20:34 / 10.03.2025
1 153

Shomurodov "Roma" muxlislari tomonidan qattiq tanqid qilindi

Shomurodov "Roma" muxlislari tomonidan qattiq tanqid qilindi
A Seriya 28-turi doirasida "Roma" safarda "Empoli" mehmoni bo‘ldi. Mazkur bellashuvda rimliklar 1:0 hisobida raqibdan ustun keldi. Matias Sule tomonidan 1-daqiqadayoq kiritilgan gol Raneri shogirdlariga 3 ochko taqdim etdi. Mazkur bellashuvda hamyurtimiz Eldor Shomurodov 72 daqiqa harakat qildi. Garchi, u faol o‘yin ko‘rsatganiga qaramay, o‘yinda samarali harakatni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ya olmadi.

"Roma"ning instagram sahifasidagi izohlar bo‘limida Shomurodovni ayrim muxlislar tanqid qilganiga ko‘zim tushdi. Jumladan, quyidagi komment ayniqsa, e’tiborimni tortdi:

- 116 ta o‘yinda 14 ta gol urgan Shomurodov "Roma"da hujumchi sifatida o‘ynaydi. 42 yoshda men undan ko‘proq gol ura olaman. "Bo‘rilar" libosini kiyish bu qadar oson bo‘lmasa kerak. 116 ta bellashuvda 14 ta gol urgan hujumchini qanday tasavvur qilasiz?

To‘g‘ri, Eldorning "Empoli"ga qarshi o‘yinda u qadar ham omadi yurishmadi. Ayrim golli vaziyatlarda unga biroz sovuqqonlik yetishmadi. Biroq futbolchi tinimsiz yugurdi, kurashdi, mehnat qildi, darvoza tomon zarbalar yo‘lladi. Shunchaki, undan omad yuz o‘girdi. Holbuki, bir necha kun avval "Atletik Bilbao"ga gol urgan Shomurodov ko‘plab rimlik muxlislarning maqtoviga sazovor bo‘lgandi. Bugun esa teskarisi ro‘y berdi. Aslida, bu hujumchining qismati. Muxlis zoti shunday. Mayli, keyingi uchrashuvda u gol ursa, yana tomoshabinlarning yoqimtoy futbolchisiga aylanib oladi.

Umuman olganda, hozir Eldor Rimdagi eng zo‘r davrini o‘tkazmoqda. Uning o‘rniga o‘yinga qo‘shilgan Dovbikning harakatlarini ham ko‘rdik. Ukrainalik futbolchiga qaraganda, Eldor juda yaxshi harakat qildi. Buni futbolni yaxshi tushunadigan italyan muxlislar ham ta’kidlashmoqda. Yuqoridagi izohga to‘xtaladigan bo‘lsak, terma jamoamiz hujumchisi ilk mavsumda jamoaga kelganida, u bilan birgalikda Abraham ham sotib olingandi. Tabiiyki, Shomurodovni Mourino zahira futbolchisi sifatida ko‘rdi. Hamyurtimizga uning davrida asosiy tarkibda deyarli vaqt berilgani yo‘q va hatto zahiradan ham juda kam holatlarda ko‘rinish berdi. Keyin esa "Spetsiya" va "Kalyari"da ijara asosida to‘p tepdi. Rim grandidagi boshqa mutaxassislar qo‘l ostida ham Eldor doimo ikkinchi variant sifatida ko‘rilgan.

Ko‘p o‘yinlarda ikkinchi taymning so‘nggi 10-daqiqasida maydonga tushgan futbolchilarda uchrashuvlar soni bilan taqqoslaganda, gol va assistlar kamroq bo‘ladi. 2025 yildan hujumchimiz "bo‘rilar" safida doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib kelmoqda va asta-sekin statistikasi ham yaxshilanib bormoqda (Joriy yilda u gol+pas sistemasida 3+2 ochko to‘pladi). Yana shuni unutmaslik kerakki, u o‘tgan oyda "Roma"ning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. "Ayntraxt" va "Atletik Bilbao"ga qarshi o‘yinlarda o‘ta muhim gollarni urdi. Umid qilamizki, forvard uni tanqid qilayotgan muxlislarga o‘zining gollari bilan javob qaytara oladi. Eng muhimi, Shomurodov Jahon chempionati saralashi doirasidagi qolgan 4 uchrashuvda termamizni gollari bilan mundial sari yetaklaydi, degan umiddamiz.

Ruzmatov Muhammadqodir

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport