
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Rossiyaning SSKA klubi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayevga Turkiyaning eng qudratli klublaridan biri “Galatasaroy” jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda xalqaro sport nashrlari xabar tarqatmoqda.
Turk klubi Fayzullayevni Dris Mertensning o‘rniga ko‘rmoqda
Mashhur rossiyalik futbol tahlilchisi, Rossiya terma jamoasining sobiq a’zosi Dmitriy Sennikovning ta’kidlashicha, “Galatasaroy” Abbosbek Fayzullayevni Belgiyaning tajribali futbolchisi Dris Mertensning o‘rniga jamoaga olib kelmoqchi. Buning asosiy sababi – ikki futbolchining o‘yin uslubidagi o‘xshashlikdir.
“Fayzullayevning texnik mahorati yuqori. U dribling, raqibni aldab o‘tish, aniq zarbalar yo‘llash, maydonni yaxshi ko‘ra olish va xavfli vaziyatlar yaratish qobiliyati bilan ajralib turadi”, – deydi Sennikov.
37 yoshli Dris Mertens joriy mavsumda 42 ta uchrashuvda 5 ta gol va 18 ta assist qayd etgan. Biroq uning shartnomasi 30 iyun kuni tugaydi, va “Galatasaroy” uning o‘rniga yosh va iqtidorli futbolchi Fayzullayevni olishni rejalashtirmoqda.
SSKAdagi yangi taktika futbolchining o‘yiniga ta’sir qilmoqda
Qishki tanaffusdan so‘ng SSKA bosh murabbiyi Marko Nikolich jamoaning o‘yin uslubini o‘zgartirdi, bu esa Fayzullayevning o‘yiniga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.
Yangi sxema bo‘yicha u o‘zining odatiy qanot hujumchisi pozitsiyasidan markazga siljitildi. Bu esa unga hujum tashkil qilish imkoniyatlarini cheklamoqda va katta kuch sarflashni talab qilmoqda. Shuning uchun ham SSKAning ba’zi o‘yinlarida Fayzullayev to‘liq maydonga tushmayapti.
Fayzullayevning terma jamoadagi ajoyib o‘yini “Galatasaroy”ni hayratda qoldirdi
Abbosbek Fayzullayev O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘zining qanot hujumchisi vazifasini a’lo darajada uddaladi. U Qirg‘iziston va Eronga qarshi o‘yinlarda samarali harakat qildi:
- Qirg‘izistonga qarshi o‘yinda foydalik assist berdi,
- Eronga qarshi o‘yinda esa ajoyib jarima zarbasi bilan gol urdi.
Bu o‘yinlar “Galatasaroy” rahbariyatini Fayzullayevga jiddiy e’tibor qaratishga undadi. Chunki u Markaziy yarim himoyachi, chap qanot hujumchisi va forvard sifatida o‘ynay oladi – xuddi Dris Mertens kabi.
Fayzullayev Turkiyaga yo‘l oladimi?
Hozircha “Galatasaroy” Fayzullayev bo‘yicha rasmiy taklif bilan chiqmagan, ammo turk klubi uni o‘z tarkibiga qo‘shib olishni juda xohlayapti. Agar muzokaralar ijobiy yakunlansa, O‘zbekistonlik futbolchi Yevropaning kuchli klublaridan birida o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Transfer masalasi yaqin haftalarda aniqlashishi mumkin. Agar kelishuv amalga oshsa, Fayzullayev “Galatasaroy” tarixidagi ilk o‘zbekistonlik futbolchiga aylanadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar