
Kecha, 20 mart kuni qit’amiz bo‘ylab JCH saralash bosqichining uchinchi raund 7-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. 7-tur yakunlariga ko‘ra, o‘z maydonida g‘alaba qozongan Yaponiya terma jamoasi butun dunyo jamoalari orasida birinchi bo‘lib JCH yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

"A" guruhi natijalari va keyingi o‘yinlar
- O‘zbekiston - Qirg‘iziston 1:0
- Eron - BAA 2:0
- Qatar - KXDR 5:1

Bizning guruhdagi har uchala o‘yinda kutilganidek mezbonlar g‘alabaga erishdi. Terma jamoamiz qiyinchilik bilan g‘alaba g‘ozonib, o‘z hisobiga muhim uch ochkoni yozib qo‘ydi. BAAning mag‘lub bo‘lishi ham bizga qo‘l keldi va endilikda ochkolar farqi 6taga yetdi. Lekin baribir xotirjam bo‘lish kerak emas, chunki oldinda yana uchta tur bor va buyog‘iga faqat qiyin o‘yinlar qoldi.
G‘alenoi g‘alabani Beyranvandga bag‘ishladi
Eron o‘z maydonida BAAni qabul qilib 2:0 hisobida zafar quchdi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Eron terma jamasi bosh murabbiyi Amir G‘alenoi shunday dedi:
"G‘alaba uchun xursandmiz va bemalol bu g‘alabani darvozabonimiz Alirizo Beyranvandga bag‘ishlasak bo‘ladi. Chunki uning mohir seyvlari tufayli to‘p darvozamizga kirmadi. Bizda juda yaxshi jamoa bor va bu jamoa bilan bemalol o‘z maqsadimizga erisha olamiz".
Paulu Bentu shogirdlarini tanqid qilmadi
Garchi mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, BAA terma jamoasi ustozi o‘z shogirdlari haqida iliq fikrlar bildirdi:
"Birinchi taymni zo‘r o‘tkazdik, lekin to‘pga ko‘proq Eron egalik qildi. O‘ylashimcha, ikkinchi taymda ham chiroyli harakat qildik. Shogirdlarimni tanqid qilmoqchi emasman, hamma bor kuchi bilan o‘ynadi. Faqat mahorat bobida Eron ustunlik qildi. Endi KXDR bilan o‘yinni o‘ylaymiz".
Guruhning uchinchi bahsida Qatar KXDRni yirik hisobda mag‘lub etib, o‘z ochkolarini 10 taga yetkazib oldi. Shunday qilib, BAA bilan Qatarning ochkolari bir xil 10 tadan bo‘ldi.
8-tur uchrashuvlari. 25 mart
- Qirg‘iziston - Qatar
- Eron - O‘zbekiston
- KXDR - BAA
"B" guruhi natijalari va keyingi o‘yinlar
- Janubiy Koreya - Ummon 1:1
- Iroq - Kuvayt 2:2
- Iordaniya - Falastin 3:1

Janubiy Koreyaning o‘z maydonida durang o‘ynashi tur sensatsiyasi bo‘ldi. Shunga qaramay, koreyaliklar hamon peshqadam bo‘lib qolmoqda va katta ehtimol bu jamoa guruhdan birinchi o‘rin bilan Jahon chempionatiga yo‘l oladi.
Iroqning Basra shahrida kechgan Iroq - Quvayt bahsida 2:2 qayd etildi. Bu o‘yinni 63 ming atrofida muxlis kuzatib bordi. O‘yinda kuvaytliklar 2:0 hisobida oldinda borayotgandi, ammo Iroq terma jamoasi futbolchilari 90+3 va 90+11-daqiqada gol urib, mag‘lubiyatni durangga aylantirishdi. Shundan so‘ng maydonda tortishuv va janjalli holat yuzaga keldi. Bosh hakam esa kuvaytlik futbolchini chetlatdi.
Guruhning uchinchi o‘yinida Iordaniya Falastin darvozasiga 3 ta gol urib zafar quchdi. Guruhdagi vaziyatga qarasak, to‘rtta jamoa ikkita yo‘llanma uchun kurashmoqda. Hatto Kuvaytda ham imkoniyat bor deya olamiz. Bu guruhda kurash oxirgi turgacha kechishini taxmin qilish qiyin emas.
8-tur uchrashuvlari. 25 mart
- Janubiy Koreya - Iordaniya
- Falastin - Iroq
- Quvayt - Ummon
C guruhi natijalari va keyingi o‘yinlar
- Avstraliya - Indoneziya 5:1
- Yaponiya - Bahrayn 2:0
- Saudiya Arabistoni - Xitoy 1:0

Indoneziya ustidan qo‘lga kiritilgan yirik g‘alaba Avstraliyaga ikkinchi uch ochkoni taqdim etdi. Bu jamoa saralashni yaxshi boshlay olmadi, to‘rt marta durang o‘ynadi, lekin hozir ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Yaponiya terma jamoasi Bahrayndan ustun kelib, Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. "Samuraylar"ning guruh o‘yinlarini peshqadam sifatida tugatishi ma’lum edi. Guruh o‘yinlari tugashiga uchta tur qolganida Yaponiya vazifani bajardi.
Xitoyni kichik hisobda mag‘lub etgan Saudiya Arabistoni guruhda uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Endilikda Avstraliya va Saudiya Arabistoni ikkinchi o‘rin uchun kurash olib boradi. Nazarimizda, Indoneziya kurashdan chiqdi, chunki jamoa yaxshi ketayotgan bir paytda murabbiy o‘zgardi va shu bilan hammasi o‘zgarib ketdi.
8-tur uchrashuvlari. 25 mart
- Yaponiya - Saudiya Arabistoni
- Xitoy - Avstraliya
- Indoneziya - Bahrayn
Xayrulla Xoliqov
Manba: Championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar