Taniqli "GOAL.com" nashrida hamyurtimiz Abduqodir Husanov haqida katta material e'lon qilindi. E'tiborli tomoni shundaki, maqolada Abduqodirning kuchli tomonlari va nima uchun “Siti“ sotib olishga qaror qilgani chuqur tahlil qilingan.
20 yoshli futbolchi Pep Gvardiolaning qishki transfer oynasidagi ilk tanlovi boʻlgani bejiz emas. Amaldagi Angliya chempionlari mudofaa chizigʻini kuchaytirishga bel bogʻlagan. Ser Aleks Fergyussonning aytgan mashhur jumlasi bor: “Hujum chizigʻi sizga oʻyinda gʻalaba taqdim etadi, himoya chizigʻi esa titul yutib beradi!” Bu soʻzlar “Manchester Siti“dek kuchli hujumchilarga ega jamoa misolida ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Misol uchun, klub Gvardiola davrida 6 marotaba APLda zafar quchgan. Oʻsha mavsumlarning barchasida “shaharliklar“ chempionatdagi eng yaxshi mudofaa chizigʻiga ega edi. Aynan orqa chiziqdagi ogʻriqli muammo amaldagi chempionlarning bugun chinakam bosh ogʻrigʻiga aylanib ulgurgan.
Bugungi kunda “Siti“ ligada eng yaxshi mudofaa chiziqlari roʻyxatida ayanchli — 9-pogʻonani zabt etmoqda. 22 oʻyinda 29 bor oʻz darvozasidan toʻp olib chiqqani soʻzimizga isbot boʻla oladi. Hatto, elitada jon saqlab qolish uchun jang qilayotgan “Everton“ ham “Siti“dan kamroq toʻp oʻtkazib yuborgan. E'tiborli tomoni shundaki, “Siti“ mamlakat chempionligini qoʻlga kiritgan 2017/18, 2018/19 va 2021/22 yilgi mavsumda 38 oʻyinda 29 marotaba gol oʻtkazib yubormagan edi.
Hozir klub mudofaa chizigʻida etarlicha yoʻqotishlar bor. Kayl Uoker jismoniy formasini tiklay olgani yoʻq. Ruben Diash, Natan Ake va Jon Stounzlar esa jarohat sababli mavsumning katta qismini oʻtkazib yuborishga majbur boʻldi. Yosh masalasida ham “shaharliklar“ning eng qariya liniyasi himoya hisoblanadi. Uoker, Stounz, Ake va Akanji mavsum soʻngida 30 yoshni qarshi oladi.
Bundan kelib chiqsak, “Siti“ qishdayoq himoya chizigʻini kuchaytirishga harakat qilishi tabiiy edi. Shu bois, klub tezkor, agressiv boʻlgan “Lans“ning markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovga e'tibor qaratdi. Futbolchi klub rahbarlarining e'tibor markaziga tushgani bois, ortiqcha muammosiz 34 million funt sterling toʻlab uni tarkibga qoʻshib olishdi.
"GOAL" nashri Angliya premer-ligasidagi ilk oʻzbekistonlik futbolchi haqida his-hayajon bilan soʻzlab beradi!
Husanov futboldagi ilk qadamlarini Oʻzbekistonning “Bunyodkor“ akademiyasida boshlagan. Bu paytga kelib, uning otasi va sobiq terma jamoa a'zosi Hikmat Hoshimov oʻz faoliyatini yakunlagan edi. Qahramonimiz otasi singari “Bunyodkor“ libosini kiymoqchi edi, ammo unga ozgʻin va kichik jussali boʻlgani bois rad javobi berildi. Natijada, futbolchi 16 yoshida “Bunyodkor“ akademiyasini tark etib, “Energetik BGU“ klubi bilan shartnoma imzoladi. Tez orada jamoaning asosiy futbolchisiga aylandi.
Oldinga tashlangan qadam!
Belarusga koʻchib oʻtgach, oz fursatdan soʻng uning karerasida katta burilish boʻlgan voqea sodir boʻldi. Oʻzbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi oʻz uyida oʻtgan Osiyo chempionatida gʻolib chiqdi. Husanov qoʻriqlagan himoya chizigʻi oʻz ishini butun turnir davomida a'lo darajada uddaladi. Umumiy hisobda yoshlar terma jamoasi bor yoʻgʻi bitta gol oʻtkazib yubordi xolos. Musobaqa yakunlangach, taniqli nashr — "CIES Football Observatory" talqiniga koʻra, dunyoning eng kelajagi porloq himoyachilaridan biri deb e'lon qilindi.
Oradan 2 oy oʻtib, Abduqodir oldinga qadam tashlashni uddaladi. 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Argentinada oʻtgan Jahon chempionatida toʻliq ishtirok etdi. Uning terma jamoasi pley-offning 1/8 bosqichida Isroilga soʻnggi daqiqalarda gol oʻtkazib yuborib magʻlub boʻldi, ammo Husanovni “Lans“ skautlari payqab qoldi. Natijada, “Energetik BGU“ uni 100 ming yevro evaziga Fransiya klubiga transfer qildi.
Ishlar qanday kechdi?
2023 yilda Abduqodir Husanov Oʻzbekistonning eng yaxshi futbolchisini aniqlash nominatsiyasida 2-pogʻonani zabt etdi. U klub safida debyut mavsumda 11 marotaba maydonga tushdi. EChLda esa “Arsenal“ bilan toʻqnash keldi. Shuningdek, qahramonimiz Oʻzbekiston terma jamoasi va Olimpiya terma jamoasi safida ham toʻp tepdi. Parijda boʻlgan turnirda u Ispaniya Olimpiya jamoasi bilan toʻqnash keldi.
Keyingi mavsumda uning karerasidagi chinakam tepaga koʻtarilish sodir boʻldi. “Lans“ning asosiy himoyachisi Kevin Danso “Roma“ga oʻtish arafasida boʻlgani bois, Husanov uning oʻrnini egalladi. Danso tibbiy koʻrikdan oʻtish chogʻida yuragida aniqlangan muammo sababli ortga qaytishga majbur boʻldi. Futbolchiga sogʻliqdagi muammolar sababli mashgʻulotlar oʻtkazmaslik va futboldan uzoq turishni shifokorlar maslahat berdi. Avstriyalik futbolchining yoʻqligidan Abduqodir maksimum foydalandi. Oktyabr oyida Danso jamoaga qaytdi, ammo bu paytga kelib Abduqodir allaqachon asosiy tarkibdagi oʻrnini sugʻurtalab boʻlgan edi.
Danso sekin-asta formasini tikladi va “Lans“ning asosiy uchligiga kirdi, ammo Husanovga sherik sifatida. Gradit va Medina asosiy tarkibdagi soʻnggi markaziy himoyachi oʻrni uchun kurasha boshladi. “Lans“ chempionatda 7-pogʻonada borayotganiga qaramay, ular mudofaa chizigʻi boʻyicha Fransiyaning eng yaxshi 3-jamoasi sanaladi. Klub Fransiya chempionatida bor yoʻgʻi 18 ta gol oʻtkazib yuborgan xolos.
Uning kuchli tomonlari nimada?
Husanov oʻzining jismoniy baquvvatligi va kurashlardan qochmaydigan xarakteri bilan yaqqol koʻzga tashlanib turadi. “Lans“ darvozaboni Bris Sanba uni “meni qoʻrquvga soladigan monstr“ deb atagan edi. Oʻzbekistonlik jurnalist — Narzulla Saydullayev: “Oʻzbekistonda poyezd urdi nima, Abduqodir urdi nima“, degan atama borligini ma'lum qilgan edi.
Himoyachi tezlik bobida ham hayron qoldiradigan imkoniyatga ega. Oʻtgan yilning soʻnggi oylaridan birida u soatiga 37 km tezlik bilan harakat qilib, “Reyms“ a'zosi Junio Itoga etib olgan kadri koʻpchilikni hayron qoldirdi.
Vaholanki, bu omil uning asosiy kuchli tomoni emas. Temp, agressiya va kuch. Shuningdek, futbolchi yuqori taktik intellekt egasi ekanligini ham e'tirof etish joiz. Shuningdek, uning toʻp bilan a'lo darajada munosabatda boʻlishi va aql bilan hujumlar boshlay olishi ham asosiy kuchli tomonlaridan biri sanaladi. Futbolchi haqida “Lans“ bosh murabbiyi — Uill Still shunday deydi:
“U juda xotirjam, kuchli va tezkor, ammo koʻp gapirib oʻtirmaydi. Men kelgan payt Danso ketish arafasida edi, klub sport direktori xavotir olmasligimni, Qodir bor va u tayyorligini aytgan edi. Keyinroq, Jan-Lui Leka haq ekanligini tez orada bilib oldim. Husanovning potentsiali katta".
Kuchaytirish mumkin boʻlgan fazalar!
Husanov qaror qabul qilish va paslarni yaxshilash borasida “Siti“ talabiga mos kelish uchun oʻsishi kerak. Shuningdek, til masalasidagi barerni ham qisqa fursatda engib oʻtish talab etiladi. U “Siti“ning boshqa futbolchilari singari juda kamgap. Ichki muhitga kirishib ketishi uchun doimiy muloqotda boʻlishi talab etiladi.
Yangi Ruben Diashmi?
Futbolchining agressiv oʻyini Ruben Diashni eslatib yuboradi, ammo ikkinchi qavatdagi kurashlardagi faolligi ham bor. 20 yoshli himoyachining ayrim oʻyin elementlarida koʻpchilik toʻp uchun kurashda qoʻrqmasligi va toʻqnashuvlardan qochmasligi borasida Nemaniya Vidichni ham koʻradi.
Katta ehtimol bilan, Abduqodir yarim mavsum davomida ikkinchi darajadagi rolni ijro etadi. Agar jarohatlar “Siti“ni bezovta qilsa, u APL va EChLda muammoga echim boʻlish oʻrnida koʻriladigan birinchi raqamli da'vogar.
Oybek Yuldoshev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar