date
views 18 350

FIFA Kengashi yig‘ilishida muhim qarorlar qabul qilindi

FIFA Kengashi yig‘ilishida muhim qarorlar qabul qilindi
7 mart kuni AQSHda bo‘lib o‘tgan FIFA Kengashi yig‘ilishida bir qator muhim qarorlar qabul qilindi. Yig‘ilishda 2025 yilgi Klublar o‘rtasidagi Jahon kubogi, ayollar futbolidagi xalqaro musobaqalar, Qit’alararo Kubok va yoshlar turnirlari haqida bir nechta muhim qarorlar e’lon qilindi.

Klublar o‘rtasidagi Jahon kubogi – 2025

FIFA rasmiy ravishda 2025 yilgi klublar o‘rtasidagi Jahon kubogining umumiy fondi 1 milliard dollar etib belgilanganini e’lon qildi. Turnirdan tushgan daromadning bir qismi butun dunyoda futbolni rivojlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Ayollar futbolida yangi musobaqalar

FIFA ayollar futboli rivoji uchun ham bir qator o‘zgarishlar kiritdi:
  • 2031 yilgi Ayollar o‘rtasidagi Jahon kubogi mezbonligini Afrika futbol konfederatsiyasi (AFK) va KONKAKAF federatsiyalari qo‘lga kiritishlari mumkin.
  • 2035 yilgi turnir uchun esa AFK va UYEFA federatsiyalari nomzodlik uchun ariza topshirishi mumkin.
  • 2028 yilda ilk bor ayollar klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati tashkil etiladi. Unda OFK ikki to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma, pley-off orqali bitta yo‘llanma oladi. Turnir har 4 yilda bir marta o‘tkaziladi.
  • FIFA ayollar futbolini rivojlantirish maqsadida Qit’a klub musobaqalari g‘oliblari uchun Chempionlar kubogi tashkil etadi.

Qit’alararo Kubok taqvimi tasdiqlandi

Qit’alararo Kubok musobaqasining rasmiy o‘yin kunlari tasdiqlandi:

- 10 dekabr – Amerikalar derbisi.
- 13 dekabr – Da’vogarlar Kubogi.
- 17 dekabr – Qit’alararo Kubok finali.

Musobaqa rasman qayerda o‘tkazilishi aytilmagan, ammo ikkinchi bor Qatarning Doxa shahri mezbonlik qilishi kutilmoqda. Bu degani, 31 may kuni UYEFA Chempionlar ligasi finalida kim g‘olib chiqishini kuzatishga to‘g‘ri keladi. “Liverpul”, “Barselona” yoki “Bavariya” kabi grandlardan biri bu musobaqaga yo‘l olishi mumkin.

Yoshlar musobaqalarida format o‘zgarishi

17 yoshli futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati rejalashtirilganidan 2 kun oldin – 3 noyabrda start oladi.
Bundan tashqari, turnir formati o‘zgartirildi:

- Ilgari guruh bosqichidan so‘ng darhol 1/8 final o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.
- Yangi qarorga ko‘ra, 1/16 final joriy etiladi. Endi 12 ta guruhdan 32 jamoa keyingi bosqichga chiqadi.

Arab kubogi qayta jonlantiriladi

FIFAning qarorlaridan biri – Arab kubogini qayta tiklash. Unga ko‘ra, musobaqaning ikkinchi marotaba o‘tkazilishi 1–18 dekabr kunlari belgilandi.

FIFA Kengashi yig‘ilishida qabul qilingan qarorlar futbol olamida katta o‘zgarishlar yasashi kutilmoqda. 2025 yilgi klublar o‘rtasidagi Jahon kubogi uchun 1 milliard dollar ajratilishi, ayollar klublar chempionati va yangi yoshlar musobaqalarining taqvimga kiritilishi futbolning yanada kengayishi va rivojlanishiga xizmat qiladi.

FIFAning ushbu yangi musobaqalari va qarorlari futbol muxlislari tomonidan katta qiziqish bilan kutiladi. Futbol ishqibozlari 2025 va 2028 yillarda yangi formatdagi musobaqalarning start olishini intiqlik bilan kutishmoqda!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » FIFA Kengashi yig‘ilishida muhim qarorlar qabul qilindi