
OKMK futbol klubi kecha «OKMK sport majmuasi»da yangi mavsum oldidan rasmiy taqdimot marosimini o‘tkazdi.
Tadbir avvalida o‘tgan mavsumlarda jamoa sharafini himoya qilib, yorqin o‘yinlari bilan muxlislar mehrini qozongan futbolchilar hamda joriy mavsumdan boshlab klub tarkibiga qo‘shilgan mahalliy va legioner futbolchilarning tanishtiruv taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida OKMK FK prezidenti Abdulla Xursanov so‘zga chiqib, jamoaning o‘tgan mavsumda vitse-chempionlikni qo‘lga kiritgani, bu natijaga erishishda butun jamoaning mehnati va birdamligi katta rol o‘ynaganini ta’kidladi. Shuningdek, u joriy mavsumda ham jamoa oldida yuksak maqsadlar turgani, nafaqat ichki chempionatda, balki xalqaro musobaqalarga yo‘llanma olish yo‘lida futbolchilarga omad tiladi.

Bu samimiy tilaklarga javoban, OKMK FKning bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov jamoaga yaratilayotgan qulay sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirib, yangi mavsumda ham yanada yuqori marralarni zabt etish niyatida ekanligini bildirdi.
Shundan so‘ng, OKMK FK bosh direktori Bahodir Mirzayev minbarga chiqib, 2024 yilda amalga oshirilgan loyihalar yuzasidan ma’lumot berdi. U jamoaning rivojlanishi yo‘lida katta ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlab, OKMK futbol akademiyasining tashkil etilgani, yosh futbolchilar uchun zamonaviy maydonlar barpo etilgani va uzoq hududlardan kelib shug‘ullanadigan iqtidorli futbolchilar uchun yashash va istiqomat qilishga mo‘ljallangan yotoqxona qurilayotgani haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, 2025 yildan boshlab Angren shahrida «OKMK-Semurg‘» jamoasining faoliyat boshlashi nafaqat klub, balki Angren aholisi uchun ham muhim qadam sifatida e’tirof etildi. Bu esa nafaqat hududiy futbolning rivojiga hissa qo‘shishi, balki yangi iste’dodlarning yetishib chiqishiga imkon yaratishi ta’kidlandi.

Marosim ko‘tarinki kayfiyatda davom etar ekan, taqdimotning keyingi qismida OKMK FK prezidenti, bosh direktori va bosh murabbiyi ishtirokida jamoaning yangi mavsum uchun maxsus o‘yin formalarining tantanali taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu formalar o‘zbek brendi – «7SABER» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan to‘plam bo‘lib, futbolchilarga rasmiy ravishda topshirildi.
OKMK FKning eng katta kuchi, shubhasiz, sadoqatli va fidoyi muxlislaridir! Tadbirga tashrif buyurgan ishqibozlar har qanday sharoitda jamoani qo‘llab-quvvatlashlarini ta’kidladilar. Va shu bilan birgalikda tadbirga tashrif buyurgan muxlislar o‘z sevimli futbolchilari bilan fotosessiyada ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldilar.
Eslatib o‘tamiz, OKMK FK qishki transferlar oynasida tarkibini quyidagi futbolchilar bilan kuchaytirdi: mahalliy futbolchilardan Humoyunshoh Sayyotov, Abror Karimov, Akbar O‘ktamov, Asad Sobirjonov va Abubakr Rizo Turdialiyev jamoaga jalb etildi. Shu o‘rinda, «konchilar» legionerlardan yaponiyalik Naoaki Senaga hamda avstraliyalik Ajak Riak kabi futbolchilarni ham o‘z safiga qo‘shib oldi.


Shuningdek, ilgari «Bunyodkor» va «Olimpik» jamoalarida ijarada to‘p surgan Ahmadullo Muqimjonov yana OKMK tarkibiga qaytdi. Bundan tashqari, o‘tgan mavsumda OKMK FK tarkibida barqaror o‘yin ko‘rsatgan Avazbek O‘lmasaliyev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Oybek Rustamov va Sardor Mirzayev bilan shartnoma muddati uzaytirildi.
Ishonamizki, «konchilar» jamoasi 2025 yilgi mavsumda ham shiddatli o‘yinlari va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi bilan muxlislarini xursand qilib, yuksak marralarni zabt etadi. Ular nafaqat ichki chempionatda, balki xalqaro turnirlarga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, o‘z nomini tarix zarvaraqlariga yana bir bor yorqin harflar bilan bitadi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar