date
views 4 553

Shahram G‘iyosov navbatdagi raqibini nokautga uchratdi (video)

Shahram G‘iyosov navbatdagi raqibini nokautga uchratdi (video)
O‘zbekistonlik professional bokschi Shahram G‘iyosov (17−0, 10 KO) 13 aprelga o‘tar kechasi Atlantik-Sitida o‘tkazilgan jangda argentinalik Franko Maksimiliano Okampo (17−3, 8 KO) ustidan g‘alaba qozondi. U bu orqali yarim o‘rta vazn toifasida (-66,7 kg) WBA chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar maqomini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Argentinalik bokschi birinchi raundda faol harakatlanib, qarshi hujumlar uyushtirdi, joylashuvini tez-tez o‘zgartirgan holda yaxshi himoyalandi. Ammo birinchi raund so‘nggida G‘iyosov chap qo‘lda huk zarbasini yo‘llab, hujumni davom ettirdi va raqibni nokdaun holatiga tushirdi. Okampo o‘rnidan ko‘tarilib, jangni davom ettirdi, ammo navbatdagi hujumlarni ham o‘tkazib yubordi, faqat bong chalinishi uni qutqarib qoldi.

Keyingi raundlarda o‘zbekistonlik bokschi jangni yakunlab qo‘yishga shoshilmadi va tartib bilan harakatlanishda davom etdi. To‘rtinchi raundda esa ishni tugatishga qaror qildi: o‘ng qo‘ldagi kuchli zarba raqibning jigar qismiga aniq bordi va Okampo tiz cho‘kib qolib, jangni davom ettira olmaydigan bo‘ldi. 10 raundga mo‘ljallangan jang 4-raunddayoq nihoyalandi.

Shunday qilib, G‘iyosov professional boksdagi 17-jangida 17-g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Shundan 10 tasida nokaut qayd etilgan.

Endi Shahram G‘iyosov Jaron Ennis – Eymanton Staniosis to‘qnashuvi g‘olibiga qarshi WBA va IBF kamari uchun jang o‘tkazadi.

Okampoga qarshi jangdan keyingi intervyu vaqtida oilasidagi fojia bilan bog‘liq savol berilganda o‘zbekistonlik bokschi yig‘lab yubordi va qiziga jahon chempioni bo‘lishga va’da berganini, imkon berilsa, bu ishni uddalashga harakat qilishini aytdi.
«Men uchun bu juda, juda, juda og‘ir bo‘ldi. Bu qiyin [mashg‘ulot] lageri edi, chunki men qizimni yo‘qotdim. U meni ko‘rib turibdi. U hozir menga qarab turibdi. U meni duo qilyapti. Men unga va’da berganman... Men jahon chempioni bo‘lishni xohlayman. Men uni sevaman», – dedi u ko‘zlariga yosh olib.

G‘iyosov, shuningdek, uning chiqishi nafaqat sportdagi muvaffaqiyat, balki shaxsiy va’dasining bajarilishi ekanini ta’kidladi: «Bu jang – qizim uchun. Bu g‘alaba uning uchun. Keyingi jang... Qizimga va’da beraman – jahon chempioni bo‘laman. U menga ishonardi. Men shunday qildim. Men buni bilaman. Menga imkoniyat bering va men buni qilaman».

G‘iyosov muvaffaqiyat jamoaning uyushqoqlik bilan ishlashi natijasi ekanligini ta’kidladi: «Jamoa bilan astoydil ishladik. Bizda haqiqiy o‘quv-mashg‘ulot lageri bor edi. Biz tana bilan ko‘p ishladik, tanaga zarbalar va nokaut uchun kombinatsiyalarga urg‘u berdik. Va biz buni uddaladik – biz buni qildik».

19 mart kuni Shahram G‘iyosovning 2 yoshli qizi vafot etgandi. Oldinroq u bu jangini marhum qiziga bag‘ishlashi haqida gapirgandi. «Albatta, uning vafoti qayg‘uli. Uni juda yaxshi ko‘rardim, uni hamon sog‘inyapman. Qizimga va ota-onamga chempion bo‘laman deb va’da berganman», – degandi o‘zbekistonlik bokschi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport