00:52 / 26.03.2025
12 530

Terma jamoamiz sobiq futbolchisi Tehrondagi o‘yin haqida nimalar deydi?

Terma jamoamiz sobiq futbolchisi Tehrondagi o‘yin haqida nimalar deydi?
Tehrondagi “Ozodiy” stadionida bo‘lib o‘tgan Eron – O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv juda qiziqarli va hayajonga boy o‘tdi.

Albatta, vakillarimiz g‘alabaga munosib o‘ynadi. Ikki marta hisobda oldinda bordik, biroq yakunda mezbonlar mag‘lubiyatdan qutulib qoldilar va durang o‘ynab jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar.

Terma jamoamiz sobiq futbolchisi Lutfulla To‘rayevga bellashuv borasidagi savollar bilan murojaat qildik.

- O‘yin juda qiziqarli va zo‘r tempda o‘tdi. Uchrashuv haqida fikringiz qanday?
- O‘yin juda qiziqarli o‘tdi. Shu bilan birga juda qiyin uchrashuv bo‘ldi. Biz ikki marta hisobda oldinda bordik. Lekin to‘p o‘tkazib yubordik. Baribir futbolchilarga katta rahmat, ular maydonda borlarini berishdi.

- O‘yindagi sizga eng ko‘p yoqqan narsa nima bo‘ldi?
- O‘yinda menga eng ko‘p yoqqan narsa nima bo‘ldi? Eng yoqqani yigitlarimiz uchrashuvda borini berib harakat qilishdi. Birortasini maydonda shunchaki yurganini ko‘rmadik. Hammasi katta hajmdagi mehnatni bajardilar, qoyil! “Nastroy” ham yaxshi bo‘ldi. Futbolchilarimiz bor imkoniyatini ishga solishgani yoqdi.

- 1:2 paytida yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘lgandik. O‘sha vaziyatlarni qanday izohlaysiz?
- Futbol shunisi bilan qiziq bo‘ladi. Vaziyatlar ko‘p bo‘ladi. Albatta, hisob 1:2 bo‘lib turganida ham bizda golli imkoniyatlar yetarlicha yuzaga keldi. Abbos ham qulay vaziyatda gol ura olmay qoldi. Bu futbol. Futbol mana shunday lahzalari bilan ham qiziq bo‘ladi. Agar futbolda hamma imkoniyatlar golga aylanganida 2:2 emas, balki katta natija yuzaga kelgan bo‘lardi.

- Zahiradan maydonga tushganlar to‘g‘ri bo‘ldimi va qanchalik o‘yinga kirishib keta oldilar?
- Zahiradan tushganlar yomon bo‘lmadi, o‘yinga yaxshi qo‘shilib ketishdi, deb o‘ylayman. Bo‘riyev, Mozgovoy, Jiyanovlar chakki emas. Akmal uchrashuv oxirlarida maydonga tushdi. Bo‘riyev ham o‘rtada yaxshi o‘ynadi.

- Eron bizdan cho‘chib o‘ynadi, shunday emasmi?
- Albatta, Eron bizdan cho‘chib o‘ynadi. Shuning uchun ham biz boshida gol urdik. 1:1 dan keyin darhol ikkinchi golni kiritdik. Eron himoyada pala-partish o‘ynadi.

- Alamli durangmi yoki...
- Alamli durang bo‘ldi, deb o‘ylayman. Nimaga deganda, bugun ikki marta hisobda oldinda bordik. Eron durang o‘ynaganidan xursand. Biz g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Bu futbol. Durang ham yomon emas. Ammo yutganimizda yaxshiroq bo‘lardi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport