Eldor Shomurodovning “Udineze” va “Ayntraxt”ga qarshi oʻtkazgan uchrashuvlarda yaxshi oʻynaganidan keyin bosh murabbiy Klaudio Raneri legionerimizni “Napoli”ga qarshi bahsda asosiy tarkibda maydonga tushirdi.
Bu poytaxt klubi murabbiylar shtabining oʻzbek futbolchisiga boʻlgan ishonchini koʻrsatdi. Chunki A Seriyada peshqadamlik qilayotgan “Napoli” eng kuchli himoyaga ega. Neapolliklar “Roma” bilan oʻyingacha 22 ta uchrashuvda oʻz darvozasidan atigi 15 ta toʻp olib chiqqan edi.
“Olimpiko”dagi toʻqnashuvda kuchlar teng keldi – 1:1. Eldor Shomurodov maydonda 80 daqiqa harakat qilib, oʻrnini jahon chempioni Paulo Dibalaga boʻshatib berdi.
“Roma” faoliyatini yoritib borayotgan laroma24.it sayti ekspertlari jamoa oʻyinchilarining harakatini quyidagicha baholadi.
SVILAR 5,5:
Raqib futbolchisi Spinastsola gol urgan vaziyat darvozabonning shoshqaloqligi oqibatidir. Svilar “Roma”ni magʻlubiyatdan qutqarib qolgan Anjelinoga rahmat aytib qoʻyishi kerak.
RENSh 6:
“Roma”ning yangi oʻyinchisi Rensh murabbiylar,jamoadoshlari va poytaxtlik muxlislar ishonchini oqlay boshladi.
MANChINI 5,5:
Neres va Spinastsolaga qarshi ancha samarali himoyalandi. Biroq gol kiritilgan vaziyatda uning ham aybi bor.
NDIKA 6,5:
Evan Ndika “boʻrilar” himoyasini oʻz zimmasiga olgan. Bu futbolchi “Napoli” yulduzi Romuli Lukakuga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
ANJELINO 7:
Chap oyoqda yoʻllagan zarbasi rimliklarni magʻlubiyatdan qutqarib qoldi. Uchrashuv davomida faollik koʻrsatdi. Maydonda qattiq kurash olib bordi.
KRISTANTE 5,5:
Oʻyinga kirishib ketishi juda qiyin boʻldi. Juda koʻp xato qildi. Oqibatda 64-daqiqada oʻrnini Artyom Dovbikka boʻshatib berdi.
DOVBIK 5,5:
Klaudio Raneri vaziyatni oʻzgartirish uchun bir necha yangi kuchlarni maydonga tushirdi. Dovbik kutilgan darajada oʻyin namoyish qila olmadi.
PIZILLI 5:
Bellashuvni faol boshlagan yarim himoyachi keyinchalik oʻyindan tushib qoldi.
KONE 6:
Bu futbolchining harakatlarini ijobiy baholash mumkin. Raneri oʻyin taktikasini oʻzgartirish uchun Koneni 56-daqiqada zaxiraga oldi.
PAREDES 6,5:
Konening oʻrnini egallagan tajribali Leandroga oʻyinni oʻz qoʻliga olishi uchun bir necha daqiqa kifoya qildi. Keyin mahoratini koʻrsata boshladi.
SULE 6:
Toʻpni nazorat qilishga urindi, kurashlarda koʻp qatnashdi. Rimliklarning golida ishtirok etdi.
EL-ShAARAVI 5,5:
Oʻyinda faollik koʻrsatishiga qaramay, harakatlari ishonchli chiqmadi. Tez charchab qoldi va oʻrnini Salemakersga boʻshatib berdi.
SALEMAKERS 7:
Bu futbolchi maydonga tushishi bilan hujumni kuchaytira oldi. “Roma” gol urgan vaziyatda Anjelinoga aniq pas bera oldi.
ShOMURODOV 6:
Klaudio Ranerining ishonchini oqlashga urindi. Eldor oʻyin davomida juda koʻp qora ishni amalga oshirdi. Mehnatkashligi uning asosiy quroli. “Napoli” himoyachilari bilan ancha kurashdi, raqib darvozasiga xavf solib turdi.
RANERI 6:
“Roma” transfer bozorida faollik koʻrsatmayapti. Raneri qoʻl ostidagi oʻyinchilardan unumli foydalanishga urinyapti. Oʻyinchi almashtirish orqali magʻlubiyatdan qutilib qoldi. Oʻz vaqtida amalga oshirilgan oʻzgarishlari uchrashuv oxirida samara berdi. Klaudio Raneri “Roma”ni qabul qilib olganidan beri jamoa oʻyini ijobiy tomonga oʻzgarmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar