
Qishki transferlar oynasi ochilishi bilan Yevropaning bir necha klublari “Lans” himoyachisi Abduqodir Husanovni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilib ko‘radi.
Yevropadagi manbalar 20 yoshli o‘zbek futbolchisiga Fransiyadan “Marsel”, “Pari Sen-Jermen”, Ispaniyadan “Atletiko Madrid”, Germaniyadan “Bayer” va Angliyadan kamida yettita klub da’vogarlik qilayotganini yozmoqda.
Ular orasidan PSJ, “Atletiko”, “Tottenxem” va “Nyukasl” yanvarda “Lans” eshigini qoqishi kutilyapti.
“Lans” faoliyatini yoritib kelayotgan lensois.com portali muxlislarning Husanov transferiga munosabatini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma tashkil qildi. Ushbu manba Abduqodirni transferiga oid qanday qaror qabul qilish kerakligi haqida jamoa ishqibozlariga ikkita variant bo‘yicha ovoz berishni so‘radi.
Natijalar quyidagi ko‘rinish hosil qildi:
- Yo‘q, Husanovni transfer qilishga hali erta, agar klub iqtisodiyotiga mablag‘ kerak bo‘lsa, boshqa o‘yinchilarni sotib yuborish kerak: 74,41 foiz ovoz.
- Ha, iqtisodiy ahvoldan kelib chiqib, Husanovni qo‘yib yuborish kerak, o‘rniga baribir boshqa o‘yinchi topiladi: 25,59 foiz ovoz.
Ko‘rinib turibdiki, “Lans” ashaddiy muxlislarining aksariyati Abduqodir Husanov jamoada qolishini istaydi.
508GT:
Har qanday summa tikilishidan qat’iy nazar, Husanovni qishda transfer qilish katta xato bo‘ladi. Chunki yozga borib, himoyachining narxi ikki baravar ko‘tarilishiga ishonchim komil. “Lans” shartni o‘zi qo‘yishi kerak. “Katta klublar” savdodan qochmaydi, ko‘z tikkanini baribir olib o‘rgangan.
Sly62:
Husanov jamoada qolishi kerak. Pul kerak bo‘lsa, shtatlarni va maoshlar fondini qisqartirish mumkin. Husanov katta daromad keltirishi mumkin, lekin uning “Lans”dagi maoshi juda past va klubga umuman og‘irlik qilmaydi.
LeVentDuNord:
Klub qishda Husanovning narxini maksimal darajada ko‘tarib, katta klublarga sotib yuboradigan ko‘rinadi. Ular qisqa muddatda pul ishlashga qiziqyapti.
O‘zimga qolsa, Abduqodirni tarkibda saqlab qolish shart, degan qarorga kelib bo‘lganman.
Sabai:
Angliya klublari Husanovga “Lans”ga nisbatan bir necha baravar ko‘p maosh bera oladi. Abduqodirning o‘zi ham ketish istagini bildirishi mumkin.
Flo:
Hamma Husanovning “Lans”da qolishi tarafdori ekani ko‘rinib turibdi. Lekin xaridor klub stol ustiga 40 million yevro atrofidagi mablag‘ni qo‘ysa, “Lans” uni sotib yuborishi kerak. Husanov arzimagan pulga olib kelinganini inobatga olsak, bu sof foyda bo‘ladi.
Bonaparte:
Ko‘p yosh futbolchilardan farqli ravishda Abduqodir yulduzlik kasaliga chalinmagan. U pullar, hashamat, qimmatbaho mashinalarga, yorqin hayot kechirishga qiziqmaydi. Lekin muntazam Chempionlar ligasida qatnashishni, dunyoning eng zo‘r chempionati hisoblangan Angliya Premer-ligasida o‘ynashni orzu qilsa kerak!
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 2023 yilning yozida “Lans”ga ko‘chib o‘tgan va Fransiya chempionatidagi birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida tarixga o‘z nomini yozdirib qo‘ydi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar