12:07 / 21.03.2025
1 083

O‘zbekiston terma jamoasi mundial yo‘lida: Qirg‘iziston ustidan muhim g‘alaba va oldindagi sinovlar

O‘zbekiston terma jamoasi mundial yo‘lida: Qirg‘iziston ustidan muhim g‘alaba va oldindagi sinovlar
"JCH-2026" saralash bahslari qizg‘in pallaga kirib, milliy terma jamoamiz o‘z oldiga qo‘ygan maqsad sari dadil qadam tashlamoqda. Kecha "Bunyodkor" stadionida Qirg‘iziston terma jamoasiga qarshi o‘yinda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan jamoamiz mundial yo‘lida yana bir muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.

Albatta, muxlislar ko‘proq gollar kutgandi. Hatto raqib birinchi bo‘limda bir o‘yinchi kam bo‘lib qoldi. Shunga qaramay, Qirg‘iziston terma jamoasi himoyada qattiq turdi va darvozaboni bir necha bor yirik hisobning oldini oldi. Biz penaltidan ham foydalana olmadik, ammo asosiysi – g‘alaba va qimmatli ochkolar.

Terma jamoamiz saralashdagi holati

25 mart kuni Tehronda Eronga qarshi bahs kutib turibdi. Hozirda:

- Eron – 19 ochko (1-o‘rin)
- O‘zbekiston – 16 ochko (2-o‘rin)
- BAA va Qatar – 10 ochko

Yana uchta tur qoldi va hammasini jamoamiz o‘z qo‘lida ushlab turibdi. Biz mundial sari juda yaqinmiz!

Anvar G‘ofurov g‘alaba va kelajak bahslar haqida

Terma jamoamizning sobiq futbolchisi Anvar G‘ofurov ham kechagi o‘yin va Eronga qarshi bo‘lajak bahs haqida fikr bildirdi:

"Avvalambor, barcha yurtdoshlarimizga Navro‘z va g‘alaba muborak bo‘lsin! Juda muhim g‘alaba, balki juda kuchli raqib emasdir, ammo g‘alaba jahon chempionati yo‘lida katta ahamiyatga ega.

Kutilganidek, bu oson o‘yin bo‘lmadi. Qirg‘iziston terma jamoasi yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan ekan va darvoza mustahkam himoya qilindi. Raqibning qizil kartochkasi bizning foydamizga bo‘ldi, ammo baribir o‘yin murakkab kechdi.

Bu tarkib JCHda o‘ynashga loyiq. Srechko Katanetsga qilgan mehnatlari uchun katta minnatdorchilik bildirish kerak. Terma jamoa muxlislari, murabbiylar va futbolchilarga tabriklarimni yo‘llayman. Bu g‘alaba muxlislarning kayfiyatini ko‘tardi."

Eronga qarshi o‘yin – hal qiluvchi bahslardan biri

G‘ofurovning fikricha, Eron terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqishni deyarli ta’minlagani uchun bizning imkoniyatlarimiz oshishi mumkin.

"Bizda yo‘qotishlar bor – Jaloliddin Masharipov, Oston O‘runov, Xusniddin Aliqulov o‘ynay olmaydi. Lekin jamoamizda yosh va iste’dodli futbolchilar bor va ular o‘z so‘zlarini aytishga tayyor."

Terma jamoamizga omad tilaymiz!

Jamoamiz 25 mart kuni Tehronda Eronga qarshi muhim bahsga chiqadi. Barcha muxlislarimizga hamjihatlik va qo‘llab-quvvatlash tilaymiz. Biz mundialga yaqinmiz – endi faqat yana bir necha qadam qoldi!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport