
Abbosbek Fayzullayev Yevropa top-ligalarida o‘ynayotgan Ispaniyaning “Real Sosedad” va Fransiyaning “Monako” klublaridan jiddiy qiziqish bo‘layotgani, bu jamoalar 21 yoshli hujumkor futbolchimizni qishki transferlar vaqtida o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda.
Rossiya ommaviy axborot vositalari mamlakatning taniqli futbol ekspertlaridan SSKA futbolchisining transferiga munosabat so‘rab, intervyu olyapti.
Sports.uz portali Rossiya terma jamoasining sobiq futbolchisi, ayni paytda taniqli ekspert hisoblangan Igor Kolivanovning Abbosbek Fayzullayev xususida euro-football.ru manbasiga bergan intervyusini havola etadi.
- Abbosbek Fayzullayevga “Monako” jiddiy qiziqayotgani haqida ma’lumot tarqatildi. Bunga qanday qaraysiz?
- Aslida SSKAning zahira o‘rindig‘i qisqa. Bu holatda Abbosbek Fayzullayevni ham qo‘yib yuborishsa nima bo‘ladi? Agar o‘zbek legioneri ketsa, demak o‘rniga yangi o‘yinchi olish talab etiladi.
- Agar Fayzullayev “Monako”ga o‘tsa, bu to‘g‘ri qaror bo‘ladimi?
- Abbosga o‘zini Yevropaning kuchli klubida sinab ko‘rish yoqsa kerak. Qolaversa, SSKA hozir hech qanday nufuzli sovrin uchun kurashayotgani yo‘q. U “Monako” darajasiga to‘g‘ri keladimi? Bu borada Aleksandr Golovkin o‘ynab keta oldiku. U ham aynan Fayzullayevning yoshida ketgan edi.
Abbos Fayzullayev ham o‘ynab keta oladi, deb o‘ylayman. U tezkor, texnikasi zo‘r, yaxshi darajadagi futbolchi. O‘sish uchun ko‘rsatkichlari yaxshi.
- Ommaviy axborot vositalarida “Monako” Fayzullayev uchun SSKAga 15 million yevro taklif qilishga tayyorligi haqida yozildi. Bu narx o‘yinchiga mosmi?
- Agar bizning chempionatdan ketadigan bo‘lsa, yaxshi narx. Agar u “Milan”dan ketayotgan bo‘lsa, unda bu transfer uchun 50 million yevro so‘rashgan bo‘lardi.
- Solishtirish uchun “Spartak” Ugaldeni 13 million yevroga oldi...
- Ugalde hozir o‘syapti va u ham Rossiya Premer-ligasini tark etishi mumkinligi haqida yozishyapti. Agar u ham ketadigan bo‘lsa, o‘rinbosar topish oson bo‘lmaydi. U juda yaxshi o‘sishga erishdi, ko‘p gol uryapti va har yili 3 million yevroga qimmatlayapti.
- “Monako”da Golovkin o‘ynayapti. Nima deb o‘ylaysiz, uning Fayzullayev transferiga aloqasi bormi, klubdagilar u bilan maslahatlashganmi?
- Har qanday holatda ham, chempionatimizga ularning skautlari kelganini ta’kidlash lozim. Golovkin bilan ham bu borada suhbatlashishgan. Lekin u SSKAda o‘ynaganida, Abbos hali bu jamoada emasdi. Shuning uchun ham, Aleksandr Abbos haqida juda ko‘p narsa biladi, deb o‘ylamayman. Agar “armiyachilar”ni muntazam kuzatib borayotgan bo‘lsa, bu boshqa gap.
- Fayzullayevning ketishi SSKAga qanday ta’sir qiladi?
- Har qanday yaxshi o‘yinchining ketishi istalgan jamoaga ta’sir o‘tkazadi. Abbos Fayzullayev o‘ziga va jamoadoshlariga juda ko‘p qulay vaziyatlar yaratayotgan o‘yinchilardan biri. Hozir u asosiy tarkibning muqim va muhim o‘yinchisi. Unga munosib o‘rinbosar yo‘q. Fayzullayev chap va o‘ng qanotlarda birdek samarali o‘ynay oladi.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayev 2023 yildan beri SSKA sharafini himoya qilib kelmoqda. Bugungi kunda 21 yoshli legionerimiz Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho o‘yinchisi hisoblanadi. Uning transfer summasi 6 million yevroga baholangan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar