16:58 / 15.03.2025
135

Kursisi qimirlagan Levchenko uchun "Nasaf" bilan o‘yin oxirgi imkoniyat

Kursisi qimirlagan Levchenko uchun "Nasaf" bilan o‘yin oxirgi imkoniyat
"Neftchi" uchun mavsum qoniqarsiz natijalar bilan boshlandi. Bahor quyoshi hamma joyga kirib bormoqda, lekin Farg‘onada qishki uyqu hukmron bo‘lib turibdi.

Dastlab Toshkentda "Bunyodkor" bilan durang o‘ynagan jamoa, ikkinchi turda ham boz ustiga Farg‘onada ochilish o‘yinida yana o‘sha natijasini takrorladi. Tabiiyki, bundan muxlislar va hokimning hafsalasi pir bo‘lgani aniq. Hurmat qilgan holda aytamanki "Neftchi" yuta oladigan jamoalar edi. Lekin Vitaliy Levchenko qo‘l ostidagi yigitlarning mahorati va ustunligidan foydalana olayotgani yo‘q. Aksincha "Neftchi"ga qarshi o‘ynagan "Bunyodkor" ham, "Qo‘qon-1912" ham g‘alabaga haqli harakat qildi. Buni qarang, qo‘l ostida Iskanderov, Aliboyev, Marushich, Tabatadze kabi hujumda qoyillatadigan yigitlar jamlangan, lekin darvozaga bor yo‘g‘i 2 ta aniq zarba yo‘llandi. "Bunyodkor" bilan o‘yindagi singari kecha ham ikkinchi bo‘limda butkul bellashuv tizgini boy berildi.

Vitaliy Levchenko uchun duranglar begona emas, shu paytgacha "Neftchi" uning boshchiligida Superligada 67 ta o‘yin o‘tkazdi va bu uchrashuvlarning 27 tasida, ya’ni 40 foizini durang bilan yakunladi. 2023 yil chempionatning 26 ta uchrashuvida 12 ta durang (birinchi o‘rin), 2024 yil 10 ta durang (uchinchi o‘rin) qayd etgan.

"Neftchi" uning qo‘l ostida 2022 yil Superligada to‘qqizinchi o‘rinni egalladi. 2023 yil 45 ochko beshinchi o‘rin, ikkinchi o‘ringa uch, bronza medallariga ikki ochko kamlik qildi. 2024 yil esa bir varakayiga 3 ta jamoa "So‘g‘diyona", "Navbahor", "Neftchi" 43 ochkodan to‘pladi. O‘zaro o‘yinlarga ko‘ra farg‘onaliklar beshinchi pog‘onadan joy oldi. Levchenko to‘liq ikki mavsum jamoani boshqardi. Fakt shuki, "Neftchi" 2023 va 2024 yilni g‘alabalar bilan boshlagandi.

Endi farg‘onaliklarning keyingi o‘yinlariga to‘xtalsak, 29 mart kuni Qarshida "Nasaf" mehmoni bo‘ladi. Aynan shu uchrashuv Vitaliy Levchenkoning jamoadagi taqdirini hal qiladi, so‘nggi imkoniyat ham deyish mumkin. "Qo‘qon-1912" bilan durang uning kursisini qimirlatgan va natija ijobiy bo‘lmagan taqdirda iste’fo ehtimoli oshadi. "Ajdarlar" qarama-qarshiligidan so‘ng Farg‘onaga "Navbahor" keladi. Ko‘rinib turibdiki 2 ta bahs hayot-mamot jangi hisoblanadi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, mutaxassisning klub bilan shartnomasi 2025 yilning so‘nggigacha mo‘ljallangan. Klub uni iste’foga chiqarsa bu yerda tovon puli degan masala katta sahnaga chiqib keladi. Buyog‘i vaziyatga bog‘liq.

Vitaliy Levchenko murabbiy sifatida elitada "Nasaf" bilan 5 marotaba to‘qnash kelgan va 3 marotaba g‘alaba qozongan, 2 ta mag‘lubiyat. Aynan 2022 yilgi g‘alaba "ajdarlar"ning chempionlik imkoniyatlarini yo‘qqa chiqargani yodingizda bo‘lsa kerak. 2023 yil esa "ajdarlar" Qarshida g‘alabani o‘zinki qilib raqibining mavsumdagi birinchi mag‘lubiyatiga sabab bo‘lgan (22 ta o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya yakunlangan).

Oxirgi ikki yil davomida "Neftchi"da transferlar, tarkibni shakllantirish, murabbiylar shtabini tuzish, futbolchilarni olish barchasiga Levchenkoning o‘zi bosh-qosh bo‘layotgan edi. Bu vaqtda jamoada sport direktori, menejer faoliyat yuritgani yo‘q (qog‘ozda bordir). Murabbiy o‘zining uslubiga mos futbolchilarni jalb qildi, hech kim ishiga aralashmadi. Bu yildan esa klubda aniq menejer va sport direktori ish boshladi. U jamoani yig‘ishda muhim rol o‘ynadi, chempionlik uchun kurashadigan ijrochilarni jalb qila oldi (barakalla, aslida ham shunday bo‘lishi kerak, murabbiy natijaga javobgar shaxs, u muzokara, transferlarga emas jamoaning tayyorgarligiga e’tibor berishi kerak). Murabbiylar shtabida o‘zgarishlar qilindi. Levchenko o‘zi olib kelganlardan faqat Anvar Norqulov qoldi.

Bugungi kunga kelib esa to‘liq ixtiyor Levchenkoda qolmadi deyish mumkin. Unda faqat murabbiylik vazifasini bajarish qoldi, xolos. Yana qaytaraman bu ijrochilar Levchenko uslubidagi emas. Masalan, Vladimir Yovovich "So‘g‘diyona"da Boshkovichda erkin kreativ futbolchi edi. U o‘yinni boshqara olar, oldinda hujumni rivojlantirardi. Buning natijasida gollar, paslar, assistlar hamma narsa o‘xshadi. "Neftchi"da hozircha u pozitsiyasi, joyini topib ulgurmayapti. Katanes nima uchun Aziz G‘aniyevni chaqirmaganini tushuntirib berganman. Bu ham xuddi shunga o‘xshash vaziyat. Levchenkoni qoralab butkul yomonlamoqchi ham emasman, "Neftchi" chempionlik uchun kurashdi oxirgi ikki yilda, beshlikda yurdi. Lekin yaratib berilayotgan sharoit, tarkib, e’tiborni hisobga olganda kutilganidan past natija deb o‘ylayman.

Muallif: Iskandarov Abdulaziz

Manba: Championat.asia

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport