21:57 / 06.03.2025
168

Farhod Nishonov: "Ishdan ketishdan qo‘rqmayman, omadsizlik tufayli yutqazdik"

Farhod Nishonov: "Ishdan ketishdan qo‘rqmayman, omadsizlik tufayli yutqazdik"
Xabaringiz bor, O‘zbekiston U-20 terma jamoasi yaqinda Xitoyda tashkil etilgan U-20 Osiyo chempionatida ishtirok etib qaytdi.
Musobaqada vakillarimiz chorak finalgacha yetib bordi va mundial yo‘llanmasi uchun kechgan chorakfinalda Janubiy Koreyaga (3:3, pen, 1:3) yengilib, jahon chempionati yo‘llanmasidan quruq qolgandi.

Bugun O‘FA majlislar zalida terma jamoa bosh murabbiyi Farhod Nishonov, yordamchilar Pavel Zaxarov, Ruslan Matniyozov, Ayder Kurbayev, Rauf Inileyev ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda OAV o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

«Ayrim insonlar, qo‘shtirnoq ichidagi jurnalistlar har-xil gaplar bilan bizning ishimizni bo‘rttirib, shubhali gaplar qilib, tuhmat qilishmoqda. Biz shu vaqtgacha hech qanday shubhali ish qilmaganmiz. Maqsadimiz nima ekanligini aniq bilardik. Vatan uchun xizmat qilganmiz.

Natijaga murabbiy javob beradi. Bu normal holat. Tushkunlikka tushmaymiz. O‘yinlarni ko‘rdingiz, ozgina omad yetishmadi. Penaltilar seriyasida manaman degan futbolchilar ham gol ura olishmagan. Bu bosim yoki ruhiy holat emas, shunchaki omad bilan bog‘liq deb o‘ylayman, - dedi u.

- Osiyo chempionati oldidan jamoamiz keragidan ortiq yig‘in o‘tkazdimi?
- Biz Koreya yoki Yaponiyaga tushishimiz ehtimolini qur’adan so‘ng bildik. Ular ham bizga o‘xshab 20 tacha o‘yin o‘tkazgan. Norasmiylari ham bor.

Klublar 15 yanvardan yig‘inga kirishyapti. Ichki chempionat noyabrda tugayapti, Osiyo chempionati fevralda boshlanadi. Siz yigitlarni 20 yanvarda qit’a chempionatiga olib ketarmidingiz? Musobaqaga tayyorgarlik, tiklanish bor, shuning uchun yig‘inni ertaroq boshladik.

Agar penaltilar seriyasida yutganimizda, hozir bizga boshqacha savol berayotgan bo‘lar edingiz.

Avvalgi anjumanda Saudiya Arabistoni bilan o‘yinda futbolchilarning jismoniy holati qizil hududga tushib qoldimi, deb savol berishgandi. Bu o‘yinchilarning holati yomon degani emas. Qolaversa, ichkaridan bu ma’lumotlarni tashqariga olib chiqqan futbolchilar jamoadan chetlatilgan. Jismoniy holatdan muammo bo‘lmagan.

Muammo o‘yinchilarning jarohatlari bo‘ldi. Bu bizni ko‘p qiynadi. O‘rinboyev, Haydarov, Xayrullayev, Rizaqulov, Fayzullayev, Ibragimov va Muratboyevlar aynan, o‘yinlardan oldin jarohat olishgandi. Kimlardir klublaridagi eski jarohatlar bilan kelgandi.

- O‘rinboyev muhim o‘yinlar sabab operatsiya qilinmadimi?
- Rentgen qog‘ozlarni ular yosh bo‘lgani uchun turlicha ko‘rsatishi mumkin. Qatarda FIFAning eng kuchli klinikasida tekshirtirganimizda hech qanday operatsiya kerak emasligi, individual ishlash lozimligini aytishdi. Keyin shunday qildik. U bilan alohida shifokor ishladi, orada Turkiyaga borib davolanib keldi va oxirgi o‘yinlarimizda umumiy guruhga qo‘shildi.

- Jurnalistlarning aynan qaysi gaplari, ma’lumotlari jahlingizni chiqardi?
- Ishonch bilan ayta olamanki, jamoaga hech qanday korrupsiyani aralashtirmadik. yuqoridan hech qanday bosimlar bo‘lmadi. Rahbariyat bizni qo‘llab-quvvatladi. Bu davrda o‘yinchilarning formasi har-xil bo‘ladi. Kimdir erta, kimdir kech o‘sadi. O‘zini ko‘rsata olmagan o‘yinchilarimiz bo‘ldi. Ularga vaqt yetmadi, ba’zilariga jarohat sabab bo‘ldi.

Kimlardir jamoaning yig‘inlaridan norozi bo‘lgan. U yoshlar milliy jamoada o‘ynamasa, qanday qilib o‘sadi. Superliga bilan Proliga, yoshlar ligasining farqi juda ham katta. Superliga klublari ularni o‘ynatmagani uchun aybdor emas. Ularning ham o‘z oldilariga qo‘ygan vazifalari bor. Vaqti kelib yoshlar ham asosiy jamoasida o‘ynab ketadi.

FIFA kunlarida Argentina, Fransiya chaqirsa bormaysizmi, o‘ynamaysizmi? Ular bizni o‘ziga munosib raqib sifatida ko‘rgani uchun ham chaqirishyapti. Koreya, Yaponiya bittayam o‘yin o‘tkazmadi deyishyapti. Vaholanki, biz koreyslar bilan ham yaponlar bilan ham o‘ynaganmiz. Ular ham musobaqaga tayyorgarlik ko‘rishdi. Osiyo kubogi boshlanishiga jamoasini yig‘ib kelayotgani yo‘q, axir.

Futbolchilarni to‘g‘ri tushunish kerak. Xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlar yoshlarimiz uchun katta tajriba bo‘lyapti. Ularni qaysidir gaplarga ishonib, yo‘llarini to‘sish kerak emas. Ular hali yosh va vaqti kelganda klublarida ham o‘ynaydi. Yoshlar milliy jamoasi ularni klublariga tayyorlab beradi.

- Laziz Mirzayev va Amirbek Saidov raqobatda yengilishdimi?
- Ular klublarida bo‘lishi kerak edi. Lekin biz kutgan formada kelishmadi va shunchaki raqobatda yengilishdi.

- Murabbiylar shtabini o‘zingiz shakllantirdingizmi?
- Bu jamoaga kelganimda hozirgi shtat bor edi. Keldim va ular bilan ishlab ko‘rdim. Hammasi o‘z ishini yaxshi biladi va asosiysi o‘z ishida toza insonlar ekan. Shuning uchun shu shtab bilan qoldim va oxirigacha ishonaman.

- Bu terma jamoa 2028 yilgi Olimpiadaga tayyorgarlik olib boradi. Terma jamoani o‘zingiz boshqarishda davom etasizmi?
- Bizga qo‘yilgan vazifani bajara olmadik. Maqsadimiz chempionlik edi va jahon chempionatiga ham chiqa olmadik. Murabbiymiz va hammasini to‘g‘ri tushunamiz. Ishdan bo‘shatishsa, bosha klubimiz bor va o‘sha yerda ishlaymiz. Katta ehtimol bilan boshqa murabbiylarga berishar. Buni rahbariyat hal qiladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport