00:07 / 24.03.2025
15 191

Shomurodov va Jalolovning uchrashuviga Italiyada qanday munosabat bildirildi?

Shomurodov va Jalolovning uchrashuviga Italiyada qanday munosabat bildirildi?
Roma” hujumchisi Eldor Shomurodov 2026 yilgi jahon chempionati mintaqaviy saralash turniridagi rasmiy uchrashuv munosabati bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ixtiyorida bo‘lib turibdi.

Futbolchilarimiz mart oyida belgilangan birinchi o‘yinda Qirg‘iz Respublikasi vakillarini kichik hisobda mag‘lubiyat uchratdi. Shu tariqa, terma jamoamiz 7-turdan keyin 16 ochko bilan o‘z guruhida ikkinchi o‘rinda bormoqda va 25 mart kuni safarda guruh peshqadami Eron bilan o‘ynaydi.

Qirzig‘istonliklar bilan bo‘lgan bellashuvdan keyin terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev mashhur bokschi Bahodir Jalolov bilan uchrashdi. Italiya matbuoti bu voqeani e’tiborsiz qoldirmadi.

SIAMOLAROMA.IT:
- FIFA kunlari munosabati bilan milliy ligalarda e’lon qilingan tanaffus munosabati bioan “Roma” hujumchisi Eldor Shomurodov o‘z yurtining mashhur insonlari bilan uchrashish imkoniga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori bu galgi safari chog‘ida boks bo‘yicha o‘ta og‘ir vazn toifasida ikki karra olimpiya chempioni Bahodir Jalolov bilan ko‘rishdi.

Sport olamida mashhur bo‘lgan hamyurtlarning uchrashuvida Eldor Bahodirga hurmatini izhor qilib, shaxsiy imzosi tushirilgan “Roma” formasini sovg‘a qildi.

ROMAFOREVER.IT:
- “Roma” markaziy hujumchisi Eldor Shomurodov ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida muhim uchrashuvlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin Eldor sport olamida katta yutuqlari bilan tanilgan Bahodir Jalolov bilan uchrashdi.

Bahodir Jalolov boks bo‘yicha o‘ta og‘ir vazn toifasida jahon chempioni, “Tokio-2020” va “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari g‘olibi hisoblanadi.

Bu uchrashuv Eldor Shomurodov uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Chempionga “Roma” futbolkasini sovg‘a qilgan terma jamoa sardori shu tariqa o‘z yurtiga sadoqati, sport insonlarni do‘stlik va birdamlikka targ‘ib etishini namoyish qildi.

Endi Shomurodov 25 mart kuni Eron bilan bo‘ladigan uchrashuvda ishtirok etishi kutilmoqda. Shundan so‘ng, u 29 mart kuni “Lechche”ga qarshi o‘tkaziladigan muhim bellashuvga tayyorgarlik ko‘rish uchun Trigoriyaga yetib keladi.

LAROMA24.IT:
- “Roma” markaziy hujumchisi Eldor Shomurodov maydondagi kurashlari, harakatlari va sadoqati orqali murabbiylarning e’tirofi va muxlislarning ehtiromini qozonib kelmoqda.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun kurashayotgan “Roma” vakili o‘z yurtida jahonga mashhur charm qo‘lqop ustasi Bahodir Jalolov bilan uchrashib, unga Rim klubining 14-raqamli formasini hadya qildi.

O‘z o‘rnida, ikki karra olimpiya chempioni bo‘lgan Bahodir ham hamkorlikdagi suratni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylab, futbolchilarga 25 mart kuni bo‘ladigan uchrashuv oldidan “Eron bilan o‘yinda omad, biz duodamiz!”, - deb xitob qildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga chiqish uchun juda yaxshi imkoniyat hosil qilgan. Hamyutlarimiz Eron, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar bilan bo‘ladigan uchta uchrashuvda to‘rt ochko olishi mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimiz uchun kifoya qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport