
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Oston O‘runov yana Yevropa ligalaridan biriga yo‘l olishi mumkin.
Ma’lumki, iste’dodli o‘yinchimiz 2020 yili Rossiya Premer-ligasida “Ufa”, “Spartak” va “Ural” kabi jamoalarda to‘p tepgan, biroq legioner sifatidagi ilk tajribasi muvaffaqiyatli chiqmagan edi.
Keyinchalik yurtimizda qisqa muddat o‘ynab, Osiyoning eng kuchli ligalaridan hisoblangan Eron chempionatiga yo‘l olgandi. Bir yildan beri “Persepolis” sharafini himoya qilib kelayotgan O‘runov bugungi kunda fors diyorida eng zo‘r o‘yinchilardan hisoblanadi va xorij klublari e’tiborini o‘ziga qaratmoqda.
Eron matbuoti, xususan, Spor Tazan nashrining yozishicha, o‘zbek futbolchisiga Turkiya Superligasining eng nomdor klublaridan “Beshiktosh” jiddiy qiziqish bildirmoqda.
- “Persepolis”ning yosh yulduzi Oston O‘runov “Beshiktosh” e’tiborini o‘ziga qaratdi. Biroq bir muammo ham bor. Agar uning jarohati davom etmasa, turkiyaliklar albatta “Persepolis”ga o‘yinchi bo‘yicha taklif yuboradi.
Biroq bu transfer yo‘lidagi eng katta to‘siq “Persepolis” bosh murabbiyi Ismoil Kartal hisoblanadi. Bu mutaxassis Ostonning o‘yin uslubi muxlisidir, - deb yozmoqda Spor Tazan nashri.
Ta’kidlash joizki, Oston O‘runov joriy mavsum Eron chempionatida jarohat bois 14 ta uchrashuv, ya’ni uch oyni o‘tkazib yubordi. Klub bilan yangi shartnoma imzolanganidan keyin o‘zbek futbolchisi tushib qolgan holat rahbariyatni bezovta qila boshladi.
Ayrim ekspertlar O‘runovning ko‘p jarohat olishiga avvalgi bosh murabbiy Xuan Kalos Garrido tashabbusi bilan ish jarayoniga kiritilgan og‘ir mashg‘ulotlar sabab bo‘lganini ta’kidlayapti.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchisi jismoniy holatida kamchiliklar bo‘lgani tufayli 2026 yilgi jahon chempionatining saralash turniri doirasida mart oyidagi Qirg‘iziston va Eronga qarshi uchrashuvlarda maydonga tusha olmadi.
Shuning barobarida, ayrim manbalar Oston O‘runov jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lib, “Persepolis”ning umumiy mashg‘ulotlarida qatnasha boshlagani haqida xabar tarqatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 24 yoshli Oston O‘runov “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq professional faoliyatini 2017 yili “Navbahor” jamoasida boshlagan va futbolchi sifatida aynan mana shu klubda shakllangan.
Keyinchalik iste’dodli o‘yinchi Toshkentning “Lokomotiv” jamoasiga yo‘l oldi. Bu jamoa safida atigi 13 ta uchrashuvda ishtirok etganidan keyin 2020 yili Rossiya Premer-ligasi vakili “Ufa” uni o‘z safiga qo‘shib oldi.
Rossiyadagi faoliyatini yuqori darajada boshlagan Oston O‘runov Premer-liga grandlari orasida talash bo‘ldi va kelajagini Moskvaning “Spartak” jamoasi bilan bog‘ladi. O‘runovning “Spartak”ga o‘tishida rol o‘ynagan mutasaddilar va mashhur klub rahbarlarining o‘zaro ziddiyatlari, futbolga bog‘liq bo‘lmagan jarayonlar legionerimizga bu jamoada o‘zini ko‘rsatish imkonini bermadi.
O‘runov “Ufa”ga qaytishga va keyin “Ural” safiga o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Biroq hamyurtimiz bu jamoalarda ham o‘zini ko‘rsata olmadi.
Buning oqibatida ma’lum muddat qadrdon “Navbahor”ga qaytdi. Oston 2024 yilning boshida Namangandan “Persepolis”ga yo‘l oldi. Qisqa fursatda jamoa yetakchisiga aylangan legionerimiz muhim gollari bilan jamoasining chempionatda g‘olib chiqishiga hissa qo‘shdi.
Endi legionerimiz faoliyatida yana o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda. Oston O‘runov atrofidagi vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib boramiz... “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar