
JCH-2026 saralashi doirasidagi Eron - O‘zbekiston uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanida bosh murabbiy Amir G‘alenoi va futbolchi Alirizo Jahonbaxsh qatnashdi.
"Birinchi navbatda, O‘zbekiston terma jamoasiga Tehronga xush kelibsiz deyman. Shu o‘rinda, O‘zbekiston tibbiy shtabiga minnatdorlik bildirmoqchiman, chunki Toshkentga safarimiz chog‘ida ular bizga ancha yordam berishdi.
O‘zbekiston terma jamoasi haqida to‘xtalsak, so‘nggi 10 yil davomida, ayniqsa, yoshlar miqyosida o‘sishga erishdi. O‘zbekistonda yuqori darajali futbolchilar yetishib chiqdi. Eron chempionatida ham bir qator futbolchilari to‘p tepmoqda.
Futbolchilarimiz ertangi uchrashuvga tayyor. O‘zbekiston terma jamoasi 3-4-3 taktikasida harakat qiladi va bizni asosan qarshi hujumda jazolashga urinsa kerak. Ertaga yaxshi natija ko‘rsatish uchun maydonga tushamiz. O‘zbekiston bilan oldingi uchrashuv statistikasi ham biz yaxshi harakat qilganimizni ko‘rsatib turibdi. Umid qilamanki, ertangi uchrashuvga ko‘plam muxlislar keladi.
Biz kuchli terma jamoaga qarshi o‘ynaymiz, shu sababli chiroyli o‘yin bo‘lishini kutyapmiz.
JCH yo‘llanmasi hali rasman hal etilgani yo‘q. Bizni O‘zbekiston bilan o‘yindan tashqari yana ikkita o‘yin kutib turibdi. Har bir uchrashuvda katta ishtiyoq bilan maydonga tushamiz. Futbolchilar har tomonlama bahsga tayyor.
Tarkibimizda jahon darajasidagi o‘yinchilar yig‘ilgan va bo‘shashmaslik muhimligini yaxshi bilishadi. Shu sababli ehtiyotkor harakat qilamiz.
Uchrashuvlar statistikasi va tarix jihatdan milliy terma jamoa uchun har bir o‘yin juda ham muhim. Shu bois futbolchilarimizni xohlaganimizcha almashtira olmaymiz. Terma jamoani yoshartirish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak. Ba’zi futbolchilarni shunchaki tarkibdan chiqarib tashlolmaymiz, chunki ularni o‘rnini bosadigan futbolchilarga ega emasmiz.
Taremi haqida to‘xtalsak, futbolchi uchun sog‘liq juda muhim. Uning ertangi o‘yinda qatnashish-qatnashmasligi bo‘yicha qarorni bugun kechqurun qabul qilamiz.
Albatta Eron terma jamoasi FIFA reytingida 16-o‘rinda va o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani ko‘rsatib turibdi. Bularning barchasi so‘nggi 2 yillik mehnatimiz samarasidir. Qiyinchiliklarga qaramay, ijobiy natijalarga erishib kelyapmiz, masalan, Osiyo Kubogida Yaponiyani mag‘lub etdik. Hozirda o‘z oldimizga bundan-da yuqori maqsadlarni qo‘yganmiz. JCH final bosqichida ham yaxshi natijalar uchun intilamiz. O‘z o‘rnida, Eron futbol federatsiyasi biz uchun zarur sharoitlarni yaratib berishiga umid qilaman", – dedi G‘alenoi.
"Navro‘z bayrami bilan Eron xalqini tabriklamoqchiman. Biz JCH saralashi boshlanishidan oldin ushbu bosqich qiyin o‘tishini bilardik. Shuning uchun maydonda va uning tashqarisida hamjihat bo‘lib kelmoqdamiz. Biz mundial Eron xalqi uchun qanchalik muhim ekanligini bilamiz. Bosh murabbiy aytgan barcha fikrlarga qo‘shilaman. Eron milliy terma jamoasining har bir natijasi muxlislar uchun muhim. O‘zbekiston ham so‘nggi vaqtlarda Osiyoning eng oldi terma jamoalaridan biri ekanligini namoyon etmoqa. Ertaga bizga qiyin bo‘ladi, biroq astoydil tayyorgarlik olib bordik. Navro‘z sovg‘asi sifatida muxlislarga g‘alabani tortiq etmoqchimiz.
Eron terma jamoasi bu faqat terma futbolchilari degan ma’noni anglatmaydi. Terma jamoaning har bir xodimi qo‘lidan kelganicha faoliyat yuritadi. O‘zim 12 yildan buyon milliy jamoadaman. Shu sababli men va boshqa tajribali futbolchilar yoshlar tezroq kirishib ketishi uchun ularga ko‘mak berib kelyapmiz. Shu jumladan, bosh murabbiyimiz ham, termada yaxshi atmosfera hosil qilishda muhim rolni o‘ynamoqda.", – dedi Jahonbaxsh.
Eslatib o‘tamiz, Eron – O‘zbekiston bellashuvi ertaga "Ozodi" stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv 21:00 ga belgilangan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar