecha O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH saralash bahsida Eronga qarshi maydonga tushib 0:0 hisobida durang qayd etdi. Bir ochko qo‘lga kiritilgani va guruhda peshqadamlikni saqlab qolganimiz bir tomondan yaxshi bo‘ldi, bu borada muammo yo‘q. Lekin o‘yinning ahamiyati, e’tibor yuqoriligi va stadionni to‘ldirib o‘tirgan muxlislar haqqi-hurmati yutishimiz shart edi.

Kechagi o‘yinni muxlis sifatida ishqibozlar qatorida kuzatdim. To‘rt yil birga o‘qigan kursdoshim bilan maza qilib futbol ko‘raylik degan ma’noda stadionga bordik. Darvozadan kirishning o‘zi dahshat. Tumonat odam. Qo‘lida chiptasi bori ham, yo‘g‘i ham shu yerda. Bir amallab chiptada ko‘rsatilgan sektorga kirib oldim. Tepa qatorda o‘tirishimiz kerak edi, yuqoriga chiqishning o‘zi oson bo‘lmadi, odamlar hatto zinaga o‘tirib olgan. O‘tishga joy yo‘q.

Stadiondagi muhit zo‘r bo‘ldi. Baribir futbolni muxlislar orasida ko‘rish boshqacha. Bu haqiqiy adrenalin. Lekin terma jamoamiz o‘yinni qanday tempda boshlagan bo‘lsa, shu tempda tugatdi. Baland notani deyarli ko‘rmadik. Qo‘shiqda eng zo‘r joyi avji bo‘ladi. Avjini zo‘r aytgan xonanda haqiqiy san’atkor bo‘ladi. Ammo kechagi o‘yinning avji ko‘rinmadi. Futbolda ham avj, baland-past notalar bor. Avjini baralla muxlislarga ko‘rsatib bera oladigan mohir o‘yinchilar bor. Ronaldu futbol avjini mahorat bilan namoyish etib kelayotgani uchun ham dunyo hurmat qiladi, hamma tan beradi. Bizda kecha avjini boplaydigan mohir ijrochi ko‘rinmadi.

Shunday tasavvur paydo bo‘ldiki, jamoamiz yutish uchun emas, balki yutqazib qo‘ymaslik ilinjida harakat qildi. Hujumda bir gap bo‘lar, lekin orqani nolga ushlash kerak. Bor shunday usul futbolda. Odatda kuchli jamoalarga qarshi qo‘llaniladi. Lekin kechagi Eron juda bir vahimali jamoa emasdi. Mahorat bobida bizdan yaqqol ustunligini masalan men ko‘rmadim. Ular qo‘rqmagani uchun bir ochkoli bo‘ldi, biz esa haddan tashqari ehtiyotkorlikka berilganimiz bois yuta olmadik. O‘yinimizda kreativlik ko‘rinmadi, robotlashgan futbol tomosha qildik.

Tanaffusda suv olib kelish uchun tashqariga chiqdim. Suvga navbat dahshat. Toki navbatim kelguncha ikkinchi taym boshlanib bo‘lib, Eron futbolchisi hatto qizil kartochka olishga ulguribdi. To‘g‘risi, ular bir kishi kam o‘ynayotganini boshida sezmadim. Kursdoshim aytib qoldi: ular bittaga kamaydi, endi yutamiz. Qarasam raqib o‘nta bo‘lib o‘ynayapti. Lekin bilmagan odamga Eronning kamligi sezilmadi. Shundayam ularning jamoasi bamaylixotir harakat qildi, agar penalti belgilanganida balki yutib ham ketardi.

Kechagi bahsda darvozabonimiz zo‘r harakat qildi, himoyachilarga ham gap yo‘q. Shaxsiy fikrim, uchrashuvning "Eng yaxshi futbolchisi" Abduqodir Husanov bo‘ldi, lekin Shomurodovga berishdi. Ha, Eldor ham astoydil harakat qildi, biroq u hujumda yolg‘izlanib qoldi. E’tibor bering, 40 daqiqa raqibdan bir kishi ko‘p o‘ynab, hujumkorlikni oshirmadik. Bu endi murabbiylarga beriladigan savol. Balki Katanetsning o‘zi bo‘lganida ikkinchi hujumchini tushirgan bo‘larmidi.

Raqib bitta kam bo‘lib qolganidan keyin hadeb orqani o‘ylamasdan hujumga e’tibor qaratgan yaxshimasmi? Jahon futbolida ko‘ryapmiz, ko‘p jamoalar ikkinchi, hatto uchinchi hujumchini maydonga tushirib yutishga harakat qilyapti. Men Eron bizdan kuchli edi deb o‘ylamayman, ularda bor legionerlar bizda ham bor. Ularning hujumchisi "Inter"da, bizning o‘yinchimiz "Roma"da. Xo‘sh nima qipti? Oldin Eron terma jamoasida rostdan kuchli futbolchilar bo‘lardi, lekin hozirgilar juda bir vahimali emas.

Shundan kelib chiqib hech bo‘lmasa oxirgi 15 daqiqa hujumga zo‘r berib, nimadir qilsak bo‘lardi. Masalan, zaxiramizda Jamshid Iskanderov bilan Hojimat Erkinovdek kreativ o‘yinchilar bo‘lishiga qaramasdan, ulardan foydalanilmaganini sira tushunmayapman. To‘g‘ri, maqsadimiz jahon chempionatiga chiqish, guruhda 1-2 o‘rindan pastga tushmaslik, lekin hadeb ehtiyotkorlikni o‘ylayvermay futbol ham o‘ynash kerak-da. Kuchlilarni yutishni o‘ylashimiz kerak. Stadion to‘lgan bo‘lsa, shuncha muxlis qo‘llab turibdi, murabbiylarga ham hayronsan, sal bo‘lsayam o‘yinni kuchaytir, biz ham bir yutaylik. Unutmang, doim ehtiyotkor bo‘lish qachondir pand berib qo‘yishi mumkin. Kreativ futbol esa ham futbolchilarni kuchli qiladi, ham tomoshaboplik ortadi, ham raqibni bizdan qo‘rqishga majbur qiladi.

X.Xoliqov

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kechagi durangdan qoniqmadim...