10:51 / 24.02.2025
1 653

“Roma”da hammasi oʻzgaryapti: Shomurodov Ranerining “boshini qotirib” qoʻydi!

“Roma”da hammasi oʻzgaryapti: Shomurodov Ranerining “boshini qotirib” qoʻydi!
Klaudio Raneri “Roma”ni qabul qilib olganidan keyin sekin-asta jamoa muammolarini, xususan, tarkibdagi kamchiliklarni bartaraf etib kelmoqda. Hozirgi jamoaning oʻyini mavsum boshidagidan ancha farq qiladi.

Garchi rimliklar A Seriyada Evropa Chempionlar ligasiga yoʻllanma beradigan kuchli toʻrtlikka kira olishi ehtimoldan ancha yiroq boʻlsa-da, jamoa Evropa Ligasida bosh sovrinni qoʻlga kiritish orqali oʻz maqsadiga etishish imkoniga ega.

“Roma”da Eldor Shomurodov oʻynayotgani bois, oʻzbekistonlik futbol ishqibozlari bu jamoani katta qiziqish bilan kuzatib boradi. Klub rahbariyati shu mavsumning oʻzida ikki marta legionerimizni boshqa jamoalarga oʻtkazib yuborishga uringan boʻlsa-da, 29 yoshli hujumchimiz oʻz harakatlari bilan “Roma”da oʻynashga loyiq va qodir ekanini koʻrsatmoqda.

Italiya futbolini yoritib kelayotgan nufuzli manbalar Eldor Shomurodov Kluadio Raneri boshchiligidagi murabbiylar shtabi ishonchini oqlab, endi zahira oʻyinchisidan asosiy tarkib hujumchisiga aylanib borayotganini yozmoqda.

SIAMOLAROMA.IT:
Artyom Dovbik samarador, Eldor Shomurodov harakatchanlik garovi! “Roma” uchun qaysi hujumchi muhim?

Klaudio Raneri hujum chizigʻi kelajagi uchun Dovbik va Shomurodov oʻrtasida muhim tanlovni amalga oshirishi kerak. Tanlovda faqatgina raqamlarga qarab xulosa chiqarilmaydi, eng muhimi, jamoaviy oʻyin va ayniqsa, jamoa oʻzagi Paulo Dibala bilan hamkorlik darajasi inobatga olinishi kerak.

Bir necha hafta muqaddam ukrainalik hujumchi hech qanday shubhasiz asosiy tarkib oʻyinchisi, degan mulohaza bor edi. Bunda asosiy omil uning mavsum boshidan beri 13 ta gol urganidir. Lekin Shomurodovning kurashga qoʻshilgani bu tushunchalarni yoʻqqa chiqarmoqda.

Oʻzbek futbolchisi oʻzining harakatchanligi, universalligi, jamoa bilan hamkorlikda oʻynay olishi, Paulo Dibala bilan birga oʻynashda qoʻl kelayotgani va jamoaning hujumkorlik salohiyatini oshirib borayotgan oʻyin xarakteristikasiga koʻra, boshlangʻich tarkibga yorib kirmoqda.

CORRIERE DELLA SERA gazetasi:
Ikki markaziy hujumchi oʻrtasida yaqqol farq bor. Artyom Dovbik – hujumlarni yakunlovchi, jismonan baquvvat, darvoza qarshisida qat'iyatli oʻyinchi.

Eldor Shomurodov esa, jamoaning katta dinamikasini ta'minlab beradi, hujumkor oʻyinchilarni bir maqsad sari birlashgan boʻlinmaga aylantira oladi.

Raqamlar ukrainalik hujumchining foydasiga dalolat bermoqda, lekin keyingi paytda “Roma”ning muvaffaqiyatlarini ta'minlayotgan jamoaviy oʻyin uchun maydonda oʻzbek legionerining boʻlishi muhim.

Klaudio Raneri murakkab tanlovni amalga oshirish kerak. Bu borada u mavsum oxirlab borayotgani va natija qanday boʻlishini inobatga olishi zarur.

TUTTOCAGLIARI.NET:
Klaudio Ranerining taktik loyihalarida Eldor Shomurodovning roli tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. 73 yoshli tajribali murabbiy oʻzbek futbolchisining sadoqati, layoqati bilan birga uning maydonni koʻra olish qobiliyati, oʻyin olib borish uslubi va texnik sifatlarining yuqoriligini ham alohida e'tirof etmoqda.

Eldor mavsumda kam – uchta gol urgan boʻlsa-da, jamoasining hujumkor oʻyiniga katta ta'sir oʻtkazayotgani bilan futbolchilar va murabbiylar ishonchini qozonib kelyapti.

Shomurodov soʻnggi oʻyinlarda tinimsiz harakat qilib, yuqori kurashuvchanlik qobiliyatini namoyish qilyapti va bu jamoaga katta foyda keltiryapti. Uning Matias Sule va Paulo Dibalaga uzatgan ajoyib paslari “Roma”ga oʻyinda burilish yasash imkonini bergani bilan ahamiyatli boʻldi.

Eldorning maydonda borligi jamoaning hujumkorligini sezilarli darajada oshiradi. Markaziy hujumchi sifatida Shomurodovning yagona “aybi” gollar sonining kamligidir.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport