
Italiyadagi yagona vakilimiz - Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va eng zoʻr toʻpurari Eldor Shomurodovning “Roma”dagi kelajagi hamon mavhum boʻlib turibdi.
Rim klubi yanvar oyidan boshlab tarkibda jiddiy oʻzgarishlar qilishga bel bogʻlagan. Xususan, bosh murabbiy Klaudio Raneri yangi markaziy hujumchi kutyapti. Klub mutasaddilari bir necha bor Raspadori va Beto kabi forvardlarni olib kelish variantlarini koʻrib chiqmoqda. Boshqa nomzodlar ham yoʻq emas, albatta.
“Roma” birinchi navbatda, besh nafar futbolchi bilan xayrlashishni rejalashtirmoqda. Roʻyxatga Eldor Shomurodov, Lorentso Pellegrini, Mario Ermoso, Zeki Chelik, Brayan Kristante kabi tajribali oʻyinchilar kiritilgan.
Aslida har transfer bozori atrofida Eldor Shomurodov masalasi koʻtariladi. Legionerimiz rimliklar asosiy tarkibida muqim joyiga ega emas. Biroq mahoratli va tajribali forvardni har transfer mavsumida bir necha klublar ijaraga olishga harakat qilib keladi.
Joriy mavsum davomida 29 yoshli oʻzbek hujumchisiga A Seriya debyutanti “Komo” va V Seriyada qolish uchun kurashayotgan “Salernitana” qiziqish bildirayotgani haqida ma'lumotlar tarqatilgan edi. Endi da'vogarlar roʻyxati kengaya boshladi.
L'Unione Sarda nashrining yozishicha, “Kalyari” rahbariyati oʻtgan mavsum jamoada oʻynab ketgan Eldor Shomurodovni chempionatning ikkinchi yarmi uchun ijaraga olishni maqsad qilgan.
“Kalyari”ning bu mavsum ham ishlari yaxshi emas. 17-turdan keyin sardiniyaliklar 14 ochko bilan xavfli zona – 18-oʻrinni egallab turibdi. Klub rahbariyati hujum chizigʻini kuchaytirishni reja qilgan. Chunki “Kalyari” ligada eng kam gol urayotgan toʻrt jamoadan biri. Hujumchilar orasida Roberto Pikkoli barcha uchrashuvlarda qatnashib, toʻrtta gol urdi. Leonardo Pavoletti va Zitu Luvumbu hisobida atigi bittadan gol bor xolos. Janluka Lapadula gollar hisobini ochgani yoʻq. Aynan perulik hujumchi tez kunlarda “Palermo”ga oʻtib ketmoqchi. Eldor Shomurodov uning oʻrniga taklif qilinadi.
- “Kalyari” hujum chizigʻini Eldor Shomurodov yordamida kuchaytirmoqchi. Biroq bunda bir muammo bor. “Roma” oʻzbek futbolchisini toʻliq transfer qilmoqchi. “Kalyari”ga Shomurodovni sotib olish va katta maoshini toʻlash ogʻirlik qiladi.
Shomurodov Sardiniya klubiga ijaraga oʻtishi mumkin, lekin buni “Kalyari” yanvarning oxirigacha kutishi kerak. Chunki “Roma” qishki transferlar davrida oʻz oʻyinchisini toʻliq transfer qiladigan da'vogar chiqishini kutadi, - deb vaziyatni sharhladi futbol eksperti Alberto Masu.
Eldor Shomurodov oʻtgan mavsum “Kalyari” safida 24 ta uchrashuvda uchtadan gol va assist muallifi boʻlgan. Hamyurtimiz kiritgan toʻplar va samarali paslari sardiniyaliklar uchun muhim uchrashuvlarda amalga oshirilgan va jamoaning yuqori divizionda qolishiga xizmat qilgan.
Joriy mavsumda legionerimiz rimliklar safida etarli oʻyin amaliyotiga ega boʻlmayapti. Eldor 12 ta uchrashuvda ikkita gol va bitta assist qayd etdi. Biroq bu bahslarda maydonda hammasi boʻlib, 285 daqiqa harakat qildi xolos.
Transfermarkt portalida hamyurtimizning transfer summasi 4 million evroga tushdi. Shomurodovning eng qimmat davri 2021 yilning oktyabrida “Roma”dagi faoliyatini boshlaganida qayd etilgan boʻlib, 14 million evroni tashkil etgan. Shomurodov shu tariqa oʻzbek futboli tarixidagi eng qimmatbaho oʻyinchi nomini olgan edi... “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar