08:13 / 21.01.2025
333

"Toshkuch"dan "Manchester Siti"ga qadar yoxud Husanov APLga shunchaki borib qolmagan

"Toshkuch"dan "Manchester Siti"ga qadar yoxud Husanov APLga shunchaki borib qolmagan
Ijtimoiy tarmoqlar va futbolning uzluksiz yoritilishi davrida, oʻyinchilar koʻpincha klubga deyarli noma'lum shaxs sifatida kelishi kamdan-kam uchraydi. Shu ma'noda, "Manchester Siti"ning oʻzbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovni sotib olishi oʻtgan davrlarga qaytishga oʻxshaydi goʻyo.

20 yoshli Husanov dushanba kuni Fransiyaning "Lans" klubidan 33,6 million funt sterling evaziga "shaharliklar" safiga qoʻshildi va Premer-ligada oʻynaydigan oʻz vatanining birinchi futbolchisiga aylandi.

Oʻrinbosarlar jamoasidan Belarus tomon...

Markaziy himoyachi faoliyatining asosiy qismi hali oldinda boʻlsa-da, bu transfer uning hayratlanarli yutuqlarining yakunidir. Toʻrt yildan kamroq vaqt ichida bu yosh himoyachi bir necha bor rad etilgan javoblarni engib oʻtib, futbol olamining eng istiqbolli yulduzlaridan biriga aylandi.

Husanov futbolchilik faoliyatini etti yoshida "Toshkuch"dan Toshkentning "Bunyodkor" klubi akademiyasiga oʻtganida boshlagan. U darhol oʻzidan ikki yosh katta boʻlgan bolalar bilan oʻynay boshladi, uning iste'dodi va maydon boʻylab oʻynash qobiliyati shunday edi.

Biroq, 17 yoshida klub uni uchinchi darajali oʻrinbosarlar jamoasidan boshqa narsani kafolatlash uchun etarli darajada kuchli yoki jismonan tayyor emasligini aytdi. Husanovning otasi, sobiq Oʻzbekiston terma jamoasi a'zosi Hikmat Hoshimov muqobil variantlarni izlashga qaror qildi. Bunda esa yakuniy tanlov Belarusning "Energetik-BGU" jamoasi boʻldi.

Klub Husanovni debyutini oʻtkazishi uchun bir yil kutishi kerak boʻlishiga qaramay, uni safga qoʻshib oldi. Sababi, Belarusda futbolchilar 18 yoshga toʻlmaguncha professional shartnomalar imzolay olmaydi. Oʻynash huquqiga ega boʻlgach, Husanovning ta'siri darhol sezildi. Hozirda faqat markaziy himoyachi sifatida oʻynagan Husanov "Energetik-BGU"ga 2022 yilda Belarus oliy ligasida ikkinchi oʻrinni egallashga yordam berdi.

"Husanovni hech kim tanimas edi"

Husanovning rivojlanib borishi oʻz vatanidagi muxlislar tomonidan deyarli e'tirof etilmagan boʻlsa-da, uning keyingi harakatlari Oʻzbekiston terma jamoasidagi yutuqlari bilan bogʻliq edi. 2023 yil mart oyida 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo kubogi uchun terma jamoaga kech chaqirilgan Husanov har bir daqiqada oʻynadi va uning jamoasi tarixiy chempionlikni qoʻlga kiritdi.

Natijada Oʻzbekiston 2023 yilning may oyida 20 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasidagi Jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Mundialda "Lans"ning skaut menejeri Baptiste Favier himoyachining harakatlarini kuzatdi. Oʻsha yilning iyul oyida "Lans" uni atigi 84 000 funt sterlingga sotib oldi.

"Lans"ga kelganida uni hech kim tanimas edi, - deydi "Get French Football News" bosh muharriri Lyuk Entvistl.

Ushbu mavsumda Husanov Jonatan Gradit, Kevin Danso va Facundo Medinalarning tarkibdagi barqarorligini buzdi va Liga 1da 13 ta oʻyinda maydonga tushdi, ulardan 11 tasi asosiy tarkibda.

Husanovning dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylanishiga shunchalik ishonch borki, "Lans" klubi oʻz toʻplami uchun uning oʻyinda kiygan imzoli futbolkasini saqlab qoʻygan. Bu amaliyot faqatgina klub tarixida iz qoldirgan eng buyuk futbolchilar uchun qoʻllaniladi.

Tank? Monster yoki Poyezd?

Sambaning Husanovni "monster" deb ta'riflagani, "Lans" jamoasi bosh murabbiyi Uill Stillning uni "tank" deb atagani va vatanida u "Poyezd" laqabini olganining oʻz sababi bor.

"U kuchli toʻxtatishlari, havoda oʻynash mahorati va dadil uslubi bilan tanilgan qudratli himoyachi," deydi jurnalist va "Football Manager" oʻyinining Markaziy Osiyo boʻyicha tadqiqotchisi Tomas Bullok.

"Husanov toʻpni yaxshi boshqaradi. Biroq, uning eng ajralib turadigan xususiyati - bu tezligi. Bu unga tez tiklanish va chaqqon hujumchilarni ta'qib qilish imkonini beradi."

Entvistl qoʻshimcha qildi: "Abduqodir oldinga chiqib, yarim himoyaga bosim oʻtkazishni yoqtiradi. U bellashuvlarda kuchli, hech qachon yarim-yorti harakat qilmaydi. U juda yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega oʻyinchi."

Oʻzbek tilida Abduqodir "qudratli" degan ma'noni anglatadi. Bu ism ota-onasining uzoqni koʻra bilish qobiliyati tufayli qoʻyilganmi yoki shunchaki taqdir taqozosimi? Bundan munosibrogʻi boʻlmasa kerak!

Jahongir Inomjonov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport