17:39 / 01.02.2025
680

Husayn Norchayev Portugaliya klubiga nima uchun oʻtmaydigan boʻldi?

Husayn Norchayev Portugaliya klubiga nima uchun oʻtmaydigan boʻldi?
Foto: “OʻFA”
Oʻzbekistonlik futbolchi Husayn Norchayev Portugaliyaning “Braga” klubiga viza sabab oʻtmaydigan boʻldi.

Klub futbolchiga tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun xat yuborgan. Norchayev Qatardagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yigʻinini erta tark etib, Toshkentga qaytdi. Portugaliyada qishki transfer oynasi 3 fevral kuni yopiladi.

Oʻzbekistonda Portugaliya elchixonasi yoki vakolatxonasi yoʻqligi sababli futbolchining agentlari Toshkentdagi Fransiya elchixonasi orqali Rossiyadagi Portugaliya elchixonasiga aloqaga chiqqan.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham futbolchiga yordam qoʻlini choʻzgan. Biroq Portugaliya elchixonasi xodimlari qisqa muddatda viza tayyorlab bera olmasligi, futbolchidan dushanba kuni Moskvaga uchib kelishni soʻragan. Dushanba kuni Portugaliyada qishki transfer oynasi yopiladi. Futbolchi bu paytda oʻsha erda boʻlishi talab qilinadi.

Ayni shu sabab bilan mazkur transfer amalga oshmaydigan boʻldi.

“Dushanba kuni hujjatlar topshirilsa, 2—3 kunda viza chiqadi. Ungacha transfer oynasi yopiladi. Barchasi hal edi. Afsuski, viza sabab bu transfer amalga oshmaydi”, deydi futbolchiga yaqin manba “Daryo”ga.

Ma'lumot uchun, Norchayev 2002 yil, 6 fevral kuni Qashqadaryoda tugʻilgan. Oʻtgan mavsumni Fargʻonaning “Neftchi” klubida oʻtkazdi. Transfermarkt portali futbolchini 400 ming yevroga baholagan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport