23:45 / 18.10.2024
14

Abduqodir Husanov “Lans”ni “tupik”ka tiqib qo‘ydi!

Abduqodir Husanov “Lans”ni “tupik”ka tiqib qo‘ydi!
Fransiya chempionati sakkizinchi turi oldidan “Lans” bosh murabbiyi Uill Still kutilmagan masalaga duch keldi. Murabbiylar shtabi bu masalaga tezroq yechim topishi kerak.

Gap shundaki, klubning so‘nggi yillardagi eng muhim o‘yinchisi Kevin Danso sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolardan to‘liq qutilib, yana safga qaytdi. Himoya markazida orqa chiziq o‘yinchilarini mahorat bilan boshqarib kelayotgan avstriyalik tajribali futbolchi yo‘qligida uning o‘rnini Abduqodir Husanov o‘ziniki qilib bo‘lgandi.

Ayni paytda bitta nuqtaga ikkita zo‘r o‘yinchi to‘g‘ri kelib qoldi. Uill Still kimni boshlang‘ich tarkibda o‘ynatishni bilmayapti. Fransiya matbuoti bu masalani alohida e’tibor bilan yoritib kelmoqda.

Klement Kurtua, lensois.com sayti eksperti:

Liga 1 8-turi oldidan Uill Still muhim tanlovni amalga oshirishi kerak. Jamoaning barcha markaziy himoyachilari – Kevin Danso, Jonatan Gradit, Abduqodir Husanov, Fakundo Medina va Malang Sarr yaxshi sport formasida.

“Lans” uch kishilik himoya markazida Kevin Danso yoki Abduqodir Husanovdan foydalanish bo‘yicha bir qarorga kelishi kerak.

Bosh murabbiy Uill Still avval-boshdan tarkib tuzishda tanlov imkoniyati kengligini va eng yaxshi tayyorgarlikka ega futbolchilar maydonga tushishini ta’kidlagan. Bundan tashqari, u Kevin Dansoning yetti hafta maydondan chetda yurgani, unga o‘yin vaqti va ritmi yetishmayotganini ham inobatga olishini bildirdi. Bu holat ham tarkib tanlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Quyidagi munosabatdan kelib chiqib esa, navbatdagi uchrashuvda Danso yoki Husanovdan qay biri o‘ynashini hozirdan taxmin qilish mumkin.

- Kevin Danso zo‘r o‘yinchi. Abduqodir Husanov esa juda-juda zo‘r formada. Avval aytganimdek, eng zo‘ri o‘ynaydi. Tarkibda almashtirib bo‘lmas o‘yinchi yo‘q, hech kimning joyi kafolatlanmagan, - dedi Uill Still.

Sandrin Arreste, lavoixdunord.fr sayti eksperti:

Kim kuchli Dansomi yoki Husanov? “Lans” futbolchisi Anjelo Fuldjini avvaliga bu savolga javob berishdan qochdi. Lekin biz yana so‘raganimizdan keyin “Bu ikkisi juda zo‘r himoyachilar, ularni taqqoslasak, deyarli teng, lekin ulardan qay biri kuchliroq ekanini men aniqlab berolmayman”, dedi.

Ortga qaytamiz. “Lans” avvaldan Kevin Dansoni sotib yuborib, unga o‘rinbosar sifatida Husanovni olib kelgan. Lekin avstriyalik o‘yinchining “Roma”ga transferi barbod bo‘ldi. Yuragida nuqson borligi aytilgan Dansoga 4 oktyabr kuni futbolga qaytishga ruxsat berildi.

Endi Uill Still Fransiya chempionatining eng yaxshi himoya chizig‘ini o‘zgartirishi kerak. Xo‘sh, Jonatan Gradit – Abduqodir Husanov va Fakundo Medina uchligidan qaysi biri olib tashlanadi?

Husanovni yana zaxira o‘rindig‘iga qaytarib bo‘lmaydi. Abduqodir qisqa fursatda himoya chizig‘i yetakchisiga aylanib bo‘ldi. O‘zbek legioneri boshchilik qilgan uchrashuvlarda “Lans” yengilmadi. Dansoning foydasiga ishlaydigan fakt shundan iboratki, Kevinsiz jamoa birorta g‘alabaga erisha olgani yo‘q.

Endi savol tug‘iladi: boshlang‘ich tarkibda kim o‘ynashi kerak?

JEUNESFOOTEUX.COM sayti:

Kevin Dansoning maydonga qaytgani Uill Stillga yangi muammolarni olib keldi. Avstriyalik himoyachi yo‘qligida bir necha uchrashuvlarda mahoratini namoyish qilgan Abduqodir Husanov “Lans”ning eng yaxshi futbolchisiga aylanib qolgandi.

Endi Uill Still o‘zbek futbolchisini boshlang‘ich tarkibdan chiqarib tashlashini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Uning zo‘r formada ekanini murabbiylar shtabi vakillari ham alohida tilga olmoqda.

Biz Uill Stillga boshlang‘ich tarkibdan Jonatan Graditni chiqarishni taklif qilsak qanday bo‘ladi?

O‘tgan mavsumda Graditning o‘rinbosari sifatida himoyaning o‘ng qanotida harakat qilgan Abduqodir Husanov bu pozitsiyada ham juda ishonchli o‘ynagan edi. Endi Kevin Dansoni himoya markaziga qaytarish uchun Husanov va Gradit o‘rnini rotatsiya qilish yaxshi samara beradi. Bu holat keyingi transfer bozori vaqtida Kevin Dansoning boshqa klubga o‘tkazib yuborilgunicha davom etishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanov “Lans”ni “tupik”ka tiqib qo‘ydi!