
Yevropa manbalari “Lans”dan o‘ynayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abduqodir Husanovning kelajagini “Pari Sen-Jerman”, “Marsel”, “Arsenal”, “Tottenxem”, “Chelsi”, “Bayer” kabi mashhur klublar nomi bilan bog‘lab, turli ma’lumotlar chiqarmoqda.
Bu har bir o‘zbek futboli ishqibozini xursand qiladi. Iste’dodli yosh o‘yinchilarimizning Yevropaning kuchli ligalarida tanilishi, boshqa o‘yinchilarimizga ham o‘sha tomonlarga yo‘l ochadi, bu oxir-oqibat terma jamoamizning kuchayishiga olib keladi.
Yevropa futbolini yoritib kelayotgan ekspertlar va manbalar Abduqodir Husanovning qator klublar nazariga tushishi bejiz emasligini, himoyachimizning mahorati, qobiliyati va salohiyatini sharhlashga, uning o‘yinlarini tahlil qilishga e’tiblor qaratmoqda.
- Abduqodir Husanovni avval O‘zbekiston, keyin Belarusdan topgan seleksioner mutaxassislar bu o‘yinchining yuqori salohiyati va boshqa tengqurlaridan bir emas, ikki bosh ustunligini darrov payqagan bo‘lsa kerak.
Bu yosh himoyachining talantini yuqori baholangan mutaxassislar uni “Lans”ga tavsiya qilganida klub hech qanday ikkilanishlarsiz futbolchini o‘z safiga qo‘shib oldi. 2023 yilning yozida lansliklar bu transferni 100 ming yevroga hal qildi.
Hali Liga 1 o‘yinlariga moslashmagan Abduqodir Husanov mashg‘ulotlarda katta taassurot qoldirdi va 2023 yilning sentyabrida “Mes”ga qarshi o‘yinda debyut uchrashuvini o‘tkazdi. Fransiyadagi ilk mavsumidayoq barcha turnirlarda o‘n besh marta maydonga tushdi.
Aslida kelajakda Kevin Dansoga o‘rinbosar sifatida olib kelingan Husanov joriy mavsumning boshidan nimalarga qodirligini ko‘rsatib kelmoqda va jamoaning alishtirib bo‘lmas o‘yinchisiga aylandi. U hammani hayratga solayotganini tan olish kerak.
Uning o‘yinida deyarli kamchilik yo‘q. To‘g‘ri, sal qo‘pol, lekin texnikasi zo‘r. Hozirning o‘zida yakkakurashlar va to‘pni egallab olish statistikasi bo‘yicha ligada yetakchi. Ikkinchi qavatdagi deyarli har bir vaziyatda raqib hujumchisini ortda qoldiradi.
Statistikaga ko‘ra, Husanov joriy mavsumda Liga 1 o‘yinlarida 65 marotaba yakkakurashlarga kirishib, ularning 55 tasida g‘olib chiqdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha 84,6 foiz kurashda yutib chiqqanini ko‘rish mumkin. Ligada kamida 500 daqiqa to‘p tepgan markaziy himoyachilar o‘rtasida bunaqasi boshqa yo‘q. U har joyda hoziru nozir.
Salohiyati yuqoriligi nuqtayi nazaridan Husanov “Lans”da eng qimmatbaho o‘yinchiga aylanish ehtimoli juda katta. Abduqodirda yaqin kelajakda zamonaviy eng kuchli himoyachi bo‘lish imkoniyati bor.
Yana bir statistik ma’lumot shundan darak beradi. “Lans” Abduqodir ishtirok etgan o‘nta uchrashuvda jami o‘z darvozasidan yettita to‘p olib chiqqan. Husanov qizil kartochka olgani uchun ligada oxirgi ikki o‘yinda qatnasha olmadi. Bu ikki bahsda asosiy tayanch himoyachisiz o‘ynagan lansliklar beshta gol o‘tkazib yubordi.
O‘zbek himoyachisining salohiyatini yuqori baholayotgan ayrim katta klublar 20 yoshli o‘zbek futbolchisi bo‘yicha transfer ma’lumotlarini so‘ray boshlagan. Da’vogarlarning ko‘payishi transfer narxining oshishiga ta’sir ko‘rsatyapti.
Xaridorlarga “Lans”ni qimmatbaho aktivini qo‘yib yuborishga ko‘ndirish qiyin kechadi. Buning uchun taklif qilinayotgan badal pulini kerakli darajaga ko‘tarish lozim, - deb yozmoqda nufuzli manbalardan hisoblangan footmercato.net portali eksperti Sebastyan Deni.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov futbol sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasi o‘rgangan. Professional futbolchilik faoliyatini Belarusning “Energetik-BGU” klubida boshlagan. 2023 yilning yozida “Lans” himoyachini 100 ming yevro evaziga o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar