date
views 386

Abduqodir Husanovning narxi birdan oshdi, “Lans” uni ushlab qola oladimi?

Abduqodir Husanovning narxi birdan oshdi, “Lans” uni ushlab qola oladimi?
Abduqodir Husanov joriy mavsumda o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalanib, “Lans” murabbiylar shtabini bir necha mavsum ideal hisoblangan Jonatan Gradit – Kevin Danso – Fakundo Medina himoya uchligini buzib yubordi.

20 yoshli o‘zbek himoyachisi lansliklar yetakchisi Kevin Dansoning ikki oy davomida yo‘qligida asosiy tarkibning muqim figurasiga aylandi. Bosh murabbiy Uill Still Danso safga qaytgandan keyin uning o‘rnida o‘ynagan Abduqodirni tarkibdan chiqarmadi, aksincha, himoya sxemasini o‘zgartirishga qaror qildi.

Hozir Husanov Yevropaning o‘ndan ziyod kuchli klublari nishoniga tushgan. Ekspertlar hamyurtimiz atrofida yuzaga kelgan vaziyatni tahlil qilmoqda.

Kristof Shaad, lensois.com eksperti:
- Angliya manbalari Abduqodir Husanovga Premer-liganing yetti klubi jiddiy qiziqayotgani va ulardan ikkitasi – “Tottenxem” va “Nyukasl” transferni yanvarda amalga oshirishni rejalashtirayotgani haqida yozayotgani bo‘yicha muxlislarga ma’lumot yetkazgan edik.

Nufuzli manbalardan L'Equipe nashri o‘zining insayderlari orqali Angliya superklublarining maqsadi jiddiy ekani, Husanov transferi uchun ular 30 million yevrodan ko‘proq mablag‘ tikishga tayyorligidan xabar topdi.

Husanovga bo‘layotgan qiziqishlar “Lans”ning transfer siyosatiga ta’sir qilmoqda. Ilgari eng katta daromad keltirishi kutilgan Kevin Danso ikkinchi planga o‘tdi. Uning yozda “Roma” bilan 26 million yevroga kelishilgan transferi tibbiy sabablarga ko‘ra barbod bo‘ldi. Garchi avstriyalik himoyachining nomi hamon transfer bozorida yangrayotgan bo‘lsa-da, endi xaridorlar bu o‘yinchi uchun “Lans” kutgan summani bermaydi.

Ayni paytda o‘zbek himoyachisining transfer summasi Dansonikidan o‘tib ketdi va juda tez ko‘tarilmoqda. “Lans” xo‘jayinlari klubga bo‘layotgan moliyaviy bosimni bartaraf etish uchun ikki markaziy himoyachidan birini sotib yuborishiga to‘g‘ri keladi.

Timoti Jan, foot-sur7.fr sayti eksperti:
- “Lans”dagi o‘yinlari bilan hammaning nazariga tushgan Abduqodir Husanovga xaridor bo‘layotgan klublardan ayrimlari qishki transferlar vaqtida lansliklarga katta takliflar bilan murojaat qilishi kutilmoqda.

“Lans”ga kulgili narxga olib kelingan Abduqodir qisqa fursatda Liga 1 kashfiyotiga aylandi. Uning himoya markazidagi ishonchli o‘yini Yevropa klublari e’tiborini tortdi.

Fransiyaning yetakchi klublaridan “Pari Sen-Jermen” va “Marsel” o‘zbek o‘yinchisini kuzatish bilan band bo‘lgan bir paytda Husanov uchun kurashga Madridning “Atletiko” klubi ham qo‘shilganini alohida ta’kidlash mumkin.

Insayder Muhammad Tubash-Ter madridliklarning qiziqishi juda jiddiy ekanini, o‘yinchining salohiyatini payqagan “Atletiko” mutasaddilari qishki transferlar davridayoq uni o‘z safiga qo‘shib olishni mo‘ljallayotganini aytmoqda.

Buyog‘iga Angliya klublari, xususan “Tottenxem” va “Nyukasl” 30 million yevrodan ortiq mablag‘ tikkan holda “Lans”ni o‘zbek himoyachisini qo‘yib yuborishga ko‘ndirishga bel bog‘lagan.

Bu holatda “Lans” 20 yoshli himoyachini ushlab qola olmasligining ehtimoli katta. 100 ming yevroga olingan o‘yinchi katta miqdorda daromad keltirishi lansliklarni ham befarq qoldirmaydi, aslida. Biroq “Lans” harchand harakat qilmasin, grand klublarning Husanovga hujumini qaytarish oson bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov “Bunyodkor” tizimidan yetishib chiqqan. Ammo professional faoliyatini Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida boshlagan. Hamyurtimizning O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida xalqaro miqyosdagi o‘yinlari xorij klublari e’tiborini tortgan edi. Ular orasida “Lans” aniq taklif bilan chiqdi va 2023 yilning yozida Husanovni o‘z safiga qo‘shib oldi. Mana bugun bu o‘ta muvaffaqiyatli transfer bo‘lib chiqqani o‘z isbotini topmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanovning narxi birdan oshdi, “Lans” uni ushlab qola oladimi?