22:02 / 10.01.2025
4

Eldor Shomurodovni “top-5” ligadan kuchli klub chorlayapti...

Eldor Shomurodovni “top-5” ligadan kuchli klub chorlayapti...
Qishki transferlar oynasi davrida Eldor Shomurodov faoliyatida ham oʻzgarish boʻlishi kutilmoqda. “Roma” bosh murabbiyi Klaudio Raneri oʻzbek futbolchisini kelajakdagi rejalariga kiritmagan.

“Roma” 29 yoshli hujumchimiz oʻrnini bosa oladigan boshqa ijrochi qidirmoqda. Biroq hali poytaxtliklar bu masalani hal qila olgani yoʻq.

Rim klubi Shomurodov bilan xayrlashishga tayyorligi haqida ma'lumotlar chiqa boshlaganidan keyin legionerimizga “Komo”, “Salernitana”, “Venetsiya”, “Kalyari”, “Empoli” kabi bir necha mahalliy klublar qiziqish bildirdi.

Ayni paytda Italiyadagi da'vogar klublar soni uchtaga qisqargan. Shu bilan birga xorijdan birinchi taklif tushdi.

- “Kalyari” sport direktori Nereo Bonato oʻtgan mavsumda jamoaning yuqori diviziondagi joyini saqlab qolishga hissa qoʻshgan Eldor Shomurodovni yana ortga qaytarishga urinmoqda. Uning nishonida Viola Kuame ham bor. Lekin bu oʻyinchini olib kelish uchun ketadigan mablagʻ sardiniyaliklarga ogʻirlik qilayotgani bois ham asosiy kutilayotgan hujumchi Shomurodov hisoblanadi, - deb yozmoqda cagliaritoday.it sayti.

- “Empoli” kutayotgan oʻyinchilarning yuqori qismida hamon Eldor Shomurodov birinchilardan boʻlib turibdi. Bu jamoa bosh murabbiyi Roberto D’Aversa qoʻl ostidagi hujumchilarning aksariyati yangi asr avlodi ekanini inobatga olgan holda yosh forvardlar yonida Eldordek koʻpni koʻrgan tajribali oʻyinchi boʻlishini istamoqda, - deb yozdi sport.quotidiano.net manbasi.

- Shomurodov “Venetsiya” uchun ham birinchi raqamli transfer nishoni boʻlib turibdi. Venetsiyaliklar yana bir hujumchi – Nikolas Bonfantini zaxira varianti sifatida koʻrmoqda.

“Venetsiya” oʻzbek legionerini olish uchun bir necha toʻsiqlarni engib oʻtishi kerak. Xususan, “Roma”ning Shomurodov transferi boʻyicha talabini “Kalyari” va “Empoli” kabi klublar ham bajara olmayapti. Rimliklar oʻz hujumchisini keyinchalik sotib olish majburiyati bilan ijaraga bermoqchi.

Bu orada Shomurodovga xorijdan yaxshi taklif chiqdi. Bremenning “Verder” jamoasi Eldorni oʻz safiga chorlamoqda. Bu vaziyatdan koʻp narsa Shomurodovning tanloviga ham bogʻliq boʻladi
, - deb ma'lumot berdi trivenetogoal.it portali eksperti Dmitriy Kanello.

Ta'kidlash joizki, Shomurodovni oʻz safida koʻrmoqchi boʻlayotgan Italiya jamoalarining barchasi musobaqa jadvalining ikkinchi qismida bormoqda. “Verder” bu borada A Seriya vakillaridan ustun.

Bremenliklar Germaniya chempionatida 15-turdan keyin 25 ochko jamgʻargan holda “Mayns” hamda “Borussiya Dortmund” bilan birga beshinchi oʻringa da'vogarlik qilmoqda. Evropa Chempionlar ligasiga yoʻllanma beruvchi uchinchi va toʻrtinchi pogʻonada borayotgan “Ayntraxt” va “Leyptsig” bilan oradagi farq atigi ikki ochkoni tashkil qiladi.

“Verder” yuqori oʻrinlar uchun kurashayotgan boʻlsa-da hujum chizigʻida koʻp gol ura oladigan forvardga ehtiyoj sezmoqda. Bremenliklar kuchli ettilikdagi jamoalar orasida eng kam gol urgan ikki klubdan biri boʻlib turibdi.

Tarkibdagi toʻrt nafar hujumchilardan 30 yoshli Marvin Duksh toʻrtta, Jastin Njima ikkita, Oliver Berk va Keke Topp bittadan toʻp kiritgan xolos.

Eldor Shomurodovga bu mavsum ham “Roma”da juda kam oʻyin vaqti berilyapti. Legionerimiz A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasida 14 marotaba maydonga tushib, jami 305 daqiqa oʻynadi xolos. Maydonda oʻtkazgan vaqti kamligiga qaramay, tajribali forvard ikkita gol va bitta assist muallifi boʻldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport