date
views 10 822

Gʻalati duel: Eldor Shomurodov yoki Artyom Dovbik?

Gʻalati duel: Eldor Shomurodov yoki Artyom Dovbik?
A Seriyaning 24-turiga kelib, “Roma” chempionat oʻyinlari orqali Evropa Chempionlar ligasiga yoʻllanma ola bilmasligi oydinlashib qolgan.

Chunki poytaxt “boʻrilar”i qit'aning eng nufuzli turniriga yoʻllanma beruvchi soʻnggi pogʻona – toʻrtinchi oʻrinda borayotgan “Latsio”dan 11 ochko orqada qolmoqda. Orada esa, “Yuventus”, “Fiorentina”, “Milan”, “Bolonya” kabi mavsumni yaxshi oʻtkazayotgan jamoalar ham “Latsio”dan bu pogʻonani tortib olish uchun kurashmoqda.

“Roma” Italiya kubogi uchun ham kurashni toʻxtatganini inobatga olsak, Klaudio Raneri shogirdlarida mavsumni muvaffaqiyatli yakunlashi Evropa ligasidagi natijalarga bogʻliq boʻladi.

Poytaxtliklar yangi formatda oʻtkazilayotgan bu musobaqaning umumiy bosqichidan bir amallab oʻtib oldi. Endi rimliklar nimchorak finalga chiqish uchun pley-offning oʻtish oʻyinida “Portu” bilan ikkita uchrashuvda kuch sinashishi lozim.

Birinchi oʻyin 13 fevral kuni Portugaliyada boʻladi.

“Roma” faoliyatini kuzatib borayotgan muxlisu mutaxassislarni bosh murabbiy Klaudio Raneri “Portu”ga qarshi uchrashuvda markaziy hujumchi oʻrnida qaysi futbolchini oʻynatishi qiziqtirib kelmoqda.

Mavsum boshidan beri asosiy hujumchi vazifasini ukrainalik Artyom Dovbik bajarib kelgan boʻlsa, keyingi paytda Eldor Shomurodov katta sahnaga chiqdi.

Xususan, Raneri “Napoli” va “Milan” kabi qudratli raqiblarga qarshi Eldor Shomurodovni ilk daqiqalardan maydonga tashladi. Autsayder “Venetsiya”ga qarshi bahsda Artyom Dovbik boshlangʻich tarkibdan oʻrin oldi.

Jurnalistlar bu masalaga oydinlik kiritish uchun Klaudio Raneridan “Portu”ga qarshi qaysi hujumchidan foydalanishini soʻrashdi. Avvaliga Raneri bu savolga javob berish oʻrniga, “hammaga xayr”, deb oʻrnini boʻshatdi.

Keyin esa, savolga qisqa javob berdi.

- Men oldindan hech kimga ustunlik bermayman. Vaziyatga qarab ish tutaman. Avval “Portu”ni oʻrganib chiqay. Shunda ham sizlarga kim oʻynashini aytmayman, - dedi Klaudio Raneri.

Futbol ekspertlari ayni paytda “Roma” murabbiylar shtabi “Portu”ga qarshi bahsda qaysi forvarddan foydalanishi ochiq turgan masala ekanini aytmoqda. Biroq shunga qaramay, aksariyat ekspertlar tanlov qaysi hujumchi chekiga chiqishi Raneri qoʻllaydigan oʻyin taktikasidan kelib chiqishini ta'kidlashyapti.

Xususan, ular “Roma” raqibning hujumini ushlab qolish va keskin qarshi hujumlarda oʻynashga e'tibor qaratadigan boʻlsa, bu usulda Eldor Shomurodovning ustunligi katta ekanini ta'kidlashmoqda. Agar rimliklar raqib maydonida ham hujumkor oʻyin uslubini qoʻllaydigan boʻlsa, uchrashuvni boshlash Artyom Dovbikka topshirilishi maqsadga muvofiq ekanini aytishmoqda.

Demak, tez orada Klaudio Ranerining tanlovi qaysi hujumchisiga tushishini bilib olamiz. Nima boʻlgan taqdirda ham, eng asosiysi, “Portu” toʻsigʻidan muvaffaqiyatli oʻtib olish va musobaqada bosh sovrin uchun kurashni davom ettirish muhim.

Manba: Sports.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gʻalati duel: Eldor Shomurodov yoki Artyom Dovbik?
-->