
2024 yil yakunlanmoqda. Futbol olamida turli manbalar o‘z tahlillari natijalari va xulosalarini e’lon qilmoqda.
Bu jarayonda o‘zbek futbolchilarining atrofida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani muxlislarimizni xursand qiladi. Xususan, Rossiya Premer-ligasida yorqin o‘yinlari bilan ajralib turgan Abbosbek Fayzullayev haqida ketma-ket yaxshi xabarlar va e’tiroflar eshitayotganimiz yoqimli bo‘lmoqda.
Xususan, 21 yoshli hujumkor futbolchimizga Fransiyaning “Monako” va Ispaniyaning “Real Sosedad” klublaridan chorlov bo‘layotgani ortidan legionerimizning transfer summasi ko‘tarilgani ma’lum qilindi.
Transfer summasi 3 million yevroga qimmatlab, 8 million yevroga yetgan Abbosbek Fayzullayev SSKAning eng qimmat o‘yinchilari reytingida Igor Diveyev bilan ikkinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. Bu borada “armiyachilar”ning eng qimmatbaho o‘yinchisi Ivan Oblyakov hisoblanadi.
SSKAning sobiq futbolchisi Maksim Bokov jurnalistlarga bergan intervyusida Abbosbek Fayzullayevning mahoratini alohida e’tirof etdi.
Chempionatning birinchi qismida Marko Nikolich boshqarayotgan SSKA jamoasida Abbosbek Fayzullayev, Ivan Oblyakov va Tamerlan Musayev faol o‘yin namoyish qildi.
Premer-ligada Ivan Oblyakov 17 ta uchrashuvda to‘rtta gol va uchta assist qayd etgan bo‘lsa, Abbosbek Fayzullayev 16 ta bellashuvda maydonga tushib, ikkita to‘p kiritdi va jamoadoshlariga uchta golli pas uzatdi.
Hujumchi Tamerlan Musayev 18 ta o‘yinda yettita gol va bitta samarali pas muallifi bo‘ldi.
— Chempionatning birinchi qismida SSKAning eng yaxshi uch futbolchisini nomini ayting?
— Shubhasiz, Abbosbek Fayzullayev va Ivan Oblyakov. Ular yaqqol ajralib turdi. Bu ikki futbolchi jamoa o‘yinchilarini bog‘lab turadi.
Abbos – hali o‘sishda va maydonda o‘yinlari bilan o‘zini ko‘rsatishda davom etadigan futbolchi. Uning o‘zi hujumlarni tashkil qilish va vaziyatlarni samarali yakunlash qobiliyatiga ega ijrochi ekanini ta’kidlash lozim.
Tamerlan Musayevning ham ishchanlik qobiliyati namoyon bo‘lmoqda. Garchi gollari soni hujumchi uchun yetarli bo‘lmasa-da, u o‘z o‘yinlari bilan asosiy tarkibga loyiq ekanini ko‘rsatib kelmoqda.
— Pyanich hali o‘zini ko‘rsata olmayapti-ku?
— Shoshilmang, u jamoaga yaqinda keldi. Miralem jarohatdan keyin anchagina uzoq vaqt tiklanish holatidan chiqishiga to‘g‘ri keldi. Ayni paytda u keyinchalik asosiy figuralardan bo‘lishini namoyish qila boshladi.
SSKA chempionatning birinchi qismini oltinchi pog‘onada yakunladi. Lekin ekspertlar qishki tanaffusdan keyin jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarish bo‘lishiga ishonch bildiryapti. Taniqli murabbiy Aleksandr Tarxanov “armiyachilar” hali sovrinli o‘rinlar uchun kurashga qo‘shilishini ta’kidladi.
— SSKAning ishtirokiga qisqa baho beradigan bo‘lsak, oltinchi o‘rin bu jamoaga mos emas. Jamoa bor imkoniyatini ko‘rsatishi uchun ikkinchi davra oldinda.
Jamoa tarkibi kuchli va bosh murabbiy Marko Nikolich bahorda vaziyatni o‘nglay oladi. Tamerlan Musayev gol ura boshladi, Ivan Oblyakov yaxshi o‘ynayapti.
Bundan tashqari, Abbosbek Fayzullayevning o‘yini menga juda yoqadi, - dedi Aleksandr Tarxanov.
Eslatib o‘tamiz, SSKA rahbariyati o‘zbek futbolchisiga Yevropadan jiddiy qiziqishlar bo‘layotganini inobatga olib, Abbosbek Fayzullayev yangi shartnoma berishga qaror qilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar