18:37 / 30.12.2024
166

Eldor Shomurodovga kutilmagan yangi xaridor chiqdi

Eldor Shomurodovga kutilmagan yangi xaridor chiqdi
“Roma”da etarli darajada oʻyin amaliyoti berilmayotgan Eldor Shomurodov qishki transferlar vaqtida oʻziga yangi jamoa tanlash imkoniga ega boʻladi.

Hali qishki transfer oynasi ochilmay turib, 29 yoshli hujumchiga “Komo”, “Salernitiana”, “Kalyari” kabi Italiya klublari va Saudiya Arabistonining bir necha jamoalari qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqatilgan edi. Endi legionerimizga yana bir yangi da'vogar paydo boʻldi.

Taniqli insayder Janluka Di Martsio oʻz saytida ma'lum qilishicha, Eldor Shomurodovni “Empoli” oʻz safiga qoʻshib olmoqchi. Bu klub rahbariyati transferni yanvarga moʻljallagan.

- “Empoli” oʻz safiga yangi hujumchi qoʻshib olish boʻyicha ish boshladi. Bu jamoa forvardlaridan Petro Pellegrining jarohat olgani bilan bogʻliq. Toskaniya klubi “Roma”dan Eldor Shomurodovga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Oʻzbek futbolchisi asosiy transfer nishoni hisoblanadi.

“Jenoa”, “Spetsiya” va “Kalyari”ning sobiq futbolchisi yanvarda poytaxtni tark etib, “Empoli” safiga qoʻshilishi mumkin
, - deb yozdi Janluka Di Martsio.

“Empoli” Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 29 yoshli toʻpurariga qiziqayotgani bejiz emas, albatta. Chunki bu jamoa oldingi chizigʻida etarlicha kamchiliklar koʻzga tashlanmoqda.

Klub olti nafar hujumchini A Seriya roʻyxatidan oʻtkazgan. Ulardan jarohat olgan Petro Pellegri uchta, Lorentso Kolombo toʻrtta, Sebastyan Espozito oltita toʻp kiritgan. Qolgan uch nafar hujumkor futbolchi – Ola Solbakken, Emmanuel Ekong va Ispael Konate hali bu mavsum gollar hisobini ochgani yoʻq.

Qizigʻi shundaki, “Empoli”da joriy chempionatda faqatgina besh nafar futbolchi gol urishga muvaffaq boʻlgan. Yuqorida nomi keltirilgan hujumchilardan tashqari yarim himoyachi Emmanuel Gyassi ikkita va himoyachi Liberato Kakache bitta toʻp kiritishni uddalagan.

Yana bir qiziq ma'lumot. Yozda boshqa klubga oʻtishi kutilgan Eldor Shomurodovning “Roma”da qolishiga A Seriyaning ikkinchi turida aynan “Empoli”ga qarshi oʻtkazilgan uchrashuv sabab boʻldi. 25 avgust kuni “Olimpiko” stadionida boʻlgan oʻsha uchrashuvda oʻzbek legioneri 77-daqiqada zaxiradan oʻyinga qoʻshilganidan uch daqiqa oʻtib, “Empoli” darvozasini ishgʻol qildi. Keyingi vaziyatda bosh hakam hujumchimizga jarima maydonchasi ichida ishlatilgan qoʻpollik uchun penati belgilamay, xatoga yoʻl qoʻydi.

Rimliklarning oʻsha paytdagi bosh murabbiyi Daniele de Rossi Shomurodovning harakatlarini ijobiy baholadi va uni jamoada olib qolishga qaror qildi.

Oʻsha gol Shomurodov va “Roma”ning mavsumda urgan birinchi goli edi. Bundan tashqari, Eldor joriy chempionatda “Empoli” darvozasini ishgʻol qilgan birinchi futbolchiga aylandi.

Ta'kidlash joizki, Italiya chempionatida ham qishki transferlar bozori bir oy davom etadi. Bu muddat ichida Eldor Shomurodovga yana boshqa takliflar ham chiqishi katta ehtimol. Demak, legionerimiz atrofidagi vaziyatni kuzatishda davom etamiz...

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport