01:22 / 29.03.2025
3 205

Futbolda yangi qoidalar: 2025/26 mavsumida nimalar o‘zgaradi?

Futbolda yangi qoidalar: 2025/26 mavsumida nimalar o‘zgaradi?
Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi (IFAB) 2025/26 yilgi mavsumdan boshlab futbolda yangi qoidalarni joriy etishga qaror qildi. Ushbu o‘zgartishlar o‘yin tartibini yanada yaxshilash, hakamlik qarorlarini odilona va ravon qabul qilish hamda futbolchilarning harakatlarini qonuniylashtirish maqsadida kiritilgan. Quyida shu yangi qoidalar bilan tanishib chiqamiz.

1. Darvozabon uchun yangi cheklovlar

Yangi mavsumdan boshlab, agar darvozabon to‘pni qo‘lida 8 soniyadan ortiq ushlab tursa, bosh hakam ushbu holatni qoidabuzarlik sifatida qabul qiladi va raqib jamoaga burchak zarbasi belgilanadi. Bu jarayon quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
  • Bosh hakam qo‘lini ko‘targan holda 5 soniya sanaydi.
  • Sanoq darvozabon to‘pni to‘liq nazoratiga olgan paytdan boshlanadi.
  • Agar darvozabon bu qoidabuzarlikni qayta takrorlasa, unga sariq kartochka beriladi.
  • Burchak zarbasi darvozabon qoidani buzgan nuqtaga eng yaqin burchakdan amalga oshiriladi.

2. Faqat sardor hakam bilan gaplasha oladi

Bosh hakamlar bilan faqat jamoa sardorlari muloqot qila olishi mumkin. Bu qoida maydondagi tartibni saqlash va hakamlarga bo‘lgan bosimni kamaytirish maqsadida joriy etilgan.

3. To‘pni o‘yinga qayta kiritish qoidalariga o‘zgarishlar

Yangi mavsumdan boshlab, agar o‘yin jarima maydoni ichida to‘xtasa, to‘p himoyalanayotgan jamoa darvozaboniga beriladi. Agar jarima maydoni tashqarisida to‘xtasa:
  • To‘p o‘yin to‘xtatilgan paytda qaysi jamoada bo‘lsa, o‘sha jamoaga beriladi.
  • Agar bosh hakam buni aniqlashga qiynalsa, to‘p so‘nggi marta kimga tekkan bo‘lsa, o‘sha jamoa unga egalik qiladi.

4. Maydon tashqarisidagi shaxslar to‘pga aralashsa, erkin zarba beriladi

Agar murabbiylar shtabi a’zosi, zahiradagi yoki chetlatilgan futbolchi maydondan chiqib ketayotgan to‘pga tegsa yoki ataylab unga ta’sir o‘tkazsa, raqib jamoa zarariga erkin zarba belgilanadi. Bu qoida muxlislar tomonidan kuzatilgan ba’zi holatlarning oldini olish uchun kiritildi.

5. Offsayd qoidasiga aniqlik kiritildi

Darvozabon to‘pni qo‘li bilan otib bergandagi offsayd holatida, to‘p oxirgi marta kontakt bo‘lgan nuqta hisobga olinadi. Bu esa offsaydni aniqlashda hakamlar uchun ishni ancha osonlashtiradi.

6. Videotakrorlardan keyingi qarorlarni muxlislarga e’lon qilish

Endi turnir tashkilotchilari hakamlardan VAR yoki uzoq vaqtli videotekshiruvlardan keyin chiqarilgan qarorlarni muxlislarga ovoz chiqargan holda e’lon qilishni talab qila olishadi. Bu esa tomoshabinlarga hakamlik qarorlarini tushunishni yengillashtiradi.

Futboldagi ushbu o‘zgarishlar o‘yinni yanada qonuniy va tartibli qilishga qaratilgan. Ayniqsa, darvozabonlarning to‘pni uzoq ushlab turishi, hakamlar bilan muloqot qoidalari va offsaydni aniqlash borasidagi o‘zgarishlar muxlislar va futbolchilar uchun muhim yangilik bo‘ladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport