12:30 / 21.01.2025
228

APLdagi ilk oʻzbek. Abduqodir Husanovning transferi haqida asosiy gaplar

APLdagi ilk oʻzbek. Abduqodir Husanovning transferi haqida asosiy gaplar
Foto: mancity.com
Tarixiy transfer. Bu roʻy berdi. Oʻzbekistonlik 20 yoshli himoyachi Abduqodir Husanov nihoyat «Manchester Siti» futbolchisiga aylandi. Tomonlar 2029 yil yoziga qadar amal qiluvchi shartnomani imzolashgan.

«Lans» safidan tumanli albionga oʻtgan futbolchi oʻziga bir vaqtlar Mario Balotelliga tegishli boʻlgan 45-raqamli futbolkani tanladi. Uning oʻzi klub saytiga bergan intervyusida bu raqamni tanlashi Belarusda professional futbolni boshlaganida shu 45-raqamda oʻynagani bilan izohlagan.

U intervyuda «Manchester Siti»da dunyoning eng yaxshi futbolchilari yigʻilgani va ular bilan birgalikda maydonga chiqishini sabrsizlik bilan kutayotgani, Pep Gvardiolani — barcha davrlarning eng yaxshi murabbiylaridan deb bilishini va undan oʻz oʻyinini yaxshilash uchun koʻp narsa oʻrganish imkoniyatiga ega boʻlayotganidan mamnunligini ta'kidlab oʻtgan. «Men va oilam uchun bunday buyuk klubga qoʻshilish katta faxr beradi va men bu chaqiriqqa tayyorman», — degan futbolchi.

15 klub qiziqqan, jumladan «Real» ham

Husanov yangi mavsum boshida porlay boshladi va «Lans» mudofaasi etakchisiga aylandi. Dekabrga kelib u Evropaning top-klublari nazariga tushdi, frantsuz nashrlari dastlab «Chelsi» va «Nyukasl» tomonidan qiziqish haqida xabar berishdi, yanvar oyiga kelib Sky Sports da'vogarlar roʻyxatiga «Manchester Siti»ni qoʻshdi, Ispaniyaning AS nashri esa — Madrid «Real» klubini. Shuningdek, OAVda «Yuventus», «Milan», «Bayer», «Borussiya», «Tottenhem», «Leyptsig» va boshqa klublar ham futbolchi uchun kurashga qoʻshilgani toʻgʻrisida xabarlar chiqib turdi — bunday klublar soni 15 ga yaqin edi.

Koʻp oʻtmay haqiqiy da'vogarlar ikkita ekani oydinlashdi — «Real» va «Siti». Manchester klubi bu qishda inqirozdan chiqish maqsadida keng koʻlamli xaridlarni amalga oshirmoqda va ma'lumotlarga koʻra, buning uchun 200 million yevro sarflashga tayyor. Husanov ushbu strategiyaning bir qismi boʻldi: u mudofaa markazidagi muammolarni yopishga chaqirilgan.

«Real»ga ham himoyachi kerak edi: Eder Militaoning jarohati klubni muhim futbolchisiz qoldirdi, uning oʻrniga koʻrib chiqilgan «Tottenhem»dagi Mikki van de Ven yoki «Leyptsig»dagi Kastello Lukeba nomzodlari esa qimmatlik qildi (60 million yevrodan).

«Siti» bu raqobatda gʻolib chiqishida ham moliya asosiy rolni oʻynagan boʻlishi mumkin. Nufuzli insayder Fabritsio Romano bergan ma'lumotga koʻra, «shaharliklar» transfer uchun «Lans»ga 40 million yevro toʻlaydi, bonuslar bilan bu miqdor 50 million yevroga etishi mumkin. «Real» katta ehtimol bilan bunday taklif bera olmagan.

Top-klublar nima uchun talashdi?

Chunki u juda zoʻr koʻrsatkichlarga ega. Husanov — toʻpni olib qoʻyish boʻyicha Evropada tengsiz (har 90 daqiqaga oʻrtacha 2,54 marta), yakkakurashda ustun kelish boʻyicha eng yaxshilardan biri (har 90 daqiqaga oʻrtacha 2,44 marta), shuningdek juda tez yuguradi, bu mavsumdagi eng yaxshi natijasi - soatiga 37 kilometrga etgan; oʻyinni yaxshi oʻqiydi va oʻzini ham, raqibini ham ayamay toʻpga tashlanadi, lekin qoidani buzmagan holda podkatlarda samarali harakat qiladi.

«Siti» himoyachilari bilan solishtirganda ham Husanovning statistikasi yaxshiroq: u barcha koʻrsatkichlar boʻyicha Stounz, Akanji va Diashdan oldinda. Toʻpni olib qoʻyish boʻyicha Husanov Evropadagi eng yaxshi 1 foiz futbolchi qatorida. Toʻp yoʻnalishini toʻsishda eng yaxshi koʻrsatkich «Siti» futbolchilari orasida Diashda - bir oʻyinga oʻrtacha 0,99, Husanovda esa 2,4. Havodagi duellarda gʻolib chiqish boʻyicha Stounz jamoaning eng yaxshisi - har oʻyinda oʻrtacha 1,64 marta, Husanovda esa 2,58 marta.

Ammo unda kamchiliklar ham yoʻq emas: Husanov pleymeyker hisoblanmaydi va hozircha zamonaviy himoyachilardan hujumda faol boʻlish boʻyicha talablarga toʻla javob bera olmaydi.

Chunki Abduqodirda shu vaqtgacha ijodkorlikka vaqt boʻlmagan — uning faoliyatida bu jihatlarga e'tibor qaratadigan klub boʻlmagan va u birinchi navbatda raqib oʻyinini buzuvchi futbolchi sifatida oʻsgan.

Lekin u hali yosh va mashgʻulotlarda jamoa oʻyiniga moslashishi oson boʻladi, qolaversa, uning transferini shaxsan Xosep Gvardiolaning oʻzi soʻragan.

Qisqa vaqtdagi koʻtarilish

Abduqodir Husanovning hikoyasi ta'sirli. Uning futbolchi boʻlgan otasi Hikmat Hoshimov koʻp yillar «Metallurg» safida oʻynagan, Oʻzbekiston milliy jamoasi libosida 15 oʻyin oʻtkazgan. U oʻgʻlini ortiqcha e'tibordan himoyalash uchun unga bobosining familiyasi bergan, Abduqodir bolaligidan otasidan namuna olgan va ota ham u «yulduzlik kasali»ga chalinishiga yoʻl qoʻymagan.

«Bunyodkor» murabbiylari unda etarli salohiyat yoʻq deb hisoblashgani tufayli u 16 yoshida klubni tark etgan. Ammo Abduqodir taslim boʻlmagan: Belarusga borib, «Energetik-BGU» klubida shugʻullana boshlagan. 18 yoshida u ushbu jamoaning asosiy futbolchisiga aylangan.

Bunga parallel ravishda u Oʻzbekistonning turli yosh toifasidagi jamoalarida oʻzini koʻrsatib, yevropalik skautlar nazariga tushgan — 2023 yilda «Lans» uni 100 ming yevro evaziga oʻz safiga qoʻshib olgan.

Shundan buyon Husanovning Transfermarkt portalidagi narxi jadal sur'atlarda oʻsdi — 2023 yildagi 400 ming yevrodan 2025 yildagi 40 million yevrogacha. «Manchester Siti» esa bu qadar katta pulni bejiz sarflamaydi.

Husanov – APL tarixidagi ilk oʻzbekistonlik. Endi u va «Manchester Siti»ning oʻyinlarini nafaqat butun Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlaridagi muxlislar ham katta qiziqish bilan kuzatishadi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport