
Foto: Getty images
Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston bilan birgalikda 2031 yilgi Osiyo kubogini oʻtkazmoqchi. Bu haqda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi (OʻFA) xabar berdi.
Qayd qilinishicha, Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2031 yilda Osiyo qit'asining eng nufuzli futbol turniri boʻlgan Osiyo kubogi mezbonligiga nomzodlarni koʻrib chiqishni boshlagan. Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston futbol uyushmalari birgalikda Osiyo kubogi mezbonligini yuqori saviyada oʻtkazishga ishonch bildirgan holda, oʻz qoʻshma nomzodini ilgari surgan.
«Bugungi kunda qoʻshni mamlakatlar bilan birga Oʻzbekiston ham nufuzli musobaqani qabul qilishga har tomonlama tayyor. Toshkent, Namangan, Fargʻona, Qarshi kabi shaharlarda stadionlar xalqaro standartlarga mos ravishda tartibga keltirildi. Qoʻshimcha ravishda, oxirgi yillarda Osiyoning U-20, U-23 turnirlari, futzal boʻyicha Jahon chempionati mezbonligi ulkan tajriba vazifasini oʻtadi. Markaziy Osiyo har doimgidek oʻzining mehmondoʻstligi, professional yondashuvi, futbolga fidoyiligi va albatta futbolsevar muxlislar mehri bilan butun Osiyo e'tiborini qozonishga tayyor», deyiladi xabarda.
24 fevral holatiga 2031 yilgi Osiyo kubogini oʻtkazish uchun BAA, Indoneziya va Kuvayt ham alohida ariza topshirgan.
2031 yilgi Osiyo kubogi 20-marta oʻtkaziladi, turnirda 24 ta terma jamoa ishtirok etadi. OFK tomonidan 1956 yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan turnir toʻrt yilda bir marta tashkil qilinadi. 2023 yilda musobaqa Qatarda oʻtkazildi. 2027 yilda turnirga Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladi.
Bunga qadar Oʻzbekiston OFK bosh turniriga mezbonlik qilmagan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar