![Angliya, Husanovni yaxshilab tanib ol! Uning uchta “laqabi”ni aytishdi...](/uploads/posts/2025-02/282b163ea5_scale_1200.webp)
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Lans”dan “Manchester Siti”ga koʻchib oʻtganidan beri turli muhokamalar markaziga tushib qoldi.
Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda futbolchimiz haqida juda koʻp ma'lumotlar tarqatilmoqda. Birinchi navbatda, bunga 20 yoshli legionerimizning jami 50 million yevro evaziga juda mashhur klubga oʻtgani sabab boʻldi.
Qolaversa, yosh futbolchi Angliyaga koʻchib oʻtganining beshinchi kuni dunyoning eng murakkab va shiddatli ligasida debyut qildi. Shuningdek, Angliya kubogi doirasida “Siti”dagi ikkinchi uchrashuvidayoq, zaxiradan maydonga tushib, gol urdi va Xosep Gvardiolani sharmandali magʻlubiyatdan qutqarib qoldi.
Umuman olganda, “Chelsi”ga qarshi oʻyinda golga sababchi boʻlgan Abduqodir Husanov keyingi imkoniyatdayoq “Manchester Siti”ning ashaddiy muxlislari mehrini qozondi, murabbiylar ishonchini oqladi.
Angliya matbuotida Abduqodir Husanov haqida ma'lumotlar koʻpayib bormoqda. Bu bir tomondan hamyurtimizni ingliz auditoriyasiga yanada kengroq tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi.
- Abduqodir Husanov “Lans”ga kelganida uni hech kim tanimas edi. Debyut mavsumida koʻp oʻynagani yoʻq. Lekin keyingisida imkoniyat berilishi bilan aqlbovar qilmas narsalarni amalga oshira boshladi.
Husanov raqibga bosim oʻtkazishni yaxshi koʻradi. Hech qachon boʻshashmaydi, yakkakurashlarda yutqazishni hazm qila olmaydi. Jismonan baquvvat oʻyinchi, - deb ta'rif berdi Get French Football News nashri bosh muharriri Lyuk Entvinstl.
Sport olamida mashhur yulduzlarga ularning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, laqab qoʻyish odati bor. Abduqodir Husanov ham bundan “quruq” qolgani yoʻq.
Britaniyalik jurnalist Aleks Brozerton ayni paytda Husanovning uchta laqabi borligini aniqladi. Bular “Monstr”, “Tank” va “Poyezd”.
Xoʻsh, bu oʻxshatishlarni kim oʻylab topgan.
Abduqodirni birinchi bor “Monstr”, deb “Lans” va Fransiya terma jamoasi darvozaboni Bris Samba atagan edi.
- Husanov – “monstr”, uning “Nistsa”ga qarshi qanday oʻynaganini koʻrdingizmi?... Men undan qoʻrqib qoldim. Uning bu yoshda bunaqa oʻynashi odamni hayratga soladi. Bunaqa oʻyini bilan biz uni uzoq vaqt ushlab qololmasak kerak, - degan edi tajribali darvozabon Bris Samba.
“Lans”ning bosh murabbiyi Uill Still hamyurtimizning jismoniy baquvvatligi, kurashuvchanligi va toʻqnashuvlardan hayiqmasligini izohlash uchun esa, uni “Tank”, deb atay boshlagandi.
Aleks Brozerton nihoyat, Husanovga “Poyezd” degan laqab oʻzbekistonlik muxlislar tomonidan berilganini yozadi. Darhaqiqat, terma jamoamizdagi oʻyinlari davomida ishqibozlar “Raqibga Husanov urildi nima-yu, Afrosiyob poyezdi tegdi nima?”, deb hazillashishadi.
Darvoqe, Husanov oʻzi oʻynagan deyarli barcha uchrashuvlarda legionerimiz raqib hujumchilariga katta tezlikda etib olib, elkama-elka kurashda ularni bir turtib uchirib yuborishi odat tusiga aylangan.
Buni yevropalik ekspertlar ham e'tirof eta boshladi.
- Abduqodir Husanov jismonan baquvvat, kuchli va shiddatli harakatlari, havoda kurashish mahorati va tajavuzkor usuli bilan ajralib turadigan oʻyinchi.
Oʻzbek futbolchisi toʻpga oʻziga ishongan holda egalik qiladi, lekin uning eng kuchli tomoni juda katta tezligi, tezkor hujumchilarga etib olib, ulardan toʻpni tortib olishi va jamoasi hujumini boshlab berishidir, - degan xulosani berdi Football Manager markazining Markaziy Osiyo boʻyicha tadqiqotchisi Tomas Bullok.
Abduqodir Husanovning faoliyatini kuzatib borayotganlar uning hali yoshligini inobatga olib, Xosep Gvardioladek tajribali mutaxassis oʻzbek futbolchisining yangidan yangi qirralarini kashf etishiga umid bildirmoqda.
Demak, biz ham Abduqodir Husanovning oʻyinlarini sinchkovlik bilan kuzatib borishda davom etamiz. Chunki koʻz oʻngimizda yangi tarix yaratadigan futbolchi shakllanmoqda... “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar